Shrift o'lchami Rang Rasm

www.toshloq.uz


<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 1 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi


MUNOSABAT: Bog’ buzilishiga asos bor!

 2019-11-06 15:07:01    265

PDF yuklash
Chop etish


 “Ozodlik” radiosining “Sizdantelegramm” nomli telegram kanalida 2019-yil 4-noyabr kuni chiqarilgan “Xonariq qishlog’ida bog’lar vayron qilinmoqda” sarlavhali videolavhaga Toshloq tuman hokimligining munosabati

        So’nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo’jaligi sohasida ko’plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Hosildorligi past bo’lgan paxta ekin maydonlari qisqartirilib intensiv bog’lar bunyod etilib, eksport qilish uchun mo’ljallangan  mahsulotlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek har bir dehqonchilik qilish uchun mo’ljallangan ekin maydonlarining hosildorligini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Albatta bog’ va tokzorlarning har bir qarichidan oqilona foydalanish fermerlar zimmasidagi nafaqat mas’uliyat, balki burch ham  hisoblanadi. Daraxtlar qator oralarini sifatli qilib yumshatgan holda u yerlarga ertaki sabzavot va poliz ekinlarini joylashtirgan holda yiliga ikki-uch martadan hosil olish mumkin. Ayniqsa ekinlarni plyonka ostida parvarishlash hosildorlikni oshirish omilidir. Bog’ oralarida rediska, kartoshka, sabzi, oshqovoq singari mahsulotlar qanchalik ko’proq yetishitirilsa bu avvalo fermerning o’ziga moddiy manfaatdorlik keltiradi.

Tumanimizda bir necha bor ko’rgazmali seminarlar o’tkazilib ishtirokchilarga ekinlarni plyonka ostida parvarishlash, daraxtlarga shakl berish, bog’larda to’liq mevali ko’chatlar bo’lishini ta’minlash va boshqa sohalarda mutaxassislar tomonidan maslahatlar berilmoqda. Bog’ oralariga kelgusi yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to’qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini joylashtirishga bejiz respublikamiz miqyosida ahamiyat kuchaytirilmayapti. Bu tadbirlar o’z o’zidan yurtimizdagi fermer xo’jaliklarida har qarich yerdan oqilona foydalanish, qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirishda qo’shimcha imkoniyatlarni ishga solish, yurtdoshlarimiz dasturxonining to’kin, bozorlarimizda mahsulotlarning arzon bo’lishiga xizmat qiladi.

Sarimsoqpiyoz, piyoz, sabzi, kashnich, ukrop singari turli ko’katlar, ismaloq va boshqa mahsulotlarning serob bo’lishi albatta turmushimiz farovonligini ta’minlashda muhim rol o’ynaydi.  Tumandagi turli yo’nalishdagi fermer xo’jaliklarida ana shu maqsaddan kelib chiqib belgilangan ekinlarni rejali asosda ekish va parvarishlashga harakat qilinyapti.  Jumladan “Boburjon ko’rki”, “Sotvoldi Tojiumar xoji”, “Vahobjon Sevaragul bog’i”, “Ismoilov Toir Ismoilovich” bog’dorchilik fermer xo’jaliklarida ijobiy ishlar olib borilayotir. Biroq ayrim xo’jaliklarda bu ishga e’tiborsizlik bilan qaralayotganligini ham ta’kidlash joizdir. Ekilayotgan piyoz, sarimsoqpiyozning parvarishi o’z vaqtida olib borilib mo’l hosil ko’tarilsa, noyabr oyida to’qsonbosti usulida ismaloq, ko’k piyoz, turli ko’katlarning ekilishi ham katta naf keltirishini anglamayotgan fermerlar ham yo’q emas.

Tuman hokimining joriy yil 30-oktyabrdagi 6410-sonli “Tumanda samarasiz foydalanilayotgan bog’ maydonlarini buzib, ekin yer maydonlariga o’tkazilishini ta’minlash to’g’risida”gi qaroriga asosan Ishchi guruhi tashkillanib Xonariq MMTP hududidagi bog’dorchilik fermer xo’jaliklarida o’rganishlar olib borildi. “Mahkamboy bo’ston sahovati” bog’dorchilik fermer xo’jaligini o’rganish jarayonida fermer xo’jaligining umumiy yer maydoni 10.15, shundan ekin maydoni 9.98 gektar ekanligi, 8 gektardan ortiq ekin maydonida olma, o’rik, olxo’ri, yong’oq, bodom, gilos va boshqa turdagi daraxtlar mavjudligi, 1.7 gektar maydon daraxt ekilmasdan bo’sh turganligi aniqlandi.

Shuningdek fermer xo’jaligidagi bog’ bog’dorchilik va dehqonchilik madaniyatiga mos tarzda tashkil etilmaganligi sababli har xil yoshdagi daraxtlar, mavjud ekilgan ko’chatlar bugungi kun talabiga javob bermasligi, ko’chatlar bir tekis ekilmaganligi va to’liq emasligi, bundan tashqari bog’ qator oralariga yetarlicha ishlov berilmaganligi natijasida begona o’t bosgani, ekish mumkin bo’lmagan makkajo’xori ekini ekilganligi ishchi guruhi tomonidan aniqlandi. Garchi imkoniyat bo’lsa-da intensiv bog’ tashkil qilinmagan, tomchilatib sug’orish texnologiyasi o’rnatilmagan hamda bog’ tashkil qilingandan buyon eksportga mahsulot chiqarilmagan.

“Ozodlik” radiosining “Sizdantelegramm” nomli telegram ijtimoiy tarmoq kanalining 2019-yil 4-noyabr kuni сhiqarilgan “Xonariq qishlog’ida bog’lar vayron qilinmoqda” sarlavhali videolavhadan so’ng tuman hokimligi mutaxassislari tomonidan o’rganish olib borildi. O’rganish davomida videolavha “Mahkamboy bo’ston sahovati” bog’dorchilik fermer xo’jaligidan olinganligi aniqlandi. Fermer xo’jaligi rahbari M.Yo’lbo’ldiyev bundan xabari yo’qligini, videolavhadagi ovoz ishchi-xodimlariniki emasligini ma’lum qilib, bog’ning buzilishi ishchi guruhi tomonidan ogohlantirish xati asosida amalga oshirilganligi, darhaqiqat bog’ bugungi kun talabiga javob bermasligini ta’kidlab o’tdi.

Hozirda fermer xo’jaligining ekin maydoni daraxt qoldiqlaridan tozalanib shudgor qilishga tayyorlanmoqda.

 

Toshloq tuman hokimligi axborot xizmati.