Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
MAHALLALARGA OBI-HAYOT KIRMOQDA
2023-04-03 17:14:32 262
Xabaringiz bor, 2022 yil 25 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-408-sonli qarori qabul qilingan edi. Mazkur qarorga muvofiq, viloyatimiz mahallalarida infratuzilma bilan bog‘liq ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minotini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’yektlarini ta’mirlash masalalari bo‘yicha ko‘plab bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Toshloq tumanida ham qaror ijrosini ta’minlash asosida tuman aholisini ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan ayrim muammolar o‘z yechimini topmoqda. Jumladan, tumandagi “Xonariq” MFYda 1,8 km ichimlik suv tarmog‘i tortildi, 1 dona suv inshooti o‘rnatildi.
Shuningdek, “Yakkovut” MFY hududida 1,5 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, ayni paytda suv qudug‘i qazish ishlari bajarildi. Bundan tashqari, tumandagi “Sadda”, “So‘kchilik”, “Zarkent”, “Xo‘jaariq”, “Ucholish”, “Quyi-yakkatut” “Soy-bo‘yi”, “Chek”, “Nayman”, “Xotinqumi”, “Guzarboshi”, “Qanjirg‘a” kabi MFYlar hududlarida ham yangi suv qudug‘i qazish, suv minorasi, suv nasosi o‘rnatish ishlar jadal sur’atda olib borilmoqda.
Ayni kunlarda tumanning boshqa hududlarida ham ana shunday ezgu ishlar olib borilmoqda. “Qanjirg‘a” MFY hududi aholisi bugun yuqori kayfiyatda. Sababi necha yillardan buyon orziqib kutishayotgan obi-hayot mahallaga kirmoqda. Mahalla hududida yangi suv qudug‘i qazish, suv minorasi, transformator o‘rnatish va 5,6 km suv tarmog‘i tortish rejalashtirilgan edi. Bugungi kunda esa 1 dona suv qudug‘i qazilib, aholiga 5 km masofada toza ichimlik suvi tortildi.
– Har bir xonadonga toza ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, suv jo‘mraklari o‘rnatilar ekan, deyishsa, to‘g‘risi, ishonmagan edik, – deydi “Qanjirg‘a” MFY hududida istiqomat qiluvchi Ulug‘bek Nishonov. – Mana, ko‘z o‘ngimizda suv qudug‘i qazilib, ko‘chalar bo‘ylab suv tarmoqlari tortilyapti. Endi har bir xonadonga toza ichimlik suvi kirib boryapti. Eng asosiysi, suvni uzoqdan tashib kelish kabi muammoli yumush yo‘qoldi. Barchasi uchun, avvalo, odilona siyosat olib borayotgan muhtaram Prezidentimizga hamda shu ishlarning ustida turib, bajarayotgan mutasaddilarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.