Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
AYYOMINGIZ QUTLUG’ BO’LSIN!
2020-03-06 19:13:08 1358
Tuman hokimi Shuhrat Abdusalomovning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan tumanimiz xotin-qizlariga tabrigi
Bahorning ilk kunlaridanoq har birimizning dilimizga quvonch va faxr, ezgulik va samimiyat tuyg’ularini jo etib tabiat va qalblardagi yangilanishlarga o’zgacha ulug’vorlik baxshida etib yaqinlashib kelayotgan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan Siz azizlarni chin dildan muborakbod etaman.
Har birimiz so’nggi yillarda yurtimizda olamshumul o’zgarishlar yuz berayotganligining guvohi bo’lib turibmiz. Avvalo turmush farovonligining yaxshilanayotganligi, O’zbekistonning xalqaro hamjamiyatda nufuzi ortib borayotganligi, qaysi sohani nazarda tutmaylik muhim ijobiy o’zgarish va yuksalishlar bilan yashayotganimiz tanlagan yo’limiz to’g’ri va yurtimizning kelajagi porloq ekanligini ko’rsatib turibdi. Shubhasiz bu amalga oshirilayotgan keng ko’lamli ishlarda xotin-qizlarimizning o’rni beqiyosdir.
Bugun biron bir soha yo’qki unda ayollarning ishtiroki sezilmayotgan bo’lsa. Davlat va jamiyat boshqaruvi yohud ishlab chiqarish, qishloq xo’jaligi yoki ta’lim, tibbiyot—qaysi jabhada bo’lmasin xotin-qizlarning teng ishtirokini sezamiz. Oilada mehribon ona, tejamli va tadbirkor beka, ishlab chiqarish yoki xizmatda intizomli, oqila va boshqalarga mehribon inson sifatida namuna bo’lishdek sharafni uddalayotgan ayollarimiz hamisha hurmatimizga loyiqdir. Biz ularning siymosida avvalo samimiyat va ulug’vorlik, oilaparvarlik va vatanparvarlik singari xislatlarni ko’ramizki yurtimizning ertangi kelajagi ular tarbiyalayotgan farzandlarning kamolatiga bog’liqligidan dillarimiz taskin topadi.
Xotin-qizlarning ijtimoiy-iktisodiy, huquqiy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarimiz doirasida Siz aziz opa-singillar, ayolning jamiyat rivojidagi mavqeini oshirish, sog’lom, barkamol farzandlarni dunyoga keltirib kamolga yetkazishlariga imkoniyat yaratish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ularni doimiy ish bilan ta’minlagan holda yangi ish o’rinlari tashkil etish, ijtimoiy muhofazani yanada kuchaytirish borasida o’zlaringizning munosib javoblaringizni berib kelmoqdasiz.
Tumanimizda ham ayni kunda 200 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilib ularning 98 mingdan ziyodi xotin-qizlarni tashkil qiladi. Ularning jamiyatimizdagi faolligini shundan anglash mumkinki xalq deputatlari tuman Kengashiga yaqinda saylangan 30 nafar deputatlarning 6 nafarini xotin-qizlar vakillari tashkil etyapti. 51 ta umumta’lim maktablari direktorlarining 14 nafari xotin-qizlar vakillaridir.
Ana shunday salmoqli ko’rsatkichlarni tibbiyot, maktabgacha ta’lim, qishloq xo’jaligi, tuman hokimligi boshqaruvi, mahalla fuqarolar yig’inlari, tadbirkorlik kesimida ham ko’rish mumkin. “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan paxtakor” Zebixon Rustamova, o’tgan yili xukumatimizning yuksak mukofotlaridan biri bo’lgan “Mo’tabar ayol” ko’krak nishoni bilan taqdirlangan, tumanimizdagi “Zokirov Nuriddin” fermer xo’jaligi a’zosi Olmaxon Hayitova, kuni kecha ana shu yuksak mukofot bilan viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev tomonidan Zebixon Rustamova hamda 21-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Tatyana Makarovna, shuningdek Mehnatobod mahalla fuqarolar yig’ini raisi o’rinbosari Muqaddamxon Mamadaliyeva “Eng namunali fermerlar oilasi” tanlovi g’olibi bo’lib fahriy yorliq va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.
“Mahalla iftixori” nishoni bilan mukofotlangan Bo’ston mahalla fuqarolar yig’ini raisi Nasibaxon Madumarova, tuman hokimligi vakillari Mohiraxon Qoraboyeva, Mehrixon Abdullayevalar, tuman tibbiyot birlashmasi tug’ruqxona bo’limi boshlig’i Malikaxon Musayeva, 18-maktab direktori Mohidaxon Jo’rayeva, tadbirkor ayollarimizdan Gulchehra Sobirova, tuman Savdo sanoat palatasi rahbari Zuhraxon Soliyevalar an shunday fidoyi ayollar jumlasidandir.
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan siz aziz opa-singillarimizni yana bir bor muborakbod etmoqchiman. Har biringizga oilangiz baxtu saodati, farzandlaringiz kamolatini ko’rib quvonib yurish nasib etsin. Yurt ravnaqi, xonadoningiz farovonligini ta’minlash yo’lidagi ishtirokingiz bundanda faolroq bo’lishiga tilakdoshmiz. Sihat-salomatlik, yaxshi kayfiyat va ezgu maqsadlar bilan yashash hech biringizni tark etmasin.