Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
TOSHLOQDA XOTIN-QIZLARGA TIKUVCHILIK YO‘NALISHIDA YANGI ISH O‘RINLARI YARATILMOQDA.
2024-04-17 17:12:00 167
Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlashga davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Bunda hududlarda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini boshlashlariga sektor rahbarlari ham yaxshi ko‘makchi bo‘lmoqda.
Toshloq tumanidagi 2-sektorda ham kichik biznes sub’yektlari qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularga faoliyat boshlashlari uchun ko‘maklashilayotgani natijasida tadbirkorlar safi ortib ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. “Zarkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘z tadbirkorligini boshlagan Abdulahat Ro‘ziyevga ham sektor rahbari ko‘magida “TAILOR TEXTILE” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkillanishi ko‘plab xotin-qizlarni ish bilan ta’minlanishiga sabab bo‘ldi.
Ushbu korxonada 70 nafardan ziyod xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ular zamonaviy tikuv mashinalarida mehnat qilmoqdalar. Hozirda o‘n turdan ortiq maxsus ishchi kiyimlari buyurtma asosida tikilib ichki va tashqi bozorlarga chiqarilmoqda.
-“Zarkent” mahalla fuqarolar yig‘inida 300 million so‘mdan ziyod o‘z mablag‘larimizni yo‘naltirib korxonamizni zamonaviy tikuv mashinalari bilan jihozladik,—deydi tadbirkor A. Ro‘ziyev. Quvvati 250 ish o‘rniga ega korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar chet davlatlarga ham eksport qilinmoqda.
—Men "Ucholish" mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilaman va “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turaman. Ikki nafar farzandim bor. Boquvchimiz yo‘qligi sababli mana shu korxonaga kelib ish bilan ta’minlandim. Bu joyda ishchilarga yaxshi sharoit yaratilgan. Ayniqsa maoshlarimiz o‘z vaqtida berilishi, bepul tushlik tashkillanganligi yanada yaxshi ishlashimiz uchun turtki bo‘lmoqda, - deydi G. Jo‘reva.
—Qishlog‘imizda shunday korxona ishga tushib ko‘plab ishsiz xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. Tikuvchilik hunaridan xabari bor ayol va qizlarimiz ishga yangi kelayotgan ishchilarga ham ish o‘rgatib mohir tikuvchi bo‘lishlariga ko‘maklashmoqdalar. Korxonamizga ish so‘rab kelgan xotin-qizlar albatta ish bilan ta’minlanmoqda,-deydi ishchilardan Yo. Isroilova.
Ish unumi ishchilarning kayfiyatiga va ularga yaratilgan sharoitga ham bog‘liqligini inobatga olgan tadbirkor ishchilar ovqatlanishi uchun yorug‘ va shinam oshxona va boshqa zarur imkoniyatlarni tashkillaganligi natijasida korxonaga yana ko‘plab xotin-qizlar ish bilan band bo‘lish uchun tashrif buyurmoqdalar.