Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
MADHIYA – ONA VATANIM, BUYUK XALQIM TARANNUMI!
2019-12-10 16:30:05 857
10 dekabr - O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun
MADHIYA – ONA VATANIM, BUYUK XALQIM TARANNUMI!
Davlatimiz ramzlari ya’ni bayroq, gerb, madhiya o’zbek xalqining shon-sharafi, g’ururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o’zida mujassamlashtiradi. Madhiyada xalqimizning pok orzu niyatlari, farovon va osuda hayoti, milliy qadriyat va an’analari mujassamlashgan go’yo.
1992 yil 10 dekabrda “O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to’g’risida”gi Qonun qabul qilingan. Qonunga ko’ra, Davlat madhiyasi O’zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi. Davlat madhiyasiga zo’r ehtirom bilan qarash O’zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir. 2010 yil 24 dekabrda mazkur qonunga kiritilgan o’zgartishga ko’ra, fuqarolarimiz, shuningdek, mamlakatimizda bo’lib turgan boshqa shaxslar madhiyamizni hurmat qilishi shart.
O’zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov she’ri, O’zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan madhiyamizda musaffo osmonimiz, baxtli va farovon hayotimiz, xalqimizning asriy orzulari, kelajakka yorug’ umidi va mustahkam ishonchi teran ifodalangan.
Toshloq tumani hokimligining majlislar zalida 10 dekabr - O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Madhiya – ona vatanim, buyuk xalqim tarannumi!” shiori ostida tantanali tadbir bo’lib o’tdi. Tadbirda sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari rahbarlari, mahalla fuqarolar yig’inlari raislari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni tuman hokimi Sh.Abdusalomov ochib, ishtirokchilarni bayram bilan muborakbod etdi. Shundang so’ng Ona Vatanimizdan faxrlanishga, uni ardoqlashga chorlovchi, shuningdek ulug’ xalqimizning mangu qo’shig’i bo’lgan madhiyamiz yangradi. Tadbirda so’zga chiqqanlar Davlat suverenitetining ramzi – madhiyamiz sadolari xalqimiz qalbida yuksak vatanparvarlik tuyg’ularini kuchaytirishi, unga zo’r ehtirom bilan qarash O’zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchi ekanligiga alohida e’tibor qaratdi.
Milliy madhiyamiz muazzam sadolari davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog’ida, O’zbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida, yurtimizda o’tayotgan umumxalq bayramlarida, yirik xalqaro anjumanlar, tinchlik va do’stlik kelishuvlarida, sport musobaqalarida va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda eng baland shohsupaga ko’tarilgan paytida baralla yangramoqda.
Milliy timsollar va ramzlar milliy g’ururimizni yuksaltirishga hizmat qiladi. Ularning har biri muqaddas, kuchli tarbiya vositasi, vatan tushunchasi bilan chambarchas bog’liqdir. Zero, shu vatan farzandiman degan har bir inson eng avvalo bebaho siyosiy qadriyatlarimiz bo’lgan davlatimiz ramzlarini bilishi va hurmat qilishi shart. Dunyoda O’zbekiston deb atalmish mamlakat borligini anglatayotgan istiqlolimiz madhiyasi Vatanimizni nurli yuksalishlarga chorlayversin!
Toshloq tuman hokimligi Axborot xizmati.