Toshloq tumanida har bir qarich yerdan unumli foydalanib, oilaviy daromadlarini oshirib kelayotgan oilalar ko‘plab topiladi. Ular o‘z tomorqasida issiqxonalar barpo etib, qish faslida ham pomidor-bodring, bulg‘or qalampiri, karam, turli ko‘katlar yetishtirmoqdalar. Tumandagi “Varzak” MFY aholisi ham yerdan samarali foydalanib, oilasi farovonligini oshirmoqda, bozorni arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga hissa qo‘shmoqdalar. O‘tgan yili hokim yordamchisi tavsiyasiga ko‘ra, 19 million so‘m imtiyozli kredit oldim,-deydi “Varzak” MFY fuqarosi Raxmatjon Egamberdiyev. –Ushbu mablag‘lar evaziga tomorqamga 3 sotixlik issiqxona barpo etdim. Gulchilikda qo‘shni Quva tumani mirishkorlari tajribasini o‘rganib, palma gul ko‘chatlari yetishtirmoqdaman. Hozirda 10 mingga yaqin ko‘chatlar katta bo‘lib qolgan, sotish niyatimiz bor. Mahalla hokim yordamchisining bergan ma’lumotlarga ko‘ra, xatlov davomida 2022 yilda 14 dona issiqxona qilish istagini bildirgan fuqarolarga jami 365 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.