Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
YOQILGʻISIZ ISITILADIGAN ISSIQXONA
2024-02-21 10:56:43 142
O‘tgan qish mavsumida ro‘y bergan anomal sovuq natijasida aksariyat issiqxonalardagi sabzavot va sitrus ekinlari nobud bo‘lgani hech kimga sir emas. Biroq Toshloq tumani “Varzak” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi tomorqasidagi issiqxonalarda bunday bo‘lmadi. Nima uchun?
Mahallada issiqxonalarni kuz-qish mavsumida isitishda oddiy kigizlardan foydalaniladi. Bir sotix issiqxona uchun 70 kvadrat metr kigiz talab etiladi. Bu samarali usul issiqxonadagi havo haroratini 10-15 darajagacha iliq holda ushlab turish imkonini beradi. 3 kvadrat metr o‘lchamdagi bir dona kigiz tayyorlash uchun o‘rtacha 25 ming so‘mlik xomashyo kerak bo‘ladi. Mahallaning deyarli har bir xonadonida kigiz tayyorlanishi hisobga olinsa, kamxarj va samarali usulning afzalliklarini chamalash qiyin emas.
Adhamjon Azimov bu borada ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelayotgan mirishkorlardan. U tomorqasida 3 sotix yoqilg‘isiz isitiladigan kigiz to‘shamali issiqxonada limon va ko‘kat yetishtirish hadisini olgan. Tartib bilan ekilgan nihollar rivojlanishdan to‘xtagani yo‘q. Kelayotgan daromad salmog‘i ham chakki emas. O‘tgan mavsumda 1 tonnadan ortiq limon olib, daromad salmog‘i 30 million so‘mdan oshgan. — Kuz-qish mavsumida sabzavot, sitrus meva yetishtirish va saqlashda kigizdan foydalanish har jihatdan qulay, — deydi tomorqachi ekinlar oralab. — Ayni kunlarda ko‘katning to‘rtinchi hosilini bozorga chiqaryapmiz. Yangicha usulda ish olib borishda tabiiy gaz va ko‘mir bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajat va qimmat isitish tizimlaridan foydalanishga hojat qolmaydi. Kigiz ekinlarni sovuq haroratdan erta ko‘klamga qadar ishonchli himoya qila oladi. Qolaversa, qish sovug‘iga chalinmagan nihollar ko‘klamda yaxshi rivojlanadi, hosildorlik salmog‘i yuqori va sifatli bo‘ladi.
Bugungi kunda hududdagi 80 dan ortiq xonadonda umumiy maydoni 1,5 gektardan ziyod yoqilg‘isiz isitiladigan kigiz to‘shamali ixcham issiqxonalar bor. O‘tgan yilning o‘zida bu yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan tashabbuskorlarga barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 1 milliard 300 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari berildi.
Valijon Qurbonov kigizchilar sulolasining yettinchi avlodi. Oila a’zolari bahor va kuz mavsumiga qadar kigiz tayyorlash bilan andarmon. Bundan tashqari, tomorqadan unumli foydalanib keladi. Uch sotix issiqxonada limon ko‘chatlari parvarishlamoqda. Sarxil nihollarni sovuq haroratdan saqlashda kigiz qo‘l kelmoqda. — To‘shamalarni o‘zimiz tayyorlaymiz, ehtiyojdan ortig‘ini sotamiz, — deydi keksa hunarmand. — To‘shamalar issiqxona ichkarisidagi havo haroratini ortiqcha xarajatlarsiz bir me’yorda saqlab turish xususiyatiga ega. Natijada har qanday ob-havo sharoitida ham yerdan unumli foydalanilyapti. Tabiiy xomashyodan ishlangan to‘shamalar sifatli, arzon va uzoq muddat xizmat qiladi.
Sirasini aytganda, yoqilg‘isiz isitiladigan ixcham issiqxonalar barpo etishni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishga qaratilayotgan e’tibor aholi farovonligini oshirish, bandligini ta’minlash imkoniyatini kengaytirayotgani bilan ahamiyatli.