Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
KONSTITUTSIYA – QOMUSIMIZ, FAXRIMIZ
2019-12-07 18:15:26 587
Odatda ko’p davlatlar Konstitutsiyasi nufuzli ekspertlar, deputatlar tomonidan ishlab chiqilib, so’ngra parlamentda qabul qilinadi. Bunday hujjatlar mutaxassis nuqtai nazaridan yuqori baholarga sazovor bo’lsa-da, unda xalqchillik, xalq ruhiyati yetishmaydi.
Ayrim davlatlar hatto o’z Asosiy qonunlarining referendumda, xalq ishtirokida qabul qilingani bilan faxrlanishadi. Albatta, bu eng oliy darajadagi qaror. Biroq bu jarayonda xalq oldida faqat ikki savoldan biriga javob berish imkonigina bo’ladi: Konstitutsiya matnini tasdiqlash yoki rad etish.
O’zbekiston Konstitutsiyasining o’ziga xosligi shundaki, u ikki marotaba xalq muhokamasida yurtdoshlarimiz xohish-irodasi bilan boyitildi. Umumxalq muhokamasi davomida Konstitutsiya loyihasi yuzasidan jami 6 mingdan ortiq taklif va mulohaza bildirilgan.
Ma’lumki, davlat va jamiyat hayotida ba’zi bir narsalar bo’ladiki, u Vatanimiz kabi yagonadir: bayrog’imiz, gerbimiz, madhiyamiz, shuningdek Konstitutsiyamiz ham yagonadir. Bularning har biri o’z timsolida ona Vatanimiz, xalqimizning ezgu-maqsadlarini o’zida aks ettiradi. Shu ma’noda Konstitutsiyamiz har bir fuqaro uchun bayrog’imiz, gerbimiz, madhiyamiz kabi muqaddasdir.
Bosh qomusimiz muqaddimasida mamlakatimiz fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilish, demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida Konstitutsiya qabul qilinganligi qayd etilgan. Ya’ni Konstitutsiyamizning asosiy mohiyati insonga munosib hayot sharoitlari yaratish, uni baxtli qilishdan iborat.
Yana muhim hamda xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etiladigan xususiyat – bu Konstitutsiyaning “O’zbekiston xalqi” deb boshlanishidir. Bunday jumlalarni boshqa biron bir qonunda uchratmaymiz. Buning o’zi ham xalq hokimiyatchiligining yorqin dalolati.
Konstitutsiyamizning yana bir eng muhim xususiyati – bu xalq suvereniteti e’tirof etilganligidadir. Asosiy qonunimizning 7-moddasida xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai ekani muhrlangan. Asosiy qonunimizda “demokratiya” va “demokratik” so’zlari 7 marta, “xalq” so’zi 24 marta qo’llangan.
G’arb olimlari dunyo konstitutsiyalari tahlili natijasida 70 ta asosiy mavzuning qamrab olinishi bo’yicha 190 davlat konstitutsiyasi va konstitutsiyaviy ahamiyatdagi boshqa hujjatlarni o’rganganda davlatimiz Asosiy qonuni 0,59 natijani ko’rsatib, nisbatan ko’proq mavzularni qamrab olgani ayon bo’ldi. Bu jihatdan Avstriya Konstitutsiyasi 0,57, AQSH Konstitutsiyasi 0,49, Buyuk Britaniyaning konstitutsiyaviy ahamiyatdagi hujjatlari 0,43 natijani ko’rsatgan.
Konstitutsiyamizda inson manfaatlari ustun qo’yilgan. Asosiy qonunimizni sinchiklab o’rgangan har bir shaxs bevosita guvohi bo’ladiki, uning butun mazmun-mohiyati insonga xizmat qilishga yo’g’rilgan. Konstitutsiyamizning biron bir joyida “davlatning huquqi” yoki “fuqarolar davlat hoxish-irodasini bajarishi shart” qabilidagi qoidalar uchramaydi. Aksincha, Asosiy qonunimizda “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”, “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi” kabi davlatning majburiyatlarini uchratamiz.
Konstitutsiyamiz o’zining insonparvarligi bilan ham ajralib turadi. Unga ko’ra voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg’iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo’lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o’qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag’ishlangan xayriya faoliyatlarni rag’batlantiradi.
Konstitutsiyamizning yana bir muhim jihati, bu uning barqarorligidadir. Qayd etish joizki, o’tgan 27 yil mobaynida Konstitutsiyamizning asosiy prinsiplari, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari, jamiyat va shaxs munosabatlari, ma’muriy-hududiy va davlat tuzilishiga oid normalari o’zgarmadi. O’tgan davr mobaynida unga 12 ta o’zgartish va qo’shimcha kiritilgan bo’lsa-da, bularning deyarli barchasi davlat hokimiyatini tashkil etish bo’limiga kiritilgan tuzatishlar bo’lib, u ham bo’lsa mamlakatimizda konstitutsiyaviy prinsip bo’lgan xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, davlat hokimiyatini tashkil etish va faoliyat ko’rsatishida fuqarolarning bevosita va bilvosita ta’sirini oshirish, parlamentning davlat ichki va tashqi siyosatidagi rolini kengaytirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda konstitutsiyaviy va odil sudlovning o’rnini yanada mustahkamlashga oid tuzatishlardir.
Qadimgi Rim yuristlarining fikricha, qonun qisqa, lo’nda bo’lishi lozim. Dunyoda eng ko’p so’z ishlatilgan Konstitutsiya Hindiston Asosiy qonuni bo’lib, mutaxassislar fikriga ko’ra unda 146 ming 385 so’z ishlatilgan. AQSH Konstitutsiyasida 7 ming 762, Frantsiya Konstitutsiyasida 10 ming 180 so’z ishlatilgan. O’zbekiston Konstitutsiyasida esa 7 ming 550 so’z qo’llanilgan.
Qayd etish joizki, dunyodagi eng rivojlangan davlatlar Konstitutsiyalari bilan raqobatlashadigan Konstitutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish masalaning bir jihati. Masalaning boshqa bir muhim tomoni, qabul qilingan hujjatni hayotimizga samarali tatbiq etishda namoyon bo’ladi. Bu Konstitutsiyada ko’zlagan maqsadlarimizning eng muhim shartidir.
Qadimdan huquqshunoslikda “huquq, qonun hushyor, ogoh, g’ayratli odamlar uchun yoziladi, g’aflatda qolganlar uchun emas. Kim huquqlaridan foydalanmasa, ko’rgan zarari uchun o’zi aybdor” degan qarashlar mavjud.
Shunday ekan, Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda kafolatlangan huquqlardan har birimiz o’z o’rnida foydalana olsak, hamisha har yerda huquqlarimiz ta’minlanishiga erishamiz.
Konstitutsiyamizning 32-moddasida fuqarolarimizning siyosiy huquqlari sifatida jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o’z vakillari orqali ishtirok etish huquqlari mustahkamalanib qo’yilgan. 23-bob, 117-moddasida fuqarolarimizning saylash va saylanish huquqlari mustahkamlangan.
Hammamizga ma’lumki, mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon - joriy yilning 22 dekabr kuni yangi qabul qilingan Saylov kodeksi asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga saylovlar bo’lib o’tadi. "Yangi O’zbekiston, yangi saylovlar!" shiori ostida o’tkazilayotgan muhim siyosiy kampaniyaga juda qizg’in hozirliklar ko’rilmoqda.
Bu jarayonda Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatini keng targ’ib qilish va uning saylov tizimiga oid normalarini hayotimizda to’la qonli aks ettirish, aholi keng qatlamlari, ayniqsa, saylovlarda ilk marta ishtirok etadigan yoshlarning huquqiy savodxonligi va saylov qonunchiligidan xabardorligini oshirish har bir tumanimiz faoli oldida turgan juda ham muhim vazifadir.
Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, Asosiy Qomusimiz jamiyatimizdagi osoyishta va tinch hayotimiz, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligimiz va taraqqiyotimizning kafolati sifatida beqiyos ahamiyatga ega. Buni har birimiz yurakdan his etib, Asosiy Qomusimizni yanada chuqur va atroflicha o’rganishimiz, uning har bir normasidagi talablarga kundalik hayotimizda qat’iy amal qilishimiz zarur.
A.Habibullayev,
jinoyat ishlari bo’yicha Toshloq tuman sudi raisi.