Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
ASAL – ShIFO, DARMONDIR
2017-11-23 15:41:54 305
Joriy yilning 15-30 noyabr kunlari viloyatimiz markazida asal bayrami o’tkazilmoqda
Davlatimiz rahbarining joriy yil 22-23 iyun kunlari Farg’ona viloyatiga tashrifi hududimizdagi ko’plab sohalar qatori asalarichilik sohasining taraqqiyotida muhim iz qoldirdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bozorlarimizning to’kinligini ta’minlash, aholiga sifatli, arzon va servitamin oziq-ovqat mahsulotlarini etkazib berish, xususan, viloyatimizda shifobaxsh tabiiy ne’matni ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilayotir. Buning amaliy namunalarini ayni kunlarda viloyatimiz markazida bo’lib o’tayotgan asal bayrami yaqqol namoyon etmoqda.
Har yilgi an’anaga ko’ra o’tkazilayotgan asal bayrami bu gal ham yurtdoshlarimizni eng toza, sifatli va arzon asal ne’matlaridan bahramand etayotir.
Yuzdan ziyod asalarichilikka ixtisoslashgan fermer va dehqon xo’jaliklari tomonidan keltirilgan asal va asal mahsulotlari, ularning xalqimizga maqbul narxlarda sotilishi, tanlovning kengligidan yurtdoshlarimiz mamnun.
-Asalning ming dardga shifo ekanligini odamlar yaxshi bilishadi, -deydi Quvasoy shahridagi “Tolibjon –G’anijon asalarichi” fermer xo’jaligi rahbari G’anijon ota Yo’ldoshev. –Shu bois ham har yilgi bayram mana shunday serfayz o’tadi. Asalning paxta asali, yantoq asali, kiyiko’t asali, lipa, kungaboqar asali, tog’ asali, grechixa asali singari turlari, ayniqsa, xaridorgir. Mahsulotning turi, qaysi o’simlikdan olinganiga qarab shifobaxshlik xususiyati ham xoslanadi. Bugungi kunda oshqozon, buyrak, yurak, jigar xastaliklari, tomoq og’rig’i, shamollash, immunitet pastligi, kamqonlik, umuman, minglab kasallik borki, davosini asaldan topamiz.
-Viloyatimizda asal bayramining o’tkazilishi eng yaxshi an’anaga aylangan, – deydi Farg’ona shahrilik Gulchehraxon Akbarova. – Unda nafaqat asal, u bilan birga, gul changi, propolis, ona ari suti, mum, asalari uyasi, perga singari inson salomatligi uchun g’oyat ahamiyatli, tabiiy darmondori bo’lgan o’nlab asalarichilik mahsulotlarini ham arzon narxlarda sotib olish imkoniyatiga ega bo’lamiz.
Bugungi kunda viloyatimizda mingdan ortiq asalarichilik sub’ektlari ro’yxatga olingan. Bu esa hududda aholini tabiiy, arzon va sifatli asal ne’mati bilan ta’minlash uchun etarli sharoit borligini ko’rsatadi. Viloyatimizda joriy yilning 30 noyabriga qadar davom etadigan asal bayrami xalqimizning mustahkam salomatligi, dasturxonlarimizning to’kinligiga xizmat qilish barobarida mutaxassislar uchun o’zaro tajriba almashish imkonini ham beradi.
Dilnavoz QO’LDOShEVA,
“Farg’ona haqiqati” muxbiri.