Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“XONARIQ” MFYDA 640 GEKTAR YeRGA SABZI EKILIB, DEHQONCHILIK QILINMOQDA
2023-11-15 17:14:53 286
Yurtimizda keyingi yillarda oziq – ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorlarimizda narx – navo barqarorligiga erishishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Sababi, bugungi kunda butun dunyoda tabiiy – iqlim sharoiti, ekologik muvozanat buzilib, aholini kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash dolzarb masalaga aylandi.
Ayni jihatlarni inobatga olib, mamlakatimizda, xususan, tumanimizda ham qishloq xo‘jaligiga ilm – fan yutuqlarini keng joriy etish, tabiiy ne’matlardan unumli foydalanish, tejamkor texnologiyalarni amaliyotda keng qo‘llash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu borada aholi tomorqasi, dehqon va fermer xo‘jaliklari yerlaridan samarali foydalanish, eksportbop hamda serhosil ozuqa ekinlarini ko‘paytirish muhim ahamiyatga ega.
Tumanning eng chekka hududlari sirasiga kiruvchi “Xonariq” mahalla fuqarolar yig‘inida 4294 nafar aholi istiqomat qiladi. Dehqonchilik mahallaning drayveri sifatida tanlangan. Mahallada mirishkor tomorqachilar sabzi yetishtirishni yaxshi o‘zlashtirganliklari sababli yil sayin mo‘l hosil va mo‘may daromad olmoqdalar. Shu bois mirishkor oilalarning ko‘pchiligi yaxshigina tadbirkorga ham aylanib ulugurgan.
Mahallada yetishtirilgan mahsulotlarni shu yerning o‘zida tashkil etilgan muzlatkichli omborxonalarda saqlab, ichki bozor ehtiyojidan tashqarisini qish – bahor mavsumida eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan. Shu maqsadda joriy yilda xonariqliklar 640 gektar yerga sabzi ekib, dehqonchilik qilishdi. Shu tariqa 25 ming tonna hosil yig‘ishtirib olinishi rejalashtirilgan.
O‘tgan yili 22 ming tonna hosil yig‘ib olinib, 10 ming tonna sabzi eksportga yo‘naltirilgan edi. Hosilning asosiy qismi Rossiya, Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston bozorlari hamda yirik savdo tarmoqlariga yetkazib berildi. Bu yilgi reja yanada ulkan. Xayrullo Usmonov hududdagi mirishkor va tajribali dehqonlardan hisoblanadi. Har yili takroriy ekin ekish uchun ijara shartnomasi asosida fermer xo‘jaligidan yer olib sabzi yetishtiradi. Mo‘l hosildan yaxshigina daromad olish bilan birga xonadonida 2 sotix maydonda issiqxona ham tashkil qilgan. Issiqxonada 40 tup limon ko‘chatlari parvarishlanadi. Bundan tashqari, oilasi daromadi hisobidan sig‘imi 130 tonna bo‘lgan zamonaviy muzlatkichli omborxona ham qurib bitkazgan. Tadbirkor bu yil 8 gektar yerga sabzining “Silindr” navini ekkan bo‘lib, ayni kunlarda hosil yig‘ishtirib olinmoqda. Bu borada 50 nafardan ziyod ishsiz oila vakillari mavsumiy yumushga jalb etilgan. Ularga kunlik ish haqidan tashqari issiq ovqat, jamoat transportida borib – kelishlari uchun yo‘lkira puli ham beriladi. —Ota – bobolarimiz sabzi yer tagidagi “oltin qoziq”, “oltin xazina” deya bejizga aytmagan, - deydi Xayrullo Usmonov. —Mahalla ahli ushbu dehqonchilikka zamonaviy mezonlar asosida yondoshib, kam bo‘layotgani yo‘q. Sabzi yetishtirish orqali har bir xonariqlik oilasida fayz, baraka bor. Bu yil ob–havo yaxshi bo‘lganligi sababli hosilni yig‘ishtirish ishlari qiyinchilik tug‘dirmayapti. Hozirda sabzi hosilini uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olmoqdamiz. Maqsadimiz – o‘rtacha 30 tonna hosil olish va uning salmoqli qismini xorijga eksport qilishga qaratilgan.