Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
KORRUPSIYA TARAQQIYOTGA TAHDID
2024-09-26 14:09:15 184
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon korrupsiyaga qarshi kurash muhim vazifalardan biri etib belgilandi. Davlatdagi barcha huquqni muhofaza etuvchi organlar tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida tuzilmalar vujudga keldi, O‘zbekiston Respublikasi 2008 yil 7 iyulda BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasini ratifikatsiya etdi, korrupsiyaga qarshi kurashda yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi, xususan, qonunchilik sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurashda natija bergan xalqaro normalar milliy qonunchilikka joriy etildi.Yuqoridagilarning natijasi sifatida, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. Davlat rahbarining 2017 yil 7 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda yuqoridagi qonun, davlat apparati va fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu xavfli illat bilan kurashdagi kuch va imkoniyatlarini birlashtirish imkonini bergani haqida ta’kidlagani, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash keng ko‘lam olganini anglatdi. Korrupsiyaga qarshi kurash davlat idoralari faoliyatini, ijtimoiy hayotning barcha sohalarini qamrab oldi, mazkur kurashning mustahkam huquqiy bazasi yaratildi. Jumladan, «Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida», «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida», «Elektron hukumat to‘g‘risida», «Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida», «Jamoatchilik nazorat to‘g‘risida», «Sudlar to‘g‘risida» va boshqa qator qonunlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo‘llagan Murojaatnomasida, «Bugungi kunda islohotlarimiz samarasi ko‘p jihatdan to‘rtta muhim omilga – ya’ni, qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashish, institusional salohiyatni yuksaltirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bog‘liq»-deb ta’kidlab, aynan jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash orqali korrupsiyaga qarshi kurashda ko‘zlangan maqsadlarga erishish mumkinligini e’tirof etdi. Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratgan holda, Prezident barcha davlat idoralari va boshqaruv organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq bo‘lishi shartligini ta’kidladi. Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro amaliyotga nazar tashlab, tez fursatda salmoqli natijalarga erishgan Singapurni misol keltirish mumkin. Mazkur davlatni 1959-1990 yillarda Bosh vaziri bo‘lgan Li Kuan Yu «Korrupsiyani to‘xtatib qolishning eng oson usuli mansabdor shaxslarning o‘z bilganlaricha harakat qilishlari imkoniyatlarini kamaytirishda»-deb aytgan. Aynan, Li Kuan Yu hokimiyatga kelgach, Singapurda «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida» qonun qabul qilindi, jamiyatda qonun ustuvorligi o‘rnatilgani va har bir fuqaroning qonun oldida tengligi davlat taraqqiyotining omili bo‘ldi. Korrupsiyaga qarshi kurashdagi samarali yo‘llardan biri sifatida, Singapur davlati sud tizimi rahbarlarining maoshlari keskin oshirilib, eng yaxshi xususiy advokatlar rahbar lavozimlarga taklif etilgani e’tirof etiladi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashda, ayniqsa kadrlarni tanlash va ularni joy-joyiga qo‘yishning adolatli tartibda amalga oshirilishi o‘zining yuqori samarasini bergani ham xalqaro tajribadan ma’lum. Umuman olganda, korrupsiya butun dunyo uchun xavfli illat hisoblanadi, shu sababli mazkur sohada ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirda jahonda mazkur tashkilotlar va korrupsiyaga qarshi kurashda samarali natijalarga erishgan ilg‘or davlatlar tomonidan korrupsiyaning kelib chiqishi sabablari, uning bartaraf etish masalalari bo‘yicha axborot va malaka almashtirish yo‘lga qo‘yilgan. 1995 yildan buyon esa «Transparency International» xalqaro tashkiloti tomonidan korrupsiyani qabul qilish indeksi e’lon qilib borilmoqda.Tahlillarga ko‘ra, Singapur davlati singari korrupsiya o‘ta pastligi qayd etilgan davlatlar sirasiga, Skandinaviya, jumladan, Daniya, Shvesiya, Finlyandiya, shuningdek, Sh
veysariya va Yangi Zelandiya kiritilgan.
O‘zbekistonning mazkur reytingda tutgan o‘rni so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan qator ijobiy ishlar tufayli yaxshilangan, ammo davlatimiz birinchi yuztalik davlatlari qatorida emasligi sohada amalga oshiriladigan ishlar ko‘pligidan dalolat beradi. Shu sababli, so‘ngi yillarda O‘zbekiston xalqaro tajribaga asoslanib korrupsiyaga qarshi kurash siyosatini olib bormoqda. Ayniqsa, davlat xizmatlari markazlarining tashkil etilishi, tadbirkorlik yo‘nalishida qator to‘siqlarni olib tashlanishi, raqamli iqtisodiyotga o‘tilishi, hokimiyat, sud va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi aniq vazifalari belgilangani, ommaviy axborot vositalariga berilgan so‘z erkinligi, jamoatchilik nazorati o‘rnatilgani, tibbiyot va ta’lim sohalaridagi ijobiy o‘zgarishlar hamda kadrlarni tanlov asosida tayinlash kabilar korrupsiyaga qarshi kurashdagi asosiy strategik yo‘nalishlar hisoblanadi. Davlat rahbari tomonidan olg‘a surilgan «halollik vaksinasi» orqali ham korrupsiya balosiga to‘siq qo‘yish va uni kamaytirishga erishiladi. Korrupsiya illatiga qarshi kurash Prezident va davlat hokimiyati organlarining nazoratida bo‘lishi, jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish layoqatini oshiradi, mamlakatimizning investisiyalarga ochiqligi va xalqaro obro‘sini yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Jinoyat ishlari bo‘yichaQuva tumani sudining raisi Raximov Avazbek Qobiljonovich