Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
OILA TINCH BO’LSA, VATAN TINCH BO’LADI
2020-01-30 18:57:39 227
Majburiy ijro byurosi tuman bo’limining joriy yil 15 yanvar kungi yozishmasiga asosan 16 yanvar kuni tuman hokimining “Tumanda oilaviy ajrimlarni oldini olish to’g’risida”gi 66-sonli qarori qabul qilinganligi, mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida oilalardagi mavjud muammolarni bartaraf etish, yarashtirish, ajrashishlarni oldini olish va kamaytirishga qaratilgan ishlar samaradorligini yanada oshirish uchun doimiy faoliyat olib boruvchi Ishchi guruhi shakllantirilganligi haqida avval ham habar bergan edik.
Ishchi guruhi a’zolari tomonidan o’tgan haftada o’tkazilgan kengaytirilgan yig’ilishda qaror ijrosini to’liq ta’minlash bo’yicha joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan talab va takliflari o’rganib chiqilib, yillik reja tasdiqlangan. Mazkur rejaga muvofiq huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni munosabati bilan 22-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida “Oila tinch bo’lsa, Vatan tinch bo’ladi” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbir bo’lib o’tdi. Tadbirga barcha ishchi guruh a’zolari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mahalla fuqarolar yig’inlari xodimlari, yarashtirish komissiyasi a’zolari, tumandagi imom-xatiblar va otinoyilar jalb qilindi.
Tadbirda tuman majburiy ijro byurosi tomonidan taklif qilingan 48 nafar aliment to’lovchilar, 15 nafar aliment oluvchilar, shuningdek tuman Xotin-qizlar qo’mitasi tomonidan taklif qilingan 20 ta nomurosa va nizoli oilalarning ishtiroki ta’minlandi.
Tadbirni tuman “Oila” markazi rahbari M.Qoraboyeva olib borib oila azaldan jamiyatimizda muqaddas dargoh hisoblanishi, uni asrab-avaylash har bir oila a’zosining, ayniqsa er va xotinning asosiy vazifasi ekanligiga alohida e’tibor qaratdi. Notiq tomonidan tadbir davomida aytilgan she’riy baytlar, hadislar va voqealar ishtirokchilar tomonidan yuksak baholandi.
Shuningdek, tuman prokurori A.Xudoyberganov, tuman IIB boshlig’i D.Madayupov, tuman “Nuroniy” jamg’armasi raisi O’.Karimov, Majburiy ijro byurosi tuman bo’limi rahbari Sh.Mirzamatovlar ham oila haqida, unda ota-onaning o’rni, er va xotin munosabatlari, farzandlar tarbiyasi haqida o’z tushunchalarini berib o’tdilar.
Ishchi guruhi tomonidan o’rganilgan 6 ta ajrashish yoqasiga kelgan oilalarning 3 tasi tadbir davomida keng jamoatchilik ishtirokida yarashtirilgan bo’lsa, 3 tasiga yarashishlari va o’rtadagi munosabatlarini tiklashlari uchun bir hafta muddat berildi. Shuningdek 3 nafar aliment pullarini muntazam to’lamay kelayotgan qarzdor fuqarolarning ishlari ham tuman ma’muriy sudi tomonidan mazmunan ko’rib chiqilib, bir nafarlariga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi, ikki nafarlarining murojaatiga hamda insoniylik tamoyili asosida bir haftalik muddat berildi.
Tadbirning eng esda qolarli va ta’sirli qismi 22-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi “Yosh aktyorlar” jamoasi tomonidan tayyorlangan sahna ko’rinishi bo’ldi. Ishtirokchilarning ko’pchiligi sahna ko’rinishi orqali o’z hayot yo’llarini o’zgartirishga oilalarni asrab-avaylashga xulosa qilganliklarini ta’kidlab o’tdilar.
Tadbir so’ngida tuman hokimligi va tuman Majburiy ijro byurosi tomonidan tashkilotchilarga, tuman “Oila” markazi rahbari M.Qoraboyevaga hamda 22-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining “Yosh aktyorlar” jamoasiga alohida minnatdorchilik bildirildi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati.