Toshloq tumanidagi "Qamchifurush" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Zuhriddin Ismoilov uy-joylar tashqi bezagida ishlatiladigan pardozlash mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Oddiygina marmarning mayda toshlaridan shisha tolali asosga naqshlar, gullar bilan bezash orqali suvga, issiq va sovuqqa chidamli mahsulotlar ishlab chiqarib xalqimizga yetkazib bermoqda. —Bu hunarni aslida Toshkentda o‘rganib kelgan edim. Yangi g‘oyamni hayotga tadbiq qilib hozircha bu mahsulotni tumanda birgina biz ishlab chiqarmoqdamiz. Asosiy xom ashyo bo‘lgan marmar qumtoshlari Qashqadaryodan keltiriladi. Ranglari Xitoydan, yelimlari Turkiyadan, shisha tolali mahsulotlar Rossiyadan keltiriladi. Bezaklarini o‘zimning usulim bo‘yicha tayyorlayman. Bundan tashqari buyurtmachilarning ham fikrlariga qarab naqsh va gullar yaratamiz,—deydi yosh tadbirkor Z. Ismoilov. Bugungi kunda shogirdlari ham bu hunarni o‘rganib o‘zlari mustaqil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqdalar. —Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni nafaqat tashqi devor pardoziga, balki hammomlarga kafel o‘rnida foydalansa ham bo‘ladi. Mahsulotimizga talabning ortib borishi asosan uning suvga, issiq-sovuqqa chidamliligi va hamyonbopligidir. Shu bois ham buyurtmalar kundan kun ortib bormoqda. Mahsulotimizni esa o‘zimiz borib o‘rnatamiz, pardozlash ishlarini amalga oshiramiz, —deydi yosh tadbirkor Z.Ismoilov.