O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi “Piyozchilik” mahallasida bo‘ldi.



Mahallaning ayrim yerlari bir vaqtlar qarovsiz holda bo‘lgan. Ammo tuman hokimi tashabbusi bilan bu hududda yangi imkoniyatlar yaratildi. Xususan, 2 ta 12 metrlik yengil konstruksiyali konteyner o‘rnatildi. Bu maskanda tadbirkor O‘g‘iloy Nabiyeva o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, 20 nafar qizlarni ish bilan ta’minladi. Hozirda bu yerda 17 turdagi qo‘vma ayol va qizlar kiyimlari tikilmoqda. Shu bilan birga, 30 ta oila kasanachilik asosida ish yuritib, o‘z daromad manbaiga ega bo‘lgan. Shuningdek, qo‘mita raisi mahalladagi Nigora Mahmudova faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. U qandolatchilik va pishiriqchilik sohasida tajribali mutaxassis hisoblanadi. Avvalroq uning pishiriq tayyorlash uchun maxsus maskani yo‘q edi. Toshloq tumani hokimligi ko‘magi bilan qarovsiz holda turgan norasmiy masjid unga ajratib berildi. Natijada Nigora Mahmudova 30 ga yaqin qiz va ayolni ish bilan ta’minladi, shuningdek, sohaga qiziqqan yoshlarga ham o‘quv mashg‘ulotlari o‘tmoqda. Mahallada yana bir qarovsiz masjid bor edi. Toshloq tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi ko‘magida bu yer tadbirkor Gulhayo Ortiqova ixtiyoriga topshirildi. U bugungi kunda 20 nafar ayolni ish bilan ta’minlab kelmoqda. Zulayho Mahkamova uning faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Bundan tashqari, Piyozchilik MFY, Muhandis ko‘chasida istiqomat qiluvchi Ominaxon To‘xtasinova faoliyati ham qo‘mita raisi e’tiborida bo‘ldi. Uning rahbarligida hozirda 30 nafar ayol doimiy ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, 21 ta oila kasanachilik asosida mehnat qilmoqda. Ayollar asosan oyoq kiyim ishlab chiqaradi va mahsulotlar qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinayotgani alohida e’tirof etildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!










