Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Toshloqliklar bayramni ko‘tarinki kayfiyatda qarshi olmoqda
2022-08-17 20:13:48 217
Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidagi 54 ta MFYda ayni damda 211 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tuman markazi – Toshloq shaharchasining zamonaviy me’morchilik an’analari asosida tobora muhtasham qiyofa kasb etayotgani quvonarlidir. Bir paytning o‘zida sharqona, jahon andozalariga mos ko‘rinishga ega qurilish-bunyodkorlik ishlarining asosiy tashabbuskori esa mahalliy tadbirkorlar bo‘lmoqda.
Tumanning Qalacha mahallasida hunarmandchilik va kosibchilik rivojlangan bo‘lsa, Varzak va Arabmozorda issiqxona tashkil etish, tomorqadan foydalanish qoyilmaqom darajada ommalashdi. Zarkent, Sadda, Yangiyo‘l mahallalarida sanoat, tikuvchilik, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari kengayib bormoqda.
Toshloqda eng ulug‘, eng aziz bayram – istiqlolimizning 31 yillik qutlug‘ shodiyonasiga munosib tayyorgarlik ko‘rish asnosida o‘nlab tadbirkorlik sub’yektlari, xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari, zamonaviy korxonalar foydalanishga topshirilyapti.
Loyiha qiymati 2 million AQSH dollari bo‘lgan «Aziya sino» Xitoy O‘zbekiston qo‘shma korxonasi shulardan biri.
— Bu yerda kuniga 120-150 tonna sifatli qurilish xom ashyosi – ohak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, — deydi «Aziya sino» qo‘shma korxonasi rahbari Abduxalil Shokirov. — Mahsulotlarimizni asosan ichki bozorga yetkazib berish, shuningdek, qo‘shni respublikalarga eksport qilish rejalashtirilgan.
Bayram arafasida tumandagi «Yoshlik» kichik sanoat zonasida muzqaymoq ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi korxona o‘z faoliyatini boshladi.
— «Mohim» brendi ostida 6 turdagi muzqaymoqlar, keng assortimentdagi qandolat mahsulotlarini viloyat bo‘ylab tarqatamiz, — deydi «Ays milk tif» MCHJ rahbari Fazliddin Dadajonov. — Loyiha qiymati 587 ming AQSH dollari bo‘lgan tashabbus doirasida 30 ta muqim ish o‘rni yaratildi.
Tumanning «Kelajak» kichik sanoat zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan “EGG BOX«korxonasida 350 tadan tortib 2 yarim ming donagacha jo‘ja ochirishga mo‘ljallangan inkubatoriylar ishlab chiqarilmoqda.
Jahon tajribasiga asoslangan noyob loyiha doirasida korxonada yiliga 5 mingta inkubatoriylar ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Ayni paytda korxona mahsulotlari mamlakatimiz hududlariga yetkazib berilmoqda. Qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalaridan ham buyurtmalar bor.
— Asosiy maqsad parradanchilikni rivojlantirishga hissa qo‘shishdir,-deydi korxona rahbari Muhammadjon Mahmudov. — Shu maqsadda yaqin istiqbolda parrandachilik tarmog‘i uchun qo‘shimcha jihozlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihalarni amalga oshirish harakatidamiz.
Darvoqe, shu kunlarda tumanning barcha mahallalarida «Mustaqillik oqshomlari» nomli ma’naviy-ma’rifiy dasturlar tashkil etilib, dorilmon kunlar shukronasiga bag‘ishlangan uch avlod uchrashuvlari, konsert dasturlari o‘tkazilayotgani toshloqliklarga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda.
Botir Madiyorov, «Xalq so‘zi».