Shrift o'lchami Rang Rasm

www.toshloq.uz


<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 20 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi


ERKIN VA ADOLATLI SAYLOVLAR – DEMOKRATIYANING MUHIM BELGISI

 2019-11-25 17:29:19    311

PDF yuklash
Chop etish


O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga muvofiq O’zbekiston– suveren demokratik respublika. Demokratik respublika boshqaruv shaklini tanlagan mamlakatlarda xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai hisoblanib, davlat hokimiyati organlari davriy asosda o’tkaziladigan saylovlar orqali shakllantiriladi.

Saylov bu – davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekanliklarini ta’minlovchi qadriyatdir.

Saylov – fuqarolarni tanlash hamda o’tgan davr mobaynida o’tkazilgan islohotlarga munosabat bildirish imkoniyati, davlat hokimiyati organlarini shakllantirish vositasi, saylov natijasida kelgusidagi mamlakat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo’nalishlari aniq bo’ladi.

Tarixdan ma’lumki tanlov, raqobat imkoniyati bo’lmagan joyda erkin va adolatli saylov bo’lishi mumkin emas. Shuning uchun ham xalqaro hujjatlarda davlatlar erkin va adolatli, barcha uchun teng sharoitlar yaratilgan, ochiq va oshkora saylov o’tkazish majburiyatini o’z zimmalariga olgan.

Saylovlarni o’tkazish demokratiya qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni o’zaro bog’liqligiga tayanadi. Qonun ustuvor bo’lmagan jamiyatda inson huquqi ham, xalq hokimiyatchiligi ham bo’lmaydi.

Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Insoniylik mezonlari bo’yicha konferentsiyasining Kopengagen kengashi hujjatida davlatlar insonlarning erkin saylovlar va qonun ustunligi asosida demokratik jamiyat qurish haqida umumiy qarorga kelganliklarini ma’qullashlari belgilangan.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida saylovlar oqilona muddat bo’lmish – har besh yilda o’tkazilishi, fuqarolarning xohish-irodasi erkin bildirilishi kafolatlab qo’yilgan. Ovoz berish huquqi, o’z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

Kopengagen hujjatining 6-bandiga ko’ra, davlatlar o’z fuqarolarining bevosita yoki haqiqiy saylov jarayonida o’zlari erkin saylaydigan vakillar orqali mamlakatni boshqarishda qatnashish huquqlarini hurmat qiladilar.

Mamlakatimiz Asosiy qonuniga ko’ra fuqarolar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar.

“Siyosiy partiyalar to’g’risida”gi Qonun 4-moddasiga ko’ra mamlakatimizda fuqarolarning siyosiy yoki davlat lavozimlariga erishishda partiyaga a’zoligi bo’yicha ustunlik yoki cheklash amalga oshirilmaydi.

Bu yilgi saylovlarning avvalgi saylovlardan farqli jihati shundaki, davlat chet eldagi fuqarolarimizning saylov huquqlarini kafolatlab, saylovchilarni oldindan elektron ro’yxatdan o’rin olishi uchun htt’://saylov.mfa.uz/ orqali  murojaat qilish  imkoniyatini yaratdi. Agar avvallari chet elda yashayotgan fuqarolarimizni faqat konsulllik hisobida turganlarigina ovoz berish huquqiga ega bo’lsalar, endilikda xorijda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan fuqarolar, ularning murojaatlariga asosan xorijdagi saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro’yxatiga kiritiladi.

Kopengagen hujjatining 7.2-bandiga ko’ra davlatlar milliy qonun chiqaruvchi organning hech bo’lmasa bir palatasidagi hamma mandatlar umumxalq saylovi jarayonida nomzodlar erkin tortishuvining ob’ekti bo’lishiga yo’l qo’yadilar, katta yoshdagi fuqarolarga umumiy va teng saylov huquqini kafolatlaydilar.

Saylov kodeksiga ko’ra Oliy Majlis Qonunchilik palatasining barcha, ya’ni bir yuz ellik deputati umumxalq saylovi asosida to’g’ridan-to’g’ri saylovlarda, ko’ppartiyaviylik asosida fuqarolar tomonidan bevosita saylanadilar.

Saylov kuni 18 yoshga to’lgan barcha fuqarolar saylash huquqiga ega bo’lib, fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg’ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadirlar.

Birgina gender masalasiga to’xtaladigan bo’lsak, bu yilgi saylovlarda ko’rsatilgan 750 nomzodning 310 nafari yoki 41,3 foizi xotin-qizlardir. Bu 2014 yilning dekabrida o’tgan parlament saylovlaridagidan qariyb 10 foiz (31,8) ko’pdir. Nomzodlar safida yosh, navqiron avlod vakillari ilgargiga nisbatan sezilarli darajada ko’paygan. 25-40 yoshlar orasidagilar  – 32,2  foizni tashkil qiladi.

Saylov kodeksimizga asosan avval qonunchiligimizda bo’lmagan imkoniyat, ya’ni ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan va uncha og’ir bo’lmagan jinoyat sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo’ldilar.

Kopengagen hujjatining 7.4-bandiga ko’ra har bir mamlakat ovoz berish yashirin o’tkazilishini yoki erkin ovoz berishga teng keladigan tartibot qo’llanilishini va ovozlarni hisoblash hamda bu haqdagi axborot haqqoniy bo’lishini, uning rasmiy yakunlari esa matbuotda e’lon qilinishini ta’minlaydi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida saylov yashirin ovoz berish orqali o’tkazilishi, saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo’l qo’yilmasligi, yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanishi kafolatlab qo’yilgan.

Saylovchi saylov byulletenini olgach, uni yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to’ldiradi. Saylov byulletenini to’ldirish chog’ida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir bo’lishi taqiqlanadi.

Buning uchun uchastka saylov komissiyasi ovoz berish binolarida yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlanishini ta’minlaydi. Kuzatuvchilar saylov uchastkasida hozir bo’lib, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini kuzatish orqali jamoatchilik nazoratini ta’minlashlari mumkin.

Saylovchining turgan joyida ovoz berishida ham saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishi ta’minlanadi.

Kodeksda ovozlarni hisoblash bo’yicha har bir harakatni amalga oshirish tartibi aniq belgilab qo’yilganligi, kollegial tarzda, ochiq va oshkora qaror qabul qilinishi, bayonnoma o’qib eshittirilishi hamda uning ko’chirma nusxasi uchastka saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qo’yilishi, siyosiy partiyaning vakolatli vakili, kuzatuvchilar bayonnomaning tasdiqlangan ko’chirma nusxasini olishga haqli ekanligi, saylov yakunlariga ko’ra Markaziy saylov komissiyasining qarori saylovdan keyin o’n kundan kechiktirmay qabul qilinishi belgilab qo’yilgani, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda e’lon qilinishini ovozlarni hisoblash hamda bu haqdagi axborot haqqoniy bo’lishini kafolati sifatida keltirib o’tish mumkin.

Saylov kodeksida ko’zda tutilgan Saylovchilarning yagona elektron ro’yxati bir saylovchining ikki marta ovoz berish holatlarini oldini olish, saylov uchastkalariga tegishliligi bo’yicha saylovchilar ro’yxatining aniq kiritilishini kafolatidir.

Kopengagen hujjatining 7.6-bandiga ko’ra davlatlar alohida shaxslarning yoki shaxslar guruhlarining to’la erkinlik sharoitida o’z siyosiy partiyalarini yoki boshqa siyosiy tashkilotlarni tuzish huquqini hurmat qiladilar hamda bunday siyosiy partiyalar va tashkilotlarga huquq va davlat organlari oldida tenglik asosida, bir-biri bilan musobaqalashish imkonini beruvchi zarur yuridik kafolatlar beradilar.

Asosiy qonunimizning 34-moddasiga asosan fuqarolar siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

“Siyosiy partiyalar to’g’risida”gi Qonun 3,5-moddalariga ko’ra siyosiy partiyalar fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish maqsadida, xohish-irodani erkin bildirish, partiyaga ixtiyoriy ravishda kirish va undan chiqish, a’zolarining teng huquqliligi, o’zini o’zi boshqarish, qonuniylik va oshkoralik asosida tuziladi va faoliyat ko’rsatadi.

Davlat siyosiy partiyalar huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini kafolatlaydi, ustavda belgilangan o’z maqsadlari va vazifalarini bajarishlari uchun ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.

Siyosiy partiyalar qonunga asosan saylab qo’yiladigan davlat organlaridagi o’z vakillari orqali tegishli qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish, qonunda belgilab qo’yilgan tartibda davlat hokimiyati organlari saylovlarida ishtirok etish kabi huquqlarga ega.

Saylov kodeksiga asosan parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar ko’ppartiyaviylik asosida o’tkaziladi. Joriy yil  15 oktyabrda  barcha siyosiy partiyalarga Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida qatnashishiga ijozat berish to’g’risida qaror qabul qilindi.

Kopengagen hujjatining 7.8-bandiga ko’ra davlatlar ommaviy axborot vositalaridan moneliksiz foydalana olish uchun saylov jarayonida ishtirok etishni xohlovchi barcha siyosiy guruhlar va alohida shaxslarga kamsitmaslik asosida qandaydir yuridik yoki ma’muriy to’siqlar o’rnatilmasligini ta’minlaydilar.

Nomzodlarga, siyosiy partiyalarga Saylov kodeksining 46-moddasiga ko’ra tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko’ra bir xil bo’lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo’li bilan teng sharoitlar ta’minlanadi.

Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin. Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to’lash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil bo’lishi kerak.

Kopengagen hujjatining 8-bandiga ko’ra davlatlar ham xorijiy, ham milliy kuzatuvchilarning hozir bo’lishi saylov o’tkaziladigan davlat uchun saylov jarayonining obro’sini oshirishi mumkin, deb hisoblaydilar. Shuning uchun ular YeXHTda ishtirok etuvchi har qanday boshqa davlatdan hamda qanday tegishli muassasa va tashkilotlardan kuzatuvchilarni qonun yo’l qo’yadigan darajada milliy saylov borishini kuzatish uchun taklif qiladilar.

Saylov kodeksining 8-moddasiga ko’ra saylovga tayyorgarlik ko’rish hamda uni o’tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko’rsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.

Markaziy saylov komissiyasi xalqaro tashkilotlarni, chet davlatlarning saylov organlarini va vakillarini saylovlarni kuzatish uchun taklif etadi.

Bu yilgi saylovlarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo bo’lgan 57 davlatdan 250 nafarga yaqin qisqa muddatli, 30 nafar uzoq muddatli, shuningdek, boshqa davlat va xalqaro tashkilotlardan 300 ga yaqin, jami 600 nafardan ziyod kuzatuvchi ishtirok etishi kutilmoqda.

Yuqoridagilarni barchasi yurtimizda xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai bo’lib, fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishlarining zarur yuridik kafolatlar yaratilganligidan, O’zbekistonning xalqaro hujjatlar doirasida olgan majburiyatlariga mas’ulligi hamda umume’tirof etilgan demokratik tamoyillarga sodiqligidan dalolat beradi.


M.Rustambayev,

O’zbekiston Respublikasi

Milliy gvardiyasi

Harbiy-texnik instituti

boshlig’i, yu.f.d, professor