Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“Har bir oila — tadbirkor”
2019-07-20 09:44:02 282
“Har bir oila — tadbirkor”
Hayotbaxsh dastur doirasida amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar tufayli 24 nafar tumanimizning do’ppido’z hunarmandlari imtiyozli kreditlarni qo’lga kiritishdi
MILLIY HUNARMANDChILIGIMIZ RIVOJI YO’LIDA
Furqat mahalla fuqarolar yig’inini do’ppido’zlar mahallasi desa ham bo’ladi. Boisi bu go’shada kuyov do’ppi tayyorlovchilarning mohir ustalari istiqomat qilishadi. Manaman degan do’ppichilar shu mahallalik desa ham bo’laveradi. “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida bugun bu erda do’ppichilik hunari sirlari avloddan-avlodga o’tib kelmoqda. Mahallaga kelin bo’lib tushgan qizlarga ham qaynonalari birinchi galda do’ppining tepchish, piltakachlash va quloq ulash kabi jarayonlarini o’rgatishadi. Uyidagi yumushlarini bajarib, bo’sh vaqtida “bekor o’tirmay, bekor ishla” deyishganiday shu yo’sinda ham pul topib farovon yashayotganlar mahallada ko’pchilikni tashkil etadi.
Aktsiyadorlik tijorat Xalq bankining tuman fililali orqali Furqat va Do’stlik mahallalarida istiqomat qiluvchi 24 nafar do’ppido’zlarga 10 million so’mdan hunarni rivojlantirish orqali turmushlarini yanada yaxshilashga qaratilgan kreditlar taqdim etildi. Naqd pul mablag’larini qo’lga kiritgan hunarmandlar endi oilaviy tadbirkor sifatida kelin-qizlariyu, qo’ni-qo’shnilarni yonlariga olgan holda faoliyatlarini davom ettirishadi.
- Mahallamizning Ma’rifatxon Asqarova, Zulfiyaxon Siddiqova, Mamlakatxon Jo’raboeva, Qoriyaxon Hasanova kabi usta duppichilari, Muxabbatxon Rustamova, O’ktamxon Husayinova, Ortiqxon Chopqieva hamda Odinaxon Hoshimova singari do’ppichilikni davom ettirib kelayotgan mohir hunarmandlari ham borki ular qo’lidan chiqayotgan Marg’ilon do’ppilari bugun respublikamiz bo’ylab tarqalmoqda, - deydi mahalla fuqarolar yig’ini mutaxassisi Shaxribonu Ma’murova, - Do’ppi tayyor xolatga kelishi uchun bir necha jarayonlardan o’tadi. Asosan qo’l mehnati orqali yaraladigan do’ppilarimiz mahallaning har bir xonadoniga kirib chiqadi desak ham bo’laveradi. Shu boisdan ham uy bekalarimizning deyarli barchalari ish bilan ta’minlangan.
Do’stlik mahallasilik Tojixon Oqyulova, Matlubaxon Tursunova hamda Dildoraxon Yusupova singari yana 6 nafar hunarmandlar ham do’ppichilik uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni olishga muvaffaq bo’lishdi. Mahalla mutaxassisi Gulbaxorxon Hojibadalovaning ta’kidlashicha hozirda ular usta-shogird an’analari asosida ishni kengaytirishib hunar sirlarini yoshlarga o’rgatib kelishmoqda. Bu esa yoshlarimizni ish bilan band etish, qo’shimcha ishchi o’rni yaratish maqsadida olib borilayotgan salmoqli ishlarga xissa hamdir.
Xotin-qizlar uchun ish o’rinlari yaratish bugun Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan odilona siyosatning har bir bandidan o’rin olmoqda. Undan oqilona foydalanganlar o’z oilasi farovonligini oshirish barobarida jamiyatimiz uchun ham katta hissa qo’shib borishayotgani quvonarli holdir, albatta.
Husnidaxon Yakubova,
“Toshloq tongi” muxbiri.