Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
SENING FARZANDLARING, O’ZBEKISTON!
2019-11-29 17:33:57 285
G’oliblar taqdirlandi
SENING FARZANDLARING, O’ZBEKISTON!
Toshloq tumani hokimligida Qozog’iston Respublikasi Chimkent shahrida 2004-2005 yillarda tug’ilgan yoshlar o’rtasida sportning turon yakkakurashi turi bo’yicha o’tkazilgan jahon kubogi musobaqasida fahrli o’rinlarni egallagan sportchilarimizni taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari rahbarlari, mahalla fuqarolari yig’inlari raislari va sportsevar yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbirni tuman hokimi SH.Abdusalomov ochib, mamlakatimizda sportga berilayotgan e’tibor, yoshlarimizni sport bilan muntazam shug’ullanishlari uchun tumanimizda yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ta’kidlab, g’olib sportchilarimizni samimiy muborakbod etdi hamda kelgusi ishlariga zafarlar tiladi. Shundan so’ng 9 nafar g’olib sportchilarimizga tuman hokimligining esdalik sovg’alari topshirildi.
-Bundan 25 yil avval tumanimizda turon yakkakurashi sport turini tashkillagan edik. Yillar davomida turli musobaqa va turnirlarda shogirdlarimiz yuqori marralarni zabt etishib, ishonchimizni oqlashmoqda, - deydi biz bilan suhbatda bosh murabbiy Rasuljon Uzoqov. – Hozirda 10-, 12- va 25-maktablarda tashkil etilgan guruhlarimizda ikki yuzdan ortiq yoshlarimiz bu sport turi bilan muntazam shug’ullanmoqdalar. Yoshlarimizga 7 nafar malakali murabbiylarimiz tomonidan sport mashg’ulotlari o’tkazilmoqda.
Eng quvonarlisi, O’zbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Qozog’iston, Ukraina, Ozarbayjon davlatlaridan ishtirok etgan 300 nafardan ortiq sportchilarni qamrab olgan mazkur musobaqada tumanimizdan 12 nafar turon yakkakurashchilarimiz ishtirok etib 9 nafarlari g’oliblik shohsuappasidan joy oldilar. Musobaqada Islombek Mamajonov, Rajabbek Ergashev, Zubaydaxon Obidova, Dilxush Ibrohimovalar 3-, Botirjon Turdimamatov 2-, Farruxbek Ismoilov, Dilbaroy O’rinboyeva hamda Abduvosit Vahobovlar esa 1-o’ringa munosib topildilar.
-Sportga bo’lgan qiziqishim yoshligimda uyg’ongan. 25-maktabda murabbiyimiz R.Uzoqovdan kurash san’atining sir-asrorlarini o’rgandim. Ko’plab musobaqalarning eng yuqori shohsuppasida turdim, - deydi Jahon kubogi sovrindori, 2-maktabning 9-sinf o’quvchisi O’rinboyeva Dilbaroy. –O’tgan o’quv yilida huquq fanidan o’tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”da tumanimizda g’olib bo’ldim. Albatta ham sportni, ham fanlarni o’zlashtirish oson kechmaydi. Lekin, inson o’zi istasa, hoxishi bo’lsa, ikkisini birdek olib ketsa bo’ladi. Kelajakda albatta jahon arenalarida g’oliblikni qo’lga kiritib, yurtim bayrog’ini yuqori turishi uchun bor imkoniyatim, bilim va salohiyatimni sarf etaman.
Furqatjon QODIROV,
Toshloq tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.