Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
XOTIN-QIZLARNING SAYLOV HUQUQLARI KAFOLATLARI
2019-11-27 08:50:19 272
Erkaklar bilan xotin-qizlar o’rtasidagi to’liq va haqiqiy tenglik qonun ustuvorligiga asoslangan adolatli va demokratik jamiyatning g’oyat muhim elementi hisoblanadi. Jamiyatning yaxlit rivojlanishi va uning barcha a’zolari farovonligining oshirilishi erkaklar bilan xotin-qizlarning to’liq va teng ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlarni taqozo etadi. Ayollar tomonidan o’z inson huquqlarini to’la va teng amalga oshirishlari mamlakatda tinchlikni mustahkamlash va demokratiya uchun eng muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanmoqda.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ayollarning barcha sohalardagi samarali mehnati, ayniqsa farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlarini hech narsa bilan o’lchab, baholab bo’lmaydi.
Avvalambor qayd etish joizki, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining bir qator hujjatlarida (Madrid-1983, Vena-1989, Moskva-1991, Istanbul-1999, Maastrixt-2003, Sofiya-2004, Lyublyana-2005, Afina-2009) davlatlarning erkaklar va ayollar o’rtasida tenglikni qo’llab-quvvatlash, qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollar rolini oshirish, ayollarning siyosiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etishlari uchun keng imkoniyatlarni yaratish, hokimiyatning qonun chiqaruvchi, sud va ijroiya barcha organlarida gender mutanosibligi maqsadlariga erishish uchun aniq choralarni ko’rish, saylab qo’yiladigan davlat lavozimlarida gender vakillik mutanosibroq bo’lishiga erishish maqsadlarida ayollar va erkaklarning siyosiy partiyalarda teng ishtirok etishlariga yordam ko’rsatish, erkaklar bilan xotin-qizlar uchun nafaqat yuridik, balki amaldagi tenglikka ham erishish bo’yicha majburiyatlar belgilangan.
Mamlakatimiz inson huquqlariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda o’tgan davr mobaynida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo’yicha qator islohotlarni amalga oshirdi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 46-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanliklari mustahkamlab qo’yildi. 1995 yil 6 mayda mamlakatimiz 1979 yil 18 dekabrda Nyu-Yorkda qabul qilingan Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to’g’risidagi, 1997 yil 30 avgustda Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to’g’risidagi, Bir xil qiymatga ega bo’lgan mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarni teng rag’batlantirish to’g’risidagi konventsiyalar qo’shildi.
O’tgan ikki yilda xalqaro andozalar talablari doirasida ayollar ahvolini tubdan yaxshilashga doir 15 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat imzolangan va ijroga qaratilgan. Xususan, 2019 yil 2 sentyabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish to’g’risida”gi qonunlar qabul qilindi.
2018 yil 2 fevralda “Xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” farmonlari, 2019 yil 7 martda “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori qabul qilindi.
Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo’mitasi tashkil etildi. Alohida Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo’yicha komissiya tashkil etilib, u xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi ishlarning holati to’g’risida har yili O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga axborot taqdim etishi belgilab qo’yildi.
Endilikda davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo’yicha vakolatli mansabdor shaxs belgilanadi. Vakolatli shaxsning majburiyatlarini bajarish davlat organi rahbarining o’rinbosarlaridan biri zimmasiga yuklatiladi.
Qonun hujjatlariga normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizasi degan yangi institut kirib keldi.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida”gi Qonunda davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog’ida teng huquqlilikni, davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni kafolatlashi mustahkamlab qo’yildi.
Bugungi kunda yurtimizdagi davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin ayollar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xotin-qizlarimiz orasidan Oliy Majlis Senatida – 17 nafar senator (xususan hozirda Senat raisi ayol kishi ), Qonunchilik palatasida – 21 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. Mahalliy kengashlarda esa xalq vakillarining 23 foizdan ziyodini xotin-qizlar tashkil etadi.
Respublika bo’yicha joriy yilning may oyida fuqarolar yig’inlari raisligi uchun o’tkazilgan saylovlarda 1 ming 25 nafar ayol o’zini o’zi boshqarish idoralari raisi lavozimiga saylangan bo’lsa, turli korxonalarda ishlayotgan rahbar ayollar 2017 yili 44,2 foizni tashkil etgan bo’lsa, 2019 yilda 45,3 foizga yetgan.
Bugungi deyarli barcha partiyalarda rahbar o’rinbosarlaridan biri ayol kishi, shuningdek ularda ayollar qanotlari mavjud.
400 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlar ayollar muammolari bilan shug’ullanmoqda.
Ijtimoiy so’rovlar ishtirokchilarining 70,2 foizi mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganini qayd etsa, 81,5 foizining fikricha, ayollarning jamoat yoki siyosiy tashkilotlarda o’z faoliyatini amalga oshirishda hech bir shaxs va biror-bir holat ularga xalaqit bermaydi.
