Shu yilning 20 yanvar kuni maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha davlatimiz rahbari boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotgani tanqid qilindi. Bu borada o‘quvchi-yoshlarga maktabda kamida ikkita xorijiy til hamda bitta kasb-hunar o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘yish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilandi.Ayni kunlarda Toshloq tumanida umumta’lim maktablarida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga jiddiy ahamiyat qaratilayotgani e’tiborga sazovordir.
-Hozirgi kunda bilim dargohida 660 nafar kelajagimiz vorislari o‘qimoqda,-deydi tumandagi 18-umumta’lim maktabi direktori Mohida Jo‘rayeva. – O‘quvchilar darsdan so‘ng duradgorlik, chevarchilik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan kasblarni o‘rganishyapti.Ta’lim muassasasi joylashgan “Nayman” MFYdagi eshik-rom yasovchi ustalar, shirinliklar pishiruvchi qandolatchilar bilan kelishgan holda ularni maktabdagi amaliy mashg‘ulotlarga jalb etishni rejalashtiryapmiz. Qizlar uchun hamshiralik ishi kurslarini tashkil etish ham ko‘zda tutilmoqda.
“Yuqori qishloq” MFYdagi 42-umumta’lim maktabida 316 nafar o‘g‘il-qizlarimiz tahsil olayotgan bo‘lsa, hunarmandchilik yo‘nalishida bir necha kasblarni o‘rgatishga kirishildi. Buning uchun mahalladagi katta hayotiy tajribaga ega hunarmandlar jalb etildi.