Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
TOSHLOQ TUMANIDA JURNALIST VA BLOGERLAR UCHUN PRESS-TUR VA MATBUOT ANJUMANI O‘TKAZILDI
2023-11-03 16:52:01 224
Bugun Toshloq tumanida Farg‘ona viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamkorligidagi media-rejaga asosan, press-tur hamda matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Toshloq tumanida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida o‘tkazilgan press-turda tuman markazida yangi foydalanishga topshirigan ko‘p tarmoqli shifoxona faoliyati tanishtirildi.
Unda, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, “Yangi O‘zbekiston”, “Yangi Farg‘ona”, “Farg‘ona haqiqati” gazetalari hamda Farg‘ona MTRK, “Ruxsor” telekanallarining muxbirlari va blogerlar ishtirok etdilar.
Dastlab, press-turda OAV vakillari Tibbiyot birlashmasiga qarashli 5 qavatli, 175 o‘rin-joyga ega bo‘lgan yangi bino haqida ma’lumotlar oldilar. Ta’kidlandiki, 22,6 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, barpo etilgan binoda klinik davolash bo‘limlarining ishga tushishi natijasida tumandagi 214 ming nafardan ziyod aholiga tibbiy xizmat sifati yaxshilandi.
Tibbiyot binosida qabul-diagnostika, reanimatsiya, tug‘ruqxona bo‘limi, xirurgiya hamda terapiya bo‘limlari mavjud bo‘lib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Bemorlarni tashxislash uchun raqamli rentgen, zamonaviy UTT apparati, gastrofibroskop, EKG apparatlari o‘rnatilgan. Press-tur ishtirokchilari bemorlarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda zamonaviy tibbiy jihozlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng, jurnalist va blogerlar "Tashabbusli byudjet" loyihasiga ko‘ra ta’mirdan chiqarilgan 54-oilaviy poliklinika binosida bo‘ldilar. Ta’kidlash o‘rinliki, “Quyi Yakkatut” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 54-oilaviy poliklinika binosi 1989 yilda qurilgan bo‘lib, ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. 19304 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan ushbu oilaviy poliklinika tashabbusli byudjet natijasida to‘liq ta’mirdan chiqarilib barcha sharoitlarga ega bo‘ldi. Ta’mirlash ishlari uchun 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratildi. Yaqin kunlarda zamonaviy hamda barcha sharoitlarga ega oilaviy poliklinika aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
Shu kuni media-rejaga asosan matbuot anjumani ham o‘tkazildi. Unda tuman hokimi o‘rinbosari Elmurodxon Madaminov OAV vakillariga Toshloq tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ko‘rsatilayotgan yordamlar hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumotlar berib o‘tdi. Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.