Joriy yil dekabr oyida yurtimizda milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlarga bo’lib o’tadigan saylovlarda ham ayollarning o’rni beqiyos.
1952 yilgi Ayollarning siyosiy huquqlari to’g’risidagi Konventsiyada ayollar har qanday saylovlarda erkaklar bilan teng sharoitlarda, hech qanday kamsitishlarsiz ovoz berish, saylanish huquqlariga ega ekanliklari belgilab qo’yilgan. YeXHTning Kopengagen hujjatida barcha odamlar qonun oldida teng va hech qanday kamsitilishsiz qonun tomonidan bir xil himoya qilinish huquqiga ega. SHu munosabat bilan qonun har qanday kamsitishni taqiqlaydi hamda barcha shaxslarga qaysidir sifat bo’yicha kamsitishdan teng va samarali himoya qilinishni kafolatlaydi – deb belgilab qo’yilgan.
Xotin-qizlar saylov jarayonida saylovchi, deputatlikka nomzod, saylov komissiyasining a’zosi, kuzatuvchi, partiyaning vakolatli vakili, ishonchli vakil sifatida erkaklar qatori teng va erkin, ochiq va oshkora ishtirok etishlari mumkin.
“Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida”gi Qonunda alohida bobda mustahkamlandi.
Unga asosan xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga ega.
Siyosiy partiyalar tomonidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko’rsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanadi.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov hamda referendumlar o’tkazish bo’yicha viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalarining tarkibini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanadi.
Mamlakatimizda xotin-qiz saylovchilar soni 10 milliondan oshadi. Bu juda muhim va katta ko’rsatkich ekanligini hisobga olib, joriy yilda Markaziy saylov komissiyasi va O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi o’rtasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik ko’rish va ularni o’tkazish jarayonida o’zaro hamkorlik to’g’risida kelishuv imzolandi. Kelishuvda ayollarning, birinchi marta ovoz beradigan qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish, saylovlarda faol ishtirok etishini, ovoz berishini ta’minlashga doir aniq tadbirlar belgilab olindi.
Hozirgi kunda Markaziy saylov komissiyasining uchdan bir qismi, boshqacha qilib aytganda 7 nafar a’zosi xotin-qizlarni tashkil etadi.
Saylov kodeksining 70,91-moddalariga asosan ayollarning soni siyosiy partiyadan ko’rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o’ttiz foizini tashkil etishi kerak. Nomzodlar o’rtasida ayollar miqdorini oshirish bo’yicha norma belgilash jahonda qo’llaniladigan usul bo’lib, Albaniya, Bosniya va Gertsegovinya, Makedoniya, Gretsiya, Chernogoriya, Polsha, San-Marino, Serbiya, Sloveniya, Armaniston, Qirg’iziston, Ispaniya qonunchiligida ham buni yaqqol dalilini ko’rishimiz mumkin.
Nomzod ayollar uchun ixtiyoriy yoki majburiy kvotalar Frantsiya, Shvetsiya, Shveytsariya, Turkiya, Buyuk Britaniyada qayd qilingan.
Bu yilgi saylovlarda Qonunchilik palatasi deputatligiga yangidan nomzod etib qo’yilganlar sonida 440 nafarini erkaklar (58,7 foiz) va 310 nafarini ayollardir (41,3 foiz). Bu 2014 yilning dekabrida o’tgan parlament saylovlaridagidan qariyb 10 foiz (31,8) ko’pdir. Eng ko’p ayollar Xalq demokratik partiyasidan ko’rsatilgan (48%), undan keyin Adolat sotsial demokratik partiyasi (43,3%), so’ngra, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi (42,7%), Milliy tiklanish demokratik partiyasi (36,7%), Ekologik partiya (36%) turibdi. Ko’rib turganimizdek, ayollarning soni siyosiy partiyadan ko’rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining o’ttiz foizdan ortig’ini tashkil etmoqda.
Xulosa qilib aytganda saylovlarda siyosiy saviyasi yetuk, mehnatkash va oqila ayollarimiz o’z salohiyatini namoyon etib, deputat bo’lib saylanishlari jamiyat va davlat uchun muhim ahamiyat kasb etib, parlamentga va mahalliy Kengashlarga saylanadigan ayollar sonining o’sishi qonun ijodkorligi jarayonida xotin-qizlarning manfaatlari va fikrlarini hisobga olish,davlat byudjeti shakllanishida gender tengligi masalalarini inobatga olish imkoniyatini beradi. Xotin-qizlarni deputat bo’lib saylanishlari oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va madaniy hayotda ayollarning ishtirokini kengaytirish bo’yicha qonun ijodkorligi va parlament nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muxlisa Tadjieva,
Konstitutsiyaviy sud mas’ul xodimi