Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
KITOB – MA’NAVIYAT KO’ZGUSI
2020-02-05 17:15:40 662
tumanimizdagi 26-umumiy o’rta ta’lim maktabida “Kitobxonlar bayrami” haftaligi davom etmoqda
O’zbekiston qahramoni, adabiyotshunos olim Ozod Sharofiddinovning farzandlariga aytgan so’nggi so’zi avlodlarga bir vasiyatdek yangraydi: “Kitoblarimni asranglar, mening eng katta boyligim mana shu kitoblar edi...”
Ha, barcha ezguliklar boshi – kitob. Kitobsiz kelajakni tasavvur qilib bo’lmaydi. Kitob inson ma’naviyatining mezonidir. Yurtimizda kitob va kitobxonlikka e’tibor kunning dolzarb masalasiga aylangan. Maktab o’quvchilarining ma’naviyatini yuksaltirish va bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida 5 ta muhim tashabbusning to’rtinchi yo’nalishi, aynan, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o’rtasida kitobxonlikni keng targ’ib qilish bo’yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo’naltirilgan. Bundan tashqari, “Yosh kitobxon”, “Kitobxonlar bayrami” haftaliklari o’quvchilarni badiiy adabiyotga bo’lgan qiziqishlarini tobora orttirmoqda.
Kitobxonlik, avvalo, oiladan boshlanadi, bevosita bu ezgu ishlar ta’lim muassasasida davom etadi. Jumladan, tuman xalq ta’limi bo’limi tasarrufidagi 26-o’rta ta’lim maktabining kutubxonasi badiiy adabiyotlarga boyligi va kutubxona mudirasi Dilrabo Yusupaliyevaning jonkuyarligi, o’z ishining ustasi ekanligi bilan o’rnak bo’lsa arziydi. Maktab kutubxona mudirasi o’z vazifasiga mas’uliyat bilan qaraydigan xodimlardan. Shuning uchun kutubxona doimo o’quvchilar bilan gavjum. O’quvchilar o’zlari qiziqtirgan javobni kutubxonadan topadilar. Maktabda muntazam o’tkazib kelinayotgan “Kitobxonlar bayrami” haftaligiga esa o’quvchilarning qiziqishlari tobora ortib bormoqda.
-Bu haftada Asqad Muxtorning “Chinor” romani haqida o’quvchilarga ma’lumot beramiz. Faol kitobxonlarimizdan 10-sinf o’quvchisi Q.Ma’rupov asar asosida sahna ko’rinishlari tayyorlashga kirishgan. Shuningdek kuni kecha boshlang’ich sinf ota-onalari o’rtasida “Eng yaxshi sovg’a” kitobxonlik tadbiri o’tkazildi. Ota-onalarining sovg’a qilgan badiiy adabiyotlarni qo’liga olgan bolalarning ko’zlaridagi quvonchni ta’riflashga so’z ojiz,-deydi D.Yusupaliyeva.
O’zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov shunday yozadilar: “Kitob o’qiydigan va o’qiyotgan odamning yuzida farishtasi bo’ladi”. Azizlar, o’zimizga savol berib ko’raylik, farishta yuzli farzandlarimiz hozir qaysi kitob mutolaasi bilan band?!
Yu.Mamatqulova,
26-o’rta ta’lim maktabi o’qituvchisi.