“PIYOZCHILIK” MAHALLASIDA 200 TA OILALARDA HUNARMANDCHILIK FAOLIYATI YO‘LGA QO‘YILGAN
×
2023-01-30 10:15:33 290
PDF yuklash
Chop etish
Shu yilning 25 yanvar kuni Prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. -Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy omili bu – aholini daromadli ish bilan ta’minlash ekanligiga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas,-deydi Toshloq tumanidagi “Piyozchilik” MFY xotin-qizlar faoli Go‘yoxon Mamatoirova. – Shu ma’noda, 2023 yili yurtimizda oilaviy tadbirkorlikka moliyaviy ko‘mak kengaytirilishi, mahallalarda mikromarkazlar tashkil etilishi bizni juda ham mamnun etdi. Bu yil mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun 12 trillion so‘m yo‘naltirilishi belgilangani e’tiborga sazovordir. “Piyozchilik” MFYda oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik mahallaning “o‘sish nuqtasi” sifatida belgilangan bo‘lib, bugungi kunda hududda aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini ta’minlash hamda tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash va buning samarasi sifatida kambag‘allikni tugatishga katta e’tibor qaratilmoqda. 2022 yili mahallada hunarmandchilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi 50 nafarga yaqin hunarmand oilalarga 650 million so‘mga yaqin imtiyozli kredit ajratildi. Natijada 150 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ayni paytda mahallada 200 dan ko‘proq oilalarda xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, 30 nafar xotin-qizlar o‘z tadbirkorligi orqali mahalladoshlari uchun doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan ish o‘rinlari yaratishga erishmoqda. Nozimaxon Yoqubova qo‘li gul chevar. Hozirda 10 nafar mahalladoshni yoniga olib, milliy uslub, dizayn asosida erkaklar va ayollar kiyimlarini tikadi. -Har oyda o‘rtacha 5000 juft poyabzal tayyorlab, ichki bozorga yetkazib beramiz,-deya suhbatimizni davom ettiradi oilaviy tadbirkor Muqaddas Soliyeva. – Oilamizning yillik daromadi o‘rtacha 120 million so‘mni tashkil etadi. Kosibchilik yo‘nalishida 10 nafar mahallamiz xotin-qizlarini ish bilan ta’minlaganman. “Piyozchilik” MFY bo‘yicha hokim yordamchisi Akramjon Rahmonovning ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining 25 yanvar kungi yig‘ilishida ustuvor vazifa sifatida belgilanganidek, endilikda mahalladagi har bir oilaning yagona raqamli pasportini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda. Shu tariqa kambag‘allikdan chiqarish borasida har bir oilaga alohida dasturlar tuziladi. Bandlik dasturi ishlab chiqilib, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish choralari ko‘riladi.