Tumandagi 42-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Munisa Xolmatova axborot texnologiyalari bilimdoni. Shu bois AQSH, Xitoy davlatlari tadbirkorlik sub’yektlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Uyda kompyuter orqali korxonalar timsolini yaratish, turli yo‘nalishlarda qisqa videolavhalar tayyorlash orqali oyiga 150-200 dollar pul ishlab topyapti. A’lochi o‘quvchi rus va ingliz tillarini biladi, yapon tilini o‘rganish niyatida. — Hozirdanoq oyiga 500-600 dollar ish haqi to‘lash sharti bilan bir necha tadbirkorlar hamkorlikka chorlayapti, —deydi Munisa. — Ammo niyatlarim yanada ulkan. Maktabni bitirgach IT sohasida Yaponiya universitetida o‘qishni va ishlashni rejalashtiryapman. Ma’lum bo‘lishicha, kunchiqar yurtda kompyuter texnologiyalari sohasida oyiga 50 ming dollargacha pul topish imkoni mavjud. Demak, yoshlarga imkoniyat va sharoit yaratish kerak. Agar tayanch nuqta topib berilsa, o‘g‘il-qizlarimiz juda ko‘p ishga qodir ekanligini namoyon etadi. Davlatimiz rahbari urg‘u berganidek, maktabni bitirib katta hayotga kirib kelayotgan yoshlarimiz kamida ikkita xorijiy til va bitta kasbni egallagan bo‘lsa, bu jamiyatimizning yutug‘idir.