TOSHLOQDA QUROLLI KUCHLARIMIZ TASHKIL ETILGANLIGINING 31 YILLIGI HAMDA VATAN HIMOYACHILARI KUNIGA BAGʻISHLANGAN TADBIR BO‘LIB O‘TDI
×
2023-01-10 17:11:48 196
PDF yuklash
Chop etish
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida, yurtimiz bo‘ylab “Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bugun Toshloq tumanida ham 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda tuman hokimligi, sektorlar rahbarlari, nafaqadagi harbiylar, baynalmilalchi jangchilar, harbiylar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Dastlab, tuman markazida ofiser, serjant va askarlarning orkestr sadolari ostidagi harbiy paradi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri 2-umumta’lim maktabida davom etdi. Tadbirda qurol-yaroq hamda harbiy texnikalar namoyishi bayram ishtirokchilarida juda katta taassurot qoldirdi. Tadbirda tuman hokimi Abduqahhor Djurabayev so‘zga chiqib, barchani 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 31 yilligi bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Mamlakatimizda milliy armiyamiz izchil rivojlanib borayotganini, uning jangovar qobiliyati ortib, mudofaa qudratimiz mustahkamlanayotgani, xalqimizning osoyishta hayoti ta’minlanayotganini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng, bir guruh harbiy xizmatchilar hamda mehnat faxriylari tuman hokimining tashakkurnomalari va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbirda harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari, yoshlarning vatan, tinchlikni madh etuvchi she’rlari hamda tuman madaniyat bo‘limi tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.