Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
DOLZARB DAMLAR QADRI
2018-06-12 10:10:31 311
Prezidentimiz Sh. Mirziyoev raisligida 29 may kuni bo’lib o’tgan videoselektor yig’ilishida mamlakatimizda 1 iyundan 1 iyulgacha “G’o’zada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi” deb e’lon qilinganligi ayni kunda har bir fermer, qishloq xo’jaligi mutaxassisini ana shu davrda yanada faolroq ishlash, g’o’za parvarishida gi har bir agrotexnik tadbirni o’z vaqtida va zarur talablar asosida o’tkazishga da’vat etmoqda.
Darhaqiqat bu yil bahorning salqin hamda quruq kelishi paxtakorlar uchun ham jiddiy tashvish keltirmoqda. O’simlikka shira, trips, tomir qurti va boshqa zararkunandalarning xavf solishi, ekinlarning havoning past kelganligi tufayli etarli issiqlikni ololmayotganligi ularning rivojida qo’shimcha ishlov va e’tiborni talab qilyapti. Bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri g’o’za qator oralarida texnikalardan samarali foydalanish, erni obi-tobida yumshatish orqali ekinni issiqlikka bo’lgan talabini yanada oshirishdan iboratdir. Qolaversa ikkinchi oziqlantirishni o’z vaqtida amalga oshirish kerak.
6300 gektar erda paxta etishtirayotgan tumanimizda ham har gektar er hisobiga 10 tonnadan mahalliy o’g’itni dalaga chiqarish, boshlanayotgan sug’orish mavsumini faqat sharbat usulida o’tkazish muhim talablardan biri bo’lib turibdi. Qolaversa yana bir xavf—paxta shonalashidanoq ko’sak qurtining ekinga xavf solishini oldini olish maqsadida unga qarshi biologik va kimyoviy omillardan foydalangan holda choralar ko’rishni vaqt taqazo etyapti. Tuman bo’yicha ayni kunda 118 ta kultivator, 26 ta OVX, 8 ta OShU apparatlari mavjud bo’lib ulardan samarali foydalanish bo’yicha fermer xo’jaliklari, MMTPlar kesimida tadbirlar ishlab chiqildi. Bundan tashqari 4000 gektar erga chigitning qo’shqator usulida ekilganligi e’tiborga olinib ana shu maydonlardagi ekinlarga alohida ishlov berish bo’yicha tadbirlar amalga oshirilyapti.
Tumanda joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligi qiyinchiliklarini bartaraf etish bo’yicha har bir fermer va mutaxassislarga keng miqyosda tushuntirish ishlari olib borilib erda namlikni saqlash maqsadida mahalliy o’g’itlardan ko’proq foydalanish bo’yicha tavsiyalar berilmoqda.
Respublikamiz miqyosida o’tkazilayotgan “G’o’zada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi” tumanimizda ham yuksak uyushqoqlik, fermer va mutaxassislarimizning faolligida o’tayotganligini g’o’za parvarishida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlardan ham bilib olish qiyin emas. Dehqonlarimiz mo’l va sara paxta hosili etishtirishda ushbu dolzarb damlarning har daqiqasidan omilkorlik bilan foydalanishga harakat qilmoqdalar.
I. G’ofurov,
tuman qishloq xo’jaligi bo’limi boshlig’ining o’rinbosari.