Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
MAHALLADAGI BESHLIK: HAYOTBAXSH ISLOHOTLAR “DRAYVERI”
2022-09-27 18:42:14 271
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida hayotbaxsh islohotlar samaradorligini oshirishda mahallaning o‘rni va mavqei yuksalib bormoqda. Ayni jarayonda amaliyotga joriy etilgan yangi tizim bu boradagi ishlar ko‘lamini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Bugungi kunda mahalladagi beshlik: MFY raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori yurt taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilib, islohotlar “drayveri” bo‘lmoqda.
Toshloq tumanining “Varzak” MFYda bo‘lib o‘tgan hisobot yig‘ilishida mahalladagi beshlik: hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektorining to‘qqiz oylik faoliyatiga oid hisoboti eshitildi.
Ta’kidlash o‘rinliki, hozirda “Varzak” MFYdagi 1227 oilada 4125 nafar aholi istiqomat qiladi. Birgina hokim yordamchisi tomonidan hisobot davrida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 46 ta loyihaga 1 mlrd 145 mln so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashildi. Imtiyozli kreditlarning 30 tasi mahallada hunarmandchilikni yanada rivojlantirish uchun ajratilgani e’tiborga sazovordir.
Shuningdek, mahallada 39 ta oilaviy tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 68 nafar fuqaroning doimiy bandligi ta’minlandi. Aholi o‘rtasida tushuntirish va xatlov ishlarining olib borilishi natijasida 130 nafar fuqaro o‘zini – o‘zi band qildi. O‘z navbatida hokim yordamchisi tomonidan 70 ta muhtoj oilalarga moddiy va tibbiy yordamlar ko‘rsatildi.
Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va maroqli o‘tkazish borasida ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar yetakchisi tomonidan 34 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, yoshlar jamg‘armasi tomonidan 3 nafariga to‘lov-kontrakt pullari, 15 nafariga subsidiya asosida mehnat qurollari ajratildi. Uyushmagan yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida o‘tgan davrda turli sport musobaqalari hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mahallada xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar, profilaktika inspektori tomonidan o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
Tahlil va tanqid ruhida o‘tgan yuzma-yuz muloqotda yutuqlar e’tirof qilinib, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim va ustuvor vazifalar sarhisob etildi. Mahalladagi beshlik faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida jarayondagi burch va mas’uliyat tuyg‘usini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.