Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“Hokim va yoshlar” uchrashuvi
2020-02-10 21:49:56 298
Farg’ona vodiysining 22 ta qishloq tumanlarida aholida zamonaviy ishbilarmonlik va biznes ko’nikmalarini shakllantirish bo’yicha boshlangan ijobiy tajribani barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etishimiz kerak. Joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga oid tadbirkorlik tashabbuslarini, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo’llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berish zarur.
Tuman hokimi, 1-sektor rahbari Shuhratjon Abdusalomovning uch yuzdan ortiq yoshlar bilan uchrashuvi 19-maktabda tashkillandi. Unda tumanimiz maktablari, kasb-hunar kollejlarida o’zining a’lo o’qishi, jamoat ishidagi faol ishtiroki bilan tengdoshlari hurmatini qozonayotgan, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, xizmat ko’rsatish va boshqa sohalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar vakillari ishtirok etdilar. Uchrashuv avvalida yoshlarimiz uchun tashkillangan mehnat yarmarkasi, hududdagi har bir ta’lim muassasalari tomonida iqtidorli o’quvchilar tayyorlagan turli ko’rgazmalar namoyishi, tuman madaniyat bo’limi va “Rayhon” ashula va raqs xalq dastasi tomonidan kontsert dasturi, sportchi yoshlarning ko’rinishlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Uchrashuvda tuman hokimi mamlakatimizda o’tgan uch yilda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash bo’yicha 43 ta qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar qabul qilinganligi, 70 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilganligi, shuningdek yoshlarning yangi tashkiloti – O’zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etilib, yurtimizda 30 iyun– Yoshlar kuni deb e’lon qilinganligi borasida o’z fikr-mulohazalarini bildirib o’tdi. Shuningdek, 2019 yil 27 dekabr kuni ham yoshlarimizda katta taassurot qoldirganligi, Muhtaram Yurtboshimiz Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktabda yoshlar bilan uchrashib, bugungi shiddatli o’zgarishlarni hammadan ko’proq his etadigan yoshlarimiz zamon talablariga uyg’un bo’lish bilan birga, o’zligini, milliy qadriyatlarini ham hech qachon unutmasligini ta’kidlaganliklariga alohida urg’u berdi.
Shundan so’ng yoshlar bilan samimiy muloqot o’tkazildi. Muloqotda yoshlarimiz tomonidan 38 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 21 tasi joyida hal etildi, 9 tasi ko’rib chiqilishi nazoratga olingan bo’lsa, 8 tasiga esa tushuntirishlar berildi.
So’nggi yillarda yoshlar masalalariga alohida ehtibor qaratilmoqda. Ayniqsa yoshlar masalalari davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan. Jumladan, davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida jonbozlik ko’rsatib, mamlakatimizning xalqaro obro’-e’tiborini yuksaltirishga hissa qo’shayotgan 84 nafar yoshlar “Mard o’g’lon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. Bu yoshlar orasida tumanimiz yoshlarining ham borligi biz uchun sharaflidir. Farg’ona Politeknika instituti ilmiy bo’lim boshlig’i qo’rg’onchalik Abdullo Homidov “Kelajak bunyodkori” medali bilan, yana bir zarkentlik Elyorbek esa fidokorona mehnatlari uchun “Mard o’g’lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan. A.Homidov ham uchrashuv davomida so’zga chiqib, yoshlarimizning o’qib o’rganishlari, dunyoqarashlarini o’stirishlari uchun nafaqat respublikamizda, balki tumanimizda ham keng qamrovli ishlar olