Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
TOSHLOQ TUMAN KENGASHINING BIRINCHI SESSIYASI BO’LIB O’TDI
2020-01-15 14:21:16 260
Oltinchi chaqiriq xalq deputatlari Toshloq tumani Kengashining birinchi sessiyasi bo’lib o’tdi. Unga 9-Hamrak saylov okrugidan saylangan deputat Tursunboy Soliyev raislik qildi.
Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimining o’rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, korxona va tashkilot rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.
Shuningdek, sessiyada viloyat hokimining o’rinbosari Kasimova Dilafruz Shavkatovna qatnashdi.
19-Xo’jaariq saylov okrugidan deputat Mohiraxon Qoraboyeva sessiya kotibi etib saylandi.
Sessiya kun tartibiga oltita masala kiritildi.
1. Tuman saylov komissiyasi raisining axboroti.
2. Xalq deputatlari Toshloq tuman Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to’g’risidagi Nizomni tasdiqlash to’g’risida.
3. Xalq deputatlari Toshloq tumani Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlarini ro’yxatga olish.
4. Xalq deputatlari Toshloq tumani Kengashining doimiy komissiyalarini tuzish.
5. Farg’ona viloyati hokimi tomonidan Toshloq tumani hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash.
6. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari Qo’shma majlisi Maslahat Kengashi a’zoligiga nomzodni tavsiya etish haqida.
Kun tartibidagi birinchi masala, VI chaqiriq xalq deputatlari Toshloq tuman Kengashiga o’tkazilgan saylov natijalari haqida tuman saylov komissiyasining raisi O’rmonjon Karimov axborot berdi. U saylov O’zbekiston qonunchiligi asosida bo’lib o’tganini va 30 nafar saylangan deputat maqomini tasdiqladi.
Kun tartibining ikkinchi masalasi yuzasidan sessiya kotibi Mohiraxon Qoraboyevaga so’z berildi.
Shundan so’ng xalq deputatlari Toshloq tuman Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to’g’risidagi Nizomi haqidagi qaror tasdiqlandi.
Xalq deputatlari Toshloq tuman Kengashiga saylangan deputatlarning quyidagi partiya guruhlari:
- Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal demokratik partiyasidan saylangan 9 nafar deputatdan iborat partiya guruhi;
- O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan saylangan 4 nafar deputatdan iborat partiya guruhi
- O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan 7 nafar deputatdan iborat partiya guruhi;
- O’zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan 8 nafar deputatdan iborat partiya guruhi ro’yxatga olindi.
Kun tartibining navbatdagi masalasi muhokama qilingach, O’zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi Qonunning 19-moddasiga asosan Xalq deputatlari Toshloq tuman Kengashining quyidagi tarkibda 7 ta doimiy komissiyasi tuzildi:
1) Mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo’yicha;
2) Qonuniylikni ta’minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari bo’yicha;
3) Ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo’yicha;
4) Sanoat, transport, qurilish, kommunal xo’jaligi masalalari va aholiga xizmat ko’rsatish bo’yicha;
5) Agrar, suv xo’jaligi masalalari va ekologiya bo’yicha;
6) Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda ishlash masalalari bo’yicha;
7) Reglament va deputatlik odobi masalalari bo’yicha.
Komissiyalar raisi etib,
6-So’filar saylov okrugidan saylangan deputat Akmaljon Shermatov.
10-Sirlimachit saylov okrugidan saylangan deputat G’ayratjon Yuldashev.
30-Bo’ston saylov okrugidan saylangan deputat Ziyoda Xalilova.
2-Bobur Mirzo saylov okrugidan saylangan deputat Akmal Boltaboyev.
23-Xonariq saylov okrugidan saylangan deputat Ro’ziboy Matqulov.
19-Xo’jaariq saylov okrugidan saylangan deputat Mohiraxon Qoraboyeva.
9-Xamrak saylov okrugidan saylangan deputat Tursunboy Soliyev nomzodlari tasdiqlandi.
Kun tartibidagi tashkiliy masala – Farg’ona viloyati hokimi tomonidan Toshloq tumani hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash yuzasidan Farg’ona viloyat hokimi o’rinbosari Dilafruz Kasimova so’zga chiqdi.
Farg’ona viloyati hokimi tomonidan Toshloq tumani hokimi lavozimiga 21 – Nayman saylov okrugidan saylangan deputat Shuhratjon Tolibovich Abdusalomov nomzodini xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida tasdiqlash to’g’risida Taqdimnoma kiritilganligini bildirdi va uni o’qib eshittirdi.
Ushbu taqdimnoma muhokamasida O’zbekiston “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi, 10-Sirlimachit saylov okrugidan saylangan deputat G’ayratjon Yuldashev, O’zbekiston Ekologik partiyasi tuman Kengashi raisi, 23-Xonariq saylov okrugidan saylangan deputat Ro’ziboy Matqulovlar so’zga chiqdilar va Toshloq tumani hokimligiga tavsiya etilgan Shuhratjon Abdusalomov nomzodini qo’llab-quvvatladilar.
Shuhratjon Tolibovich AbdusalomovToshloq tuman hokimi etib bir ovozdan tasdiqlandi.
Sh.Abdusalomov so’zga chiqib, bildirilgan yuksak ishonch uchun viloyat hokimiga va xalq deputatlari Toshloq tumani kengashi deputatlariga minnatdorchilik bildirdi. Bor kuch va bilimini Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo’lida safarbar qilib fidoyilik va sadoqat bilan xizmat qilishga va’da berdi.
Oliy Majlis Senati a’zoligiga Farg’ona viloyatidan saylovni shu yil 17 yanvar kuni o’tkazish haqida Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilingan edi.
O’zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari Qo’shma majlisi Maslahat Kengashi a’zoligiga nomzodni tavsiya etishi ko’zda tutilgan.
Kun tartibidagi so’nggi masala muhokama qilinib, maslahat Kengashi a’zoligiga 19-Xo’jaariq saylov okrugidan saylangan deputat Qoraboyeva Mohiraxon Muxiddinovna nomzodi tasdiqlandi.
Shu bilan oltinchi chaqiriq xalq deputatlari Toshloq tumani Kengashining birinchi sessiyasi o’z ishini yakunladi.
Toshloq tumani hokimligi Axborot xizmati.