Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
TOMORQACHILIK - XONADON XAZINASI
2022-11-03 13:45:15 374
Yaqin kunlarda qish ostona xatlaydi. Toshloq tumanidagi “Axshak” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi tomorqachilar bu faslda sabzavotlarini sotuvga chiqaradi. Yilning to‘rt faslida tomorqadan unumli foydalanish hadisini olgan mirishkorlar har bir kunni g‘animat biladi. Tomorqalarga ekilgan sarimsoqpiyoz, shivit, kashnich, limon, mandarin, apelsin baravj rivojlanmoqda.
Mirodil Mirolimov tomorqachilik borasida ko‘pga ibrat bo‘layotgan yoshlardan. Tomorqachi 6 sotix yerda issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ish boshlaganiga uch yil bo‘ldi. Bu yumush yosh oila hayot tarziga o‘ziga xos o‘zgarishlar olib kirdi. Issiqxonaga hamohang chorvachilikni yo‘lga qo‘ydi. Tomorqa yumushlaridan ortib, quruvchilik ham qiladi.
Shu yerda ham xorijdagidan kam pul topayotganim yo‘q, — deydi Mirodil issiqxonada baravj rivojlanayotgan hosil cho‘g‘iga boqib. — Bir necha yillar pul topish ilinjida o‘zga yurtlarda sarson bo‘lganman. U yerdagi shart-sharoit, og‘ir mehnat sillamizni quritgan. Tomorqachilikni rivojlantirish, tomorqachilarga yaratib berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib, issiqxona tashkil qilib adashmagan ekanman. Ertachi bodringdan 20 million so‘m daromad oldim. Ikkinchi hosilga makkajo‘xori ekib, 1 tonnadan ortiq don va chorvamiz uchun hashak jamg‘ardik. Ekindan bo‘shagan maydonlarga erta kuzakda sarimsoqpiyoz donalarini qadaganmiz. Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 30 million so‘mdan ortiq daromad olishni ko‘zlab turibmiz. Bo‘shagan maydonlarni peshma-pesh shudgorlab, bodring va pomidor ekishga tayyorlaymiz. Xonadondagi har bir qarich yer hisob-kitobli. Tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan.
— Mahallamizda bekor yurgan odam, bo‘sh qolgan ekin maydoni yo‘q. Deyarli har bir xonadonda issiqxona tashkil qilingan, — deydi “Axshak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Halimjon Ismoilov. — Yilning to‘rt faslida tomorqadan unumli foydalanamiz. To‘qson gektardan ortiq yerda yetishtirilgan sara mahsulotlar ichki bozordan tashqari qo‘shni mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda. Ayni kunda smarodina yetishtirish bo‘yicha kooperasiya tashkil qildik. Bu bir vaqtning o‘zida 40 nafardan ortiq xotin-qizlar bandligini ta’minlash imkonini berdi. Bundan tashqari, mahallamizdagi hokim yordamchisi bilan hamjihatlikda tomorqachilikni rivojlantirish, issiqxona qurish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 41 nafar fuqaroga umumiy qiymati 1 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashdik. Mahallamizda jinoyatchilik, huquqbuzarlik bilan bog‘liq salbiy holatlarga barham berildi.