Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitasiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazildi.
×
2023-01-12 09:06:38 191
PDF yuklash
Chop etish
«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-810-son Qonun imzolandi. Qonun bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitasiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqishga doir normalari chiqarib tashlandi. O‘z navbatida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritilib, ushbu toifadagi ishlarni ko‘rish jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari vakolatiga o‘tkazildi.
Qabul qilingan qonun mazmuniga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsni reabilitasiya markaziga joylashtirish to‘g‘risida ish yuritish tartibi kiritildi.
Kiritilgan o‘zgartirishga asosan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsning reabilitasiya markaziga joylashtirilishini talab qiluvchi asoslar aniqlanganda, ichki ishlar organi bunday shaxs ichki ishlar organiga keltirilgandan e’tiboran 48 soatda uni reabilitasiya markaziga 30 sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga joylashtirish to‘g‘risida sudga iltimosnoma yuborish uchun materiallarni tayyorlashi shartligi belgilandi.
Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsni reabilitasiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi materiallar bunday shaxs aniqlangan yerdagi yoki reabilitasiya markazi joylashgan yerdagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudiga ichki ishlar organi tomonidan beriladi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudining sudyasi tomonidan iltimosnoma taqdim etilgan paytdan e’tiboran 24 soat ichida sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda ko‘rib chiqiladi. Sudning qarori e’lon qilingan paytdan e’tiboran darhol kuchga kiradi va ijro etilishi lozim.
Sudning muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsning reabilitasiya markaziga joylashtirish haqidagi iltimosnoma yuzasidan qabul qilgan qarori ustidan u chiqarilgan kundan e’tiboran 3 kun ichida o‘ziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs, uning qonuniy vakili va advokat apellyasiya tartibida shikoyat berishi, prokuror esa protest keltirishi mumkin. O‘z navbatida apellyasiya instansiyasi birinchi instansiya sudining qarori ustidan kelib tushgan apellyasiya shikoyati asosida ishni 3 kun ichida ko‘rib chiqib, apellyasiya shikoyatini (protestini) qanoatlantirish yoki rad etish haqida qaror chiqaradi.