- Bosh sahifa
- Yangiliklar
Xalqaro standartlarga mos “Xavfsiz shahar”
×
2018-03-30 17:38:26
33252
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Xavfsiz shahar” tizimiga texnologiya va yechimlarni joriy qilishga oid ilg‘or tajribani o‘rganmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Aloqa tarixi davlat muzeyida bo‘lib o‘tgan seminarda “Xavfsiz shahar” tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda Germaniyaning “Siemens” konserni tomonidan jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida ishlab chiqilgan so‘nggi ishlanmalar namoyish etildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Toshkent shahar hokimligi, Germaniyaning yurtimizdagi elchixonasi, “Siemens” konserni vakillari, kommunal xizmat xodimlari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Seminarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri A.Ahmadxo‘jayev mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida ilk tahrirdagi “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy majmuasini yaratish va uni yanada rivojlantirishga doir konsepsiya ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, “Xavfsiz shahar” tizimini yo‘lga qo‘yishdan ko‘zlangan asosiy maqsad navbatchi-dispetcherlik xizmatiga kelib tushadigan jinoyat va voqea-hodisalar to‘g‘risidagi xabarlarni qabul qilish va ro‘yxatga olish tizimini avtomatlashtirishdan iboratdir.
Konsepsiyaga muvofiq, yo‘llarda sodir etiladigan huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi 280 chorrahada foto va videokameralar o‘rnatish rejalashtirilgan.
Poytaxtning yong‘in xavfsizligi tizimiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi natijasida tilsiz yovga qarshi kurashda tezkorlik oshdi.
– Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari nazorat qilib bo‘lmaydigan yong‘inlarni aniqlash tezligini sezilarli darajada oshirib, ularning turi, darajasi va murakkabligini aniqlashga yordam beradi, bu esa, o‘z navbatida, yong‘inni o‘chirish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, – deydi “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy majmuasini tashkil etish doirasida tuzilgan Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasining Axborot-komunikatsiya texnologiyalari va aloqa markazi rahbari S.Yurov. – Markaz tomonidan yong‘inlarni aniqlash va ularni o‘chirish tezkorligini oshirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Dastlab real vaqt rejimida poytaxtimizning elektron xaritasini muntazam yangilab turadigan shahar geoaxborot tizimi ishlab chiqildi. Bu yong‘in holatlari aniqlanganda, turli tumanlardagi yong‘in xavfsizligi harbiylashgan bo‘limlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va yong‘inni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan yong‘in texnikasi soni va turlarini aniqlash imkonini beradi. Ayni paytda yong‘inlarga oid barcha ma’lumotlar va telefon qo‘ng‘iroqlari yaqinda tashkil etilgan Toshkent shahar Yong‘in xavfsizligi kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga kelib tushadi hamda tunu kun navbatchilik asosida ishlaydigan dispetcherlar tomonidan qayta ishlanadi.
Poytaxtimizning baland imoratlariga yong‘inlarni imkon qadar ertaroq payqash imkonini beruvchi yuqori aniqlikdagi maxsus kameralar o‘rnatilishi yong‘in xavfsizligini ta’minlash eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Hozirgi kunda Toshkentning turli tumanlarida shunday kameralar o‘rnatilyapti. Ular yordamida 17 yong‘in holati erta aniqlandi va bartaraf etildi.
Seminar doirasida “Siemens” konsernining “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi, logistika va intellektual elektron tarmoqlariga doir texnik ishlanmalari namoyish etildi. Konsern mutaxassislari turli mamlakatlarda bunday tizimlarni joriy etish tajribasi va ularning natijalari haqida so‘zlab berdi.
“Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy majmuasining istiqbollari va imkoniyatlari muhokama qilindi.
Manbaa: uza.uz