Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
FARGʻONA YO‘LLARI: SIFAT VA SAMARADORLIK
2022-09-15 16:52:04 237
Farg‘ona viloyatida 19 ming 950,5 kilometr avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, uning 4 ming 31 kilometri umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari, 15 ming 919,5 kilometri ichki xo‘jaliklararo avtomobil yo‘llar, shahar va qishloq aholi punktlari ko‘chalarini tashkil etadi.
Toshloq tumanidagi “Xonariq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 2,5 kilometrga yaqin ichki yo‘llar asfaltlandi, 600 metr beton qoplamali yangi yo‘llar qurildi. Bir qaraganda bu unchalik ko‘p raqamlarni tashkil etmaydi. Ammo, tuman markazidan 30 kilometr olisda joylashgan, bir tomoni qo‘shni Andijon viloyatining Bo‘z tumaniga tutash, o‘tgan asrning 50 yillarida qum barxanlar “qo‘ynida” tashkil etilgan qishloqda yaratilgan bu infratuzilma tarmog‘i odamlar uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish imkoniyatini berdi. –Yozda chang-to‘zon, qishda to‘piqqacha loyga botgan ko‘chalarimizda bugun amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga ko‘pning havasi keladi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ro‘ziboy Mirzayev. – O‘ttiz yildirki, ichki yo‘llarni ta’mirlash, tartibga keltirish, toza ichimlik suvi olib kelish yechib bo‘lmas masalalardan biri edi. Orzularimiz ushaldi. Aholi turmush tarzida muhim bo‘lgan madaniy-maishiy sharoitlarni yaxshilash uchun zaruriy byudjet mablag‘lari ajratishda aholining bevosita ishtirokini ta’minlash maqsadida “Ochiq byudjet”, “Tashabbusli byudjet” tamoyillari hayotga tatbiq etilgani ayni muddao bo‘ldi. Ko‘chalarimizni asfaltlash borasida bildirgan taklifimiz “Ochiq byudjet” portalida 2 ming 14 ta ovoz olib g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, 3 kilometr toza ichimlik suv tarmoqlari tortilgani qishlog‘imizga o‘zgacha quvonch-shodlik olib keldi. Obod bo‘lgan ko‘chalar odamlar kayfiyati, ruhiyatini ko‘tardi.
Joriy yilning o‘zida, birgina Toshloq tumanida “Ochiq byudjet” platformasi va “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida 9 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarni asfaltlash ishlari olib borilmoqda.M.Sulaymonov, O‘zA