Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
JORIY YILDA BESARANGLIKLAR 40 GEKTAR YeR MAYDONIGA EKSPORTBOP QOVUN NAVLARINI EKDILAR
2024-04-04 10:33:18 160
Toshloq tumani Besarang mahalla fuqarolar yig‘iniga kirib borar ekansiz hududning o‘ziga xos dehqonchiligi bo‘lgan qovun va tarvuz shaklidagi ramzga ko‘zingiz tushadi. Sababi bu hududning aholisi azaldan qovunchilik bilan shug‘ullanadi. Besarangda ota-bobolardan meros dehqonchilik bugungi kunda zamonaviy mezonlar asosida rivojlanib eksportbop qovun navlari yetishtirishda o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan.
Hududda 754 ta xonadon bo‘lib, shundan 355 tasida qovun yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Ertapishar qovun ko‘chatlari yetishtirish bilan bir qatorda bodring va eksportbop karam navlari ham ekiladiki aholi tomorqasida bo‘sh joyning o‘zi qolmaydi.
— Bu yil tomorqamizga 1500 ta qovun, 1000 ta karam, 1800 ta bodring ko‘chati ekkanmiz. Bodring soya-salqinni yaxshi ko‘radi, shu sababli paykal chetlariga makka ham ekib qo‘ydik,—deydi “Besarang” MFYda yashovchi O. Xoliqov.—Turmush o‘rtog‘im bilan tomorqada mehnat qilib kam bo‘lmayapmiz. O‘tgan yili 50 milliondan ortiq daromad qildik.
Mahalla aholisi yiliga uch-to‘rt marotabagacha hosil olishadi. Shuningdek turli sabzavot va rezavorlar ko‘chatlari yetishtirib sotish ham mahalla ahlining qo‘shimcha daromad manbai hisoblanadi.
—Hududimizda bekorchi insonni o‘zi yo‘q. Aholi dehqonchilik qilib daromad topadi. Shuning uchun ham 2022 yilda 51 ta aholiga 7,5 gektar yer maydonini 30 yilga ijara shartnomasi asosida ajratib berganmiz. Shundan 7 nafari “Ayollar daftari”da turgan fuqarolardir. Mana shu ajratilgan maydonga qovun ekib aholi daromad olishni boshlagan,—deydi mahalla raisi Dilmurod Qosimov.
Mahalla xotin-qizlar faoli Manzuraxon Xomidovaning ta’kidlashicha “Ayollar daftari”da turgan xotin-qizlar ijara asosida berilgan yer maydonlarida dehqonchilik qilib yiliga 45 million so‘mdan daromad olishmoqda. Bundan tashqari qovundan bo‘shagan yerga karam ekishni yo‘lga qo‘yib yana qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lmoqda ekanlar.
Bundan ko‘rinib turibdiki hududda ayollar ham dehqonchilik sohasida mirishkor bo‘lib ketishgan. Birgina Ra’noxon To‘xtasinova tomorqasidagi bir qarich yerdan ham unumli foydalanishda boshqalarga namuna. U qovun ko‘chatlari orasini ham bo‘sh qoldirmay bulg‘or qalampiri ekib mo‘l hosil olish tajribasini olgan.
—Besarangning qovuni nafaqat Farg‘ona vodiysida, balki qo‘shni respublikalarda ham mashhurdir. Shu bois ekologik toza mahsulot MDH davlatlariga eksport qilinmoqda. Bu borada o‘tgan yili Qirg‘izistonga 35 tonna — 250 million so‘mlik, Rossiyaga 52 tonna — 510 milloin so‘mlik qovun eksport qilindi. Yetishtirgan eksportbop qovunlarimiz 20 kungacha yaxshi saqlanib turadi. Shuning uchun ham kelgusida yevropa bozorlariga ham chiqarishni maqsad qilyapmiz,—deydi mahalla raisi D. Qosimov.