Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“TANISHAMIZ” LOYIHASI DOIRASIDA TUMAN TIBBIYOT BIRLASHMASI RAHBARI T.MAMAJONOV BILAN SUHBAT
2020-01-22 14:48:25 353
-Hurmatli Tursunali aka Mamajonov, suhbatimiz boshida sharafli kasb bo’lgan shifokorlik haqida to’xtalib o’tsangiz?
-Xalqimizda yurtimiz tinch, el salomat bo’lsa bas, degan ibora yuradi. Bu bejiz aytilmagan. Har ikkisi hamroh ekan xamisha baxtiyorlik, shodu xurramlik xukm suradi. Ana shuni dildan his etgan tumanimiz tibbiyot xodimlari xalqimizning bebaho boyligi, salomatligi yo’lida sidqidildan xizmat qilib kelmoqdalar. Tibbiyot sohasi ko’p tarmoqli bo’lib u shifo izlab kelgan bemorga tashxislar qo’yish yoxud davolash bilan chegaralanib qolmaydi. Avvalo, turli kasalliklarni oldini olish, aholini sanitariya-gigiena, tibbiy bilim va ko’nikmalarini chuqurlashtirish, bugungi shiddatli davrda fuqarolarimizni dunyoning turli mamlakatlarida qayd etilayotgan hafli yuqumli kasalliklaridan muhofaza etish singari vazifalar ham borki bu har bir tibbiyot xodimidan mas’uliyat bilan ishlashni talab etadi.
-Bugungi kunda tibbiyot birlashmasida qanday muhim vazifalar olib borilmoqda?
-Fuqarolar sog’liq-salomatligiga qayerdaki katta e’tibor berilib, davlat ahamiyatidagi soha darajasiga ko’tarilgandagina o’sha joyda oldinga intilish, rivojlanish bo’ladi. Avvalo, biz sog’lomlashtirish tizimida islohotlarni izchil amalga oshirish, aholiga qulaylik yaratish maqsadida xizmat turlarini yangicha shakllantirishga bor kuchimizni sarflayapmiz. Shuningdek birlashmamizda faoliyat ko’rsatayotgan tibbiyot xodimlarining kasb malakalarini yanada oshirishni zaruriyat deb bilyapmiz. Ayni kunda mehnat qilayotgan shifokorlarimizning 64 nafari oliy, 25 nafarlari esa birinchi toifali ekanliklari ham buning natijasidir.
-Bugungi kunda tumanimizda nechta tibbiyot muassasalari faoliyati yo’lga qo’yilgan?
-Ayni kunda 352 o’ringa ega bo’lgan markaziy shifoxona, 6 ta qishloq oilaviy poliklinikalari, 3 ta qishloq vrachlik punktlari, markaziy ko’p tarmoqli poliklinika 201 ming 248 nafar aholiga malakali tibbiy xizmat ko’rsatib kelinmoqda.
-Qaysi sohani olmaylik unda malakali xodimlar bo’lib, doimo mazkur sohaning rivojlanishi hamda yosh mutaxassislarga ustoz vazifasida faoliyat olib borayotganlari bo’ladi. Tuman tibbiyot birlashmasi misolida iqtidor va mahorat egalari haqida to’xtalib o’tsangiz?
-Albatta o’zining bilimi va tajribasi, izlanishi, intiluvchanligi bilan avvalo jamoa hamda el hurmatini qozonayotgan shifokorlar to’g’risida bugun qancha gapirilsa shuncha oz. Bu borada o’z kasbini ko’p yillardan beri sharaflab kelayotgan shifokorlardan bolalar bo’limi mudiri B. Mirzayev, ichki kasalliklar bo’limi shifokori S. Hayitova, shifokorlardan M.Akramov, V.Tashlanov, 54-qishloq oilaviy poliklinika mudiri M.Mirzaalieva, 52-qishloq oilaviy poliklinika mudiri M.Meliboyev, 57-qishloq oilaviy poliklinika mudiri B.Fozilov, Xolmatobod qishloq vrachlik punkti mudiri A.Ahmedov, Q.Abduvaliyev qishloq vrachlik punkti mudiri V.Xaitov singari hamkasblarimizni ko’rsatish mumkin. Tibbiyot xodimlarimiz nafaqat aholi salomatligi yo’lida xizmat qilib kelishmoqda balki viloyat va tuman miqyosida o’tkazilayotgan turli tadbirlarda faol qatnashib faxrli o’rinlarni egallashmoqda.
-Joriy yilda tuman tibbiyot birlashmasi muassasalarida qanday qurilish ta’mirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan?
-Joriy yilda markaziy shifoxonaning shoshilinch tibbiy yordam va jonlantirish bo’limlari rekonstruktsiya qilinsa, qabul diognostika va rejali xirurgiya bo’limlari esa yangitdan quriladi.
-Tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyatining qabul kunlari va ishonch telefonlari haqida tanishtirib o’tsangiz.
-Tuman tibbiyot birlashmasi rahbarlarining qabul kunlari aholining taklif va istaklaridan kelib chiqib har kuni tashkil etilmoqda. Shuningdek 73 238-04-29 raqamli ishonch telefoni doimiy ishlamoqda.
-Albatta tibbiyot sohasida tez tibbiy yordam bo’limining faoliyati alohida o’rin tutadi. Bizning tez tibbiy yordam bo’limimiz faoliyati qay darajada?
-Tumanimizda jami 15 ta tez tibbiy yordam avtoulovlari bo’lib, bu standart normativga mos keladi. Tez tibbiy yordam markazi va 11 ta tez tibbiy yordam shahobchalari aholiga sifatli tibbiy xizmat ko’rsatmoqda. Fuqarolarga tez va sifatli tibbiy yordam ko’rsatish maqsadida qishloq oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlari qoshida tez tibbiy yordam shahobchalari tashkil etilgan. Dori-darmon bilan to’liq ta’minlanib, har bir chaqiruv uchun 4 ming 750 so’mlik dori-darmon ishlatilmoqda. Maxsus tez tibbiy yordam ko’rsatish maqsadida reanimobil jamoa tashkil etilib, kerakli jonlantirish jihozlari bilan ta’minlangan.
-Bitiruvchilarni ishga jalb etish bo’yicha, shuningdek yoshlarni tibbiyot sohasiga bo’lgan qiziqishlarini yanada oshirish, shifokorlik kasbini tanlashlari uchun tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan qanday ishlar olib borilmoqda?
-Hozirgi kunda maktab o’quvchilarining tibbiyot sohasiga bo’lgan qiziqishlari maqtovga arzigulik. Buni biz joylarda yosh avlod bilan bo’layotgan uchrashuvlarda his qilmoqdamiz. Shuningdek 2019 yilda tumanimizdan tibbiyot oliygohlariga qabul qilingan yoshlarning soni 22 nafarni tashkil qilganligi ham so’zimizning isbotidir.
-Tursunali aka, Sizga mazmunli suhbat uchun minnatdorchiligimni bildiraman. Uylaymanki, tuman hokimligining Axborot xizmati va tuman tibbiyot birlashmasining o’zaro hamkorligi bardavom bo’ladi. Mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizga esa muvafaqqiyatlar tilab qolaman. E’tiboringiz uchun rahmat!
Furqatjon Qodirov suhbatlashdi.