Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Toshloqlik fermerlar har gektar yerdan 50 syentnerdan paxta hosili olmoqda
2023-10-09 09:15:10 220
Qishloq xo‘jaligi, xususan, paxtachilik tarmog‘iga ilm-fan yutuqlari, innovatsiyalar keng tatbiq etilayotgani samarasi sifatida keyingi yillarda ushbu yo‘nalishda yutuqlar ko‘lami hamda daromad salmog‘i yildan-yilga yaxshilanib bormoqda.
Toshloq tumanida joriy dehqonchilik yilida 4800 gektar maydonda paxta yetishtirildi. “Ekspo kolor prin teks” MCHJ klaster korxonasi va tumandagi 166 ta paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida 18 ming 200 tonna muhim sanoat xom ashyosi yetishtirish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Shu maqsadda oliy ta’lim muassasalari olimlari, sohada ko‘p yillik tajribaga ega mirishkorlar bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, serhosil va ertapishar navlarni ko‘paytirish, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish, mineral va mahalliy o‘g‘itlardan foydalanish, hashoratlarga qarshi biologik usullarni qo‘llashda ilmiy yondashuv yo‘lga qo‘yildi.
Natijada barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarildi. Klaster korxonasi tomonidan buning uchun zarur bo‘ladigan moddiy resurslar uzluksiz yetkazib berildi.
Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga qaraganda, bu yil tumanda paxta hosildorligi o‘rtacha 5-7 syentnerga oshdi. “Boymat Shermatov saxovati”, “Durdona baraka”, “Besarang gulshani”, “Muqaddas” kabi o‘nlab fermer xo‘jaliklarida birinchi terimning o‘zida 45-50 syentnerdan hosil yig‘ib olindi.
— Yangi tajriba sifatida bu yil g‘o‘za ko‘chatlari qalinroq qoldirildi, ya’ni, ko‘chat qalin bo‘lsa, hosildorlik pasayib ketadi, degan eskicha qarashdan voz kechildi, — deydi “Asadbek Qobiljon” fermer xo‘jaligi rahbari Qobiljon Qambarov. — Natijada mavsumning o‘tgan davrida 28 gektar yerda parvarishlangan paxtaning har gektaridan 50 syentnerdan hosil yig‘ishtirib olishga muvaffaq bo‘ldik. Fermer xo‘jaligimizning birgina paxtachilik sohasidan oladigan daromadi o‘tgan yillarga qaraganda ikki hissa ortishi kutilmoqda.
Ta’kidlash o‘rinli, toshloqlik fermerlarning paxta xirmoni shu kungacha 16,5 ming tonnadan (shartnoma rejasiga nisbatan qariyb 92 foiz) oshdi. Ayni paytda yig‘im-terim mavsumi yumushlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.