Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
ENDI XULOSA BERUVCHI TASHKILOTLARNING “QOSH-QOVOG’I”GA QARAB TURILMAYDI
2019-12-17 15:56:12 266
Joriy yilning 9 dekabr kuni mamlakatimiz rahbarining “Byurokratik to’siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 4546-sonli Prezident qarori e’lon qilindi.
Bu muhim xujjatga ko’ra, endilikda yashash joyidan va yashayotganligi to’g’risida, fuqaroning yolg’iz yashayotganligini tasdiqlovchi kabi 28 turdagi ma’lumotnomani talab etish taqiqlandi. Qolaversa, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari tomonidan ularning berilishiga aslo yo’l qo’yilmaydi.
Ushbu muhim o’zgarish bizga nima beradi?
Mazkur qarorda keltirilishicha, o’tkazilgan tahlillar natijasiga ko’ra, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimliklar, davlat organlari va tashkilotlar eskirgan byurokratik usullarda ish yuritar edi. Shu jumladan, hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish darajasining pastligi, qog’ozbozlik hajmining yuqoriligi, shuningdek, amaliy ahamiyatga ega bo’lmagan ko’plab yig’ilish va majlislar o’tkazish amaliyoti saqlanib qolayotgandi.
Qabul qilingan bu qaror endilikda davlat xizmatlarini ko’rsatish sifatini takomillashtirish, ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish, ortiqcha qog’ozbozlikdan vos kechish, byurokratik to’siqlarni bartaraf etish imkoniyatini berdi. Albatta, ko’zda tutilgan barcha belgilangan ishlar bosqichma bosqich amalga oshiriladi. Asosiysi, bu muhim voqeelik amaliyotga joriy etildi.
Davlat idoralari qanday tartibda ishlaydi?
2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy bo’linmalari o’rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko’rinishda shakllantiriladi va amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 martga qadar tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyati bo’yicha zarur hisobotlarni real vaqt rejimida tuzish hamda 2021 yil 1 yanvarga kelib qog’oz ko’rinishidagi blankalar, shakllar va jadvallarni to’ldirishdan to’liq voz kechadi.
Barcha davlat organlari va tashkilotlarda hisobot va hujjat aylanishi va yuritilishining avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi.
Mahalliy hokimliklarning qanday vakolatlari olib tashlandi?
Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab hokimliklarning alohida funksiya va vakolatlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalariga o’tkaziladi.
Ya’ni:
Aholining ichimlik, maishiy va boshqa ehtiyojlari uchun mo’ljallangan suv olish inshootlaridan foydalanish to’g’risida qaror qabul qilish, O’zbekiston Respublikasi Suv xo’jaligi vazirligining irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi tumanlar (Quvasoy shahar) irrigatsiya bo’limlariga;
Yovvoyi holda o’suvchi o’simliklarni chorvachilik ehtiyojlari uchun tayyorlash uchun hamda davlat o’rmon fondi yerlariga kirmaydigan zaxira yerlarida pichan o’rish va chorva mollarini o’tlatish uchun ruxsatnomalar berish O’zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasining Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo’linmalariga;
Ish joyining transportda qatnash jihatidan qulayligini (yo’l qo’yiladigan uzoqlikda ekanligini) belgilash Aholi bandligiga ko’maklashish tuman (shahar) markazlariga;
Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi berish tuman (shahar) soliq inspektsiyalariga;
Turar joyni noturar joy toifasiga o’tkazishga ruxsatnoma berish tumanlar (shaharlar) qurilish bo’limlariga;
Dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosini amalga oshirishga litsenziya berish O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog’ini rivojlantirish agentligining hududiy bo’linmalariga;
Nodavlat ta’lim muassasalarining chet tillarni o’rganish bo’yicha o’quv kurslarini tashkil etish sohasidagi faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berish Qoraqalpog’iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmalariga;
Rieltorlik faoliyatini olib borish uchun litsenziya berish vakolati O’zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo’linmalariga berildi.
Shuningdek, hokimliklarning bozor faoliyatini to’xtatib turish bo’yicha qaror qabul qilish kabi vakolatlari bekor qilinadi.
Alohida ta’kidlab o’tish joizki, qaror 1- ilovasidagi 6-10 bandlarida ko’rsatib o’tilgan alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi, turar joyni noturar joy toifasiga o’tkazish, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosini amalga oshirishga litsenziya berish kabi 5 ta jarayon davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilsada, hamkor tashkilotlardagi ortiqcha yugur yugurlar, xulosa beruvchi komissiya tarkibidagi tashkilotlarning “qosh-qovog’i”ga qarab turish holatlari hali yo’qolmagan edi. Bu jarayondagi ortiqcha vaqt esa reglament asosida DXM tomonidan belgilangan muddatning cho’zilib ketishi va ma’muriy javobgarlikdan “qutilib qolish” maqsadida hamkor tashkilotlarning asossiz ravishda tadbirkor arizani rad qilish holatlari yuzaga kelayotgandi. Bu esa byurokratik to’siqlar va korrupsiyani yuzaga keltirib oylar davomida tadbirkorning hokimlik eshigidan ketmasligiga majburlar edi.
Qabul qilingan qaror asosida endilikda, hokimliklar tarkibidagi 5 ta tashkilotdan tarkib topgan komissiyaning xulosalari olinmaydi. Davlat xizmatlari markazlari orqali elektron tartibda faqatgina vakolatli yagona tashkilot orqali ruhsatnoma va litsenziyalar beriladi.
Aslida, achchiq ichakdek cho’zilib kelayotgan bu kabi byurokratik to’siqlar aholi va tadbirkorlarning yillar davomida boshini og’ritib kelgan muammolar. Yangi qaror bilan bu holatlarga chek qo’yildi.
Elyor A’zam.