Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“QO’RG’ONCHA” MAHALLA FUQAROLAR YIG’INI BINOSI TOPSHIRILDI
2019-12-21 10:43:24 342
Mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini oshirish, ularning bugungi yashayotgan kunidan rozi bo’lib, ertangi kunga qat’iy ishonch bilan yashashini ta’minlashda mahallaning o’rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Mahallalar jamiyatda tinchlik-totuvlik, o’zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalar jipsligini ta’minlash, sog’lom va barkamol avlodni tarbiyalash, aholining kundalik muammolarini hal etishda xalqimizga eng yaqin ijtimoiy tuzilma hisoblanadi.
So’nggi yillarda mamlakatimizda dunyoda o’xshashi bo’lmagan mazkur tuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi va 2019 yil 2 apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmonlari muhim dasturilamal vazifasini o’tamoqda.
Mazkur farmonga muvofiq, fuqarolar yig’inlari idoralari binolarini namunaviy loyihalar va ularga qo’yilgan talablar asosida qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, ularni zarur mebel, kompyuter, aloqa vositalari va internet tarmog’i bilan ta’minlash vazifasi belgilangan. Ushbu vazifa ijrosini ta’minlash yuzasidan respublikamizda, xususan Toshloq tumanida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Qo’rg’oncha” mahalla fuqarolar yig’inida 980 dan ortiq oilada 4 ming 200 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tashkil etilganiga qariyb 30 yil bo’layotgan mazkur fuqarolar yig’ini ayni paytga qadar hududdagi eski binoda faoliyat yuritib kelayotgan edi. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat va islohotlar natijasida mahallaning yangi binosi bunyod etildi.
Yangi binoda nafaqat fuqarolar yig’ini xodimlari, hudud profilaktika inspektori, harbiy hisobni yurituvchi mutaxassis uchun alohida xonalar va xodimlarning ovqatlanishlari uchun oshxona hamda majlislar zali zamonaviy tarzda jihozlanib topshirildi. Shuningdek binoda mahalla kutubxonasining tashkil etilganligi hududda kitobsevarlar sonini ortishiga asos bo’ladi.
Mahallaning eski binosi buzilib yangi binoning qurilish ishlari 4 oy davomida davlat va homiylik mablag’lari evaziga qad rostladi. Albatta o’z hissalarini qo’shgan sahovatpesha fuqarolarimiz hamda tadbirkorlarimizga tuman hokimligi nomidan minnatdorchiligimizni bildiramiz. Qo’rg’oncha mahalla fuqarolar yig’ini xodimlari hamda jonkuyar aholini yangi mahalla binosining ochilganligi bilan samimiy muborakbod etmiz.
Toshloq tuman hokimligi Axborot xizmati.