Bugun Toshloq tumani hokimligida tashkilot va korxona rahbarlari, tadbirkorlar hamda mahalla raislari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda joriy yil 16 fevralda “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorining maqsad vazifalari atroflicha tushuntirib o‘tildi.Dastlab, yig‘ilishda tuman hokimi Abduqahhor Djurabayev so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorda quyosh panellaridan foydalanishda aholi hamda tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilganligi ta’kidlab o‘tdi.Qarorga ko‘ra, 2023 yilda umumiy quvvati 4 300 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirilishini, jumladan, 2 100 MVt – yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, 1 200 MVt – ijtimoiy soha ob’yektlari, xo‘jalik sub’yektlarining bino va inshootlari hamda xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari, 550 MVt – tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalari ishga tushuriladi. Shuningdek, 2023 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 27 ta yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari quriladi. 20 mingta ijtimoiy soha ob’yektlari va davlat idoralarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatiladi. Jami 11 ming nafar tadbirkorning bino va inshootlarida quyosh panellari o‘rnatiladi hamda kichik fotoelektr stansiyalari quriladi. 37 ming aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatiladi. Qarorga ko‘ra shuningdek, ijtimoiy soha ob’yektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatasiya qilish bo‘yicha mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etildi.Yig‘ilishda tijorat banklari xodimlari ham ishtirok etib, yig‘ilganlarning qiziqtirgan savollariga batafsil javob berdilar.