Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
9 fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun
2020-02-08 19:25:08 306
MILLIY SHE’RIYATIMIZ, ADABIYOTIMIZ DAHOSI
Dunyoda shunday ulug’ zotlar, shoir va mutafakkirlar borki, ularning ulkan qalb, teran tafakkur, beqiyos iste\dod va mahorat, tengsiz jasorat bilan yaratilgan asarlari yillar, asrlar o’tgani sayin umumbashariyat mulkiga aylanib boradi. Ayni vaqtda bu benazir mutafakkirlar o’rtasida zuhro yulduzdek yaqqol ajralib turuvchi shunday buyuk zot borki u –milliy she’riyatimiz, adabiyotimiz dahosi Mir Alisher Navoiydir.
Mir Alisher Navoiy – jahon miqyosidagi shaxs, yuksak va samarali ijodi bilan she’riyat mulkining sultoni maqomiga ko’tarilgan bebaho iste’dod egasi. U inson qalbining shodligu quvonchi, g’am-g’ussalarini, hayot va ezgulik falsafasini tarannum etgan buyuk so’z san’atkoridir.
Jahon tilshunos olimlari tomonidan dunyodagi buyuk shoir va yozuvchilar orasida eng ko’p so’z boyligiga ega bo’lgan ijodkorni aniqlash uchun tadqiqot o’tkazilgan. Uning natijasiga ko’ra ulug’ bobomiz Alisher Navoiy jahondagi so’z boyligi eng ko’p shoir sifatida tan olingan. U o’z asarlarida 26 ming 35 ta so’z ishlatgan ekan. Bu ulug’ zotning xotirasiga Rossiya Federatsiyasining poytaxti Moskva shahrida, Ozarboyjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida muazzam haykallar o’rnatilgani buyuk siymoimiz va xalqimizga yuksak hurmat-e’tirom ifodasidir.
Alisher Navoiy nafaqat she’riyatda, balki hayoti davomida ko’plab ibratli ishlarni amalga oshirib ham nom qozongan. Ul zot o’z mablag’lari hisobidan yo’llar, ko’priklar, hammomlar, karvonsaroylar, kutubxona va madrasalar qurdirgan. Shuningdek iste’dodli shoir, musavvir va adabiyotshunoslarni homiyligiga olib ularga maosh to’lab turgan. Moddiy boyliklarini bunday ezgu ishlarga sarf etgan saxovatli ajdodimizning o’lmas an’analarini bugungi yurtdoshlarimiz munosib davom ettirmoqdalar.
Hazrat Navoiy bobomizning ibratli hayoti va ijodiy faoliyatining yana bir tarixiy sabog’i shuki, u sohibqiron Amir Temur asos solgan ulkan saltanatning ma’naviy qudrati uning harbiy qudratidan-da kuchliroq ekanligining amaliy ifodasi bo’lib maydonga chiqdi. Shu taxlit G’arbdagi ayrim doiralar o’rtasida shakllangan, guyoki Sharqdagi barcha saltanatlar zulm va zo’ravonlikka asoslanishi haqidagi soxta tasavvurlarning qanchalik puch ekanligi isbotlandi. Mana besh asrdirki jahon tarixini Amir Temur va Temuriylar davlati tarixisiz tasavvur etib bo’lmaganidek, dunyo madaniyati, insoniyat tafakkuri rivojini Alisher Navoiy siymosi, uning yetti iqlimga ma’lum va mashhur adabiy-ilmiy merosisiz tasavvur etib bo’lmaydi.
O’zbek xalqi Alisher Navoiyni har kuni, har daqiqada eslaydi. Uning adabiyotga daxldor asarlari, ularda tarannum etilgan ezgu g’oyalar, yuksak insoniy tuyg’ular milliy san’atimiz va madaniyatimiz xazinasidan chuqur joy olgan. Chunki Alisher Navoiy tarix sinovlaridan o’tgan o’lmas ijodi bilan bizni go’zal va betakror diyorimizdagi tinch-osoyishta, erkin va farovon hayotni asrab-avaylab, uning qadriga yetib, doimo xalqimiz, Vatanimizga muhabbat va sadoqat tuyg’usi bilan, bunyodkorlik ruhiga oshno bo’lib o’zimizdan yaxshi nom, ezgu xotira qoldirib yashashga da’vat etadi.
Furqatjon QODIROV.