Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
HARBIYLAR — YURTIMIZ FAXRI, G’URURI
2020-01-14 17:23:20 305
Mustaqilik yillarida xalqimiz erishgan eng katta boylik, hech shubhasiz, tinch-totuv hayotimizdir. Ana shu osoyishta va barqaror hayotimizning yanada mustahkam bo’lishi har jihatdan milliy armiyamiz va unda xizmat qilib kelayotgan mard va jasur o’g’lonlarimizga bog’liq, albatta.
O’tgan yillar mobaynida ayniqsa keyingi uch yilda yurtimizda davr talabi va jahon andozalariga mos Qurolli Kuchlarni barpo etish, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafolati bo’lgan milliy armiyamizni shakllantirish yo’lida keng ko’lamli ishlar amalga oshirildi. Ushbu sohada dunyoning ilg’or mamlakatlari qatoridamiz desak mubolag’a bo’lmaydi.
Bugun yigitlarimiz uchun harbiy sohada xizmat qilish nafaqat faxrli burch balki shon-sharaf hamdir. Hozir o’g’il farzand voyaga yetkazayotgan ota-onalarning aksariyati farzandlari vaqti kelib Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilishini niyat qilishmoqda. Bu albatta yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligiga har bir fuqaro befarq emasligidan dalolatdir.
Sohada amalga oshirilgan keng ko’lamli islohotlar samarasi o’laroq bugungi kunda biz muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek “Mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga, xalqimizning tinch va osuda hayotiga tahdid soladigan har qanday urinishlarga qarshi keskin zarba berishga qodirmiz. Bu masalada hech kimda hech qanday ikkilanish va shubha bo’lmasligi lozim. Bunga bizning kuchimiz ham, qudratimiz ham yetarli.”
Darhaqiqat bu borada olib borilayotgan ishlarni tumanimiz miqyosida ko’radigan bo’lsak ham so’nggi yillarda sohani rivoji uchun ko’plab ishlar amalga oshirildi. Hususan, bizning tuman mudofaa ishlari bo’limimizda chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash bo’yicha barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berildi. Maxsus o’quv xonalari, tibbiy ko’rik zallari, kutubxona va oshxona zamon talabiga javob bera oladigan tarzga keltirildi.
Har jihatdan sog’lom va barkamol yigitlarni saralashga katta e’tibor qaratilib bu borada bo’limimizning ko’p yillik tajribaga ega xodimlaridan Ilhomjon Mahmudov, Alisher O’lmasov, Mirkomiljon To’xtasinov hamda O’tkirbek Musayevlarning hissalarini alohida ta’kidlash joiz. Sohada erkaklar bilan yelkama yelka ishlab kelayotgan ayollarimiz ham borligi biz uchun katta sharafdir. Ulardan Humoyun Qurbonova, Albina Qurbonaliyeva, Dilnura Marahimovalar o’zlariga berilgan vazifalarni sidqidildan bajarib, ishonchimizni oqlab kelishyapti.
Ayni kunlarda yurtimiz bo’ylab Vatanparvarlik oyligi o’tkazilib, oylik doirasida kasb-hunar kollejlari, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va mahallalarda turli uchrashuv hamda suhbatlar o’tkazilayotir. Uchrashuvlarga harbiy qism ofitser va serjantlari taklif etilib, yoshlar bilan sohaga doir qiziqarli suhbatlar o’tkazilyapti. Ana shunday tadbirlarimizda bizga katta ko’mak berib kelayotgan harbiy qism serjantlari J. Hakimov, A. Bozorov, I. Madaliyev, M. Jalolovlar, batalon ofitserlari A. Qo’chqorov, S. Qulmurodov, A. Azimovlar bilan bo’lgan suhbatlar ayniqsa yoshlarimizda katta taassurot uyg’otdi. Kelajakda harbiy bo’lishni istagan o’quvchilar uchun bunday uchrashuvlar ayni muddao bo’layotir.
Tumanimiz harbiy sohaga yoshlarni yetkazib berishda respublikamizda o’z o’rniga ega. O’tgan yili ikki nafar o’quvchi naymanbo’stonlik Abdurazzoq Ergashev, qumariqlik Rahmatjon Qurbonovlar O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi, Yangiyo’l mahallasidan Sardor Toshtonov, saddalik Humoyunmirzo Uraimjonovlar Chirchiq Oliy tank qo’mondonlik bilim yurti, Turvat mahallasidan Xurshid Ne’matjonov Jizzax Oliy aviatsiya bilim yurtiga hamda ikki o’g’lonimiz – Saddadan Muhammadro’zi Abdurahmonov va So’kchilik mahallasilik Muhammadyusuf Umarovlar Farg’onadagi Temurbeklar maktabiga o’qishga kirdilar. Bu kabi natijalardan quvonmay bo’ladimi?
Soha hodimlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli o’tgan yili hamkasbimiz Farhodjon Parpiboyevga Farg’ona shahrida qad roslagan uylardan birining kaliti topshirildi. Har bir yigit kishining oilasidan ko’ngli xotirjam bo’lsagina o’z vazifasini sidqidildan bajara oladi. Ayniqsa biz kabi harbiy xizmatchilar Vatan tinchligi, xalq farovonligi yo’lida kamarbasta ekanmiz, eng avvalo Vatan ichra vatanimiz bo’lgan oilalarimiz xotirjamligini ta’minlay olishimiz joiz.
Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganligining 28 yilligini nishonlash arafasida barcha yurtdoshlarimizni, er yigitlarni, qolaversa harbiy xizmatni ado etayotgan safdoshlarimizni chin yurakdan muborakbod etamiz. Tinchligimiz abadiy, mustaqilligimiz boqiy bo’lsin.
Hikmatillo Djuraboyev,
tuman mudofaa ishlari bo’limi boshlig’i,
podpolkovnik.