Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
TOSHLOQ TUMANIDAGI TIBBIYOT MUASSASALARIDA KUZ-QISH MAVSUMIGA PUXTA TAYYORGARLIK KO‘RILMOQDA
2023-11-07 15:33:58 210
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida kuz-qish mavsumiga keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshloq tumanida ham ijtimoiy soha ob’yektlarida mavsum tayyorgarliklari olib borilmoqda.
Birgina, tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 17 ta davolash-profilaktika muassasalarini mavsumga puxta tayyorlash maqsadida tibbiyot muassasalaridagi yaroqsiz xolga kelib qolgan isitish qozonlarining 25 tasi yangilandi. Tejamkor, ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan qozonlar uchun 1500 tonnadan ziyod ko‘mir mahsulotilari yetkazildi.
Ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonaning bolalar bo‘limida ham mavsumga tayyorgarlik ishlari puxta olib borildi. “Rayyona biznes taʼmir” MCHJ tomonidan isitish tizimi ta’mirlanib, mavjud 5 ta isitish qozonlari yangilandi. Tumandagi 52- hamda 53-sonli oilaviy poliklinikalarda ham isitish qozonlari yangilanib, kuz-qish mavsumida ishlashi uchun tayyorlab qo‘yildi.
“Rayyona biznes taʼmir” MCHJ rahbari Mirqodir Boboqulovning qayd etishicha, tibbiyot muassasalaridagi mavjud isitish qozonlariga masofadan boshqaruvchi moslamalar o‘rnatilmoqda. Bularning afzalliklari shundan iboratki, markazlashgan tizim orqali qozonlarning harorat darajasini, ko‘mir yoqilg‘isi sarfini kuzatib turish mumkin ekan.
Ayni kunlarda Toshloq tumanida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va betalofat o‘tkazish maqsadida sektorlar kesimida shtablar tashkil etilib, hududlarda bu borada amaliy ishlar bajarilmoqda. Kunlik o‘rganishlar jarayonida ijtimoiy soha ob’yektlari, ta’lim va tibbiyot muassasalarini mavsumga tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.