Shrift o'lchami Rang Rasm

www.toshloq.uz


<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 17 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi


TOSHLOQ TARIXIDAN LAVHALAR: QADIMGI TOSHLOQ

 2018-05-19 17:38:57    506

PDF yuklash
Chop etish


      Toshloq nomi tosh so’ziga o’zakdan anglashiladigan predmet,  narsaning mo’lligini, ko’pligini bildiradigan o’rin-joy oti  yasovchi – loq qo’shimchasini qo’shish orqali yasalgan. Toshloq – toshli, toshi ko’p, sertosh yerlarda vujudga kelgan, tashkil  topgan qishloq ma’nosini ifoda qiladi. Avval qishloq nomi  sifatida shakllangan Toshloq toponomi keyinchalik tuman nomiga  ko’chgan. 

      Toshloq nomi bilan yuritiluvchi joy nomlari yurtimizda oz emas. Andijon viloyatining Qo’rg’ontepa, Izboskan, Andijon,  Jalolquduq, Baliqchi, Namangan viloyatining Uychi, Yangiqo’rg’on,  Norin, Kosonsoy, To’raqo’rg’on, Farg’ona viloyatining Qo’shtepa, Toshkent viloyatining Bo’ka, Quyi Chirchiq tumanlarida Toshloq  nomida qishloq va mahallalar mavjud.

       Qo’qon xonligi arxiviga doir hujjatlarda Toshloq  nomi bilan tilga olinadi. Mazkur hujjatlar turli mazmunda bo’lib, ularning ayrimlarida 1872-1874 yillar davomida Toshloq bozorini rivojlantirish uchun do’konlar, karvonsaroylar barpo etilganligi hamda Toshloqda Sodiqbek o’rdasi va qozixona qurilishi xususida ma’lumotlar uchraydi. Bundan tashqari  Toshloqqa doir hujjatlarning birida qiziq ma’lumot keltiriladi. Unga ko’ra, Toshloqdagi o’rdada ayiq saqlangan va bu ayiq zanjirini uzib yuborganligi uchun Muhammad Ali ismli  shaxs Marg’ilon begi Sulton Murodbek  nomiga Toshloq o’rdasidagi ayiqni ushlab turish uchun yo’g’onroq pishiq zanjir berishlarini  so’rab murojaat qiladi. Shuningdek, Toshloqdan kelgan mehmonlarni xon saroyida qay tarzda iltifotlar  ko’rsatilganligi ham hujjatlarning birida o’z ifodasini topgan.

Ma’lumotlarga ko’ra, Toshloq markazi hududida XX asrning boshlarida marg’ilonlik boy savdogar Muhammad Karimbek (Madkarimbek) tomonidan barpo etilgan madrasa ham mavjud  bo’lgan. Bu haqda Muhammad Aziz Marg’iloniy «Tarixi Aziziy» nomli kitobida jumladan quyidagilarni keltiradi: «Muhammad Karimbek otlig’ savdogar odam bor edi. Toshloq  mahallasida bir yaxshi xishtdan madrasa bino qilib ketti».

      1909 yili Farg’ona shahrida (o’sha vaqtda Skobelev nomi bilan yuritilgan – mualliflar) chop etilgan «Farg’ona viloyatining  aholi yashashdigan joylar ro’yxati» nomli kitobdagi ma’lumotlarga ko’ra bu vaqtda Toshloq qishloq sifatida Marg’ilon uezdining Marg’ilon volost (bo’lis)i tarkibiga kirgan bo’lib, unda  jami 1739 nafar aholi istiqomat qilgan.


 N.Abdulahatov, I.To’xtaboevlarni “Toshloq tarixidan lavhalar” kitobidan olindi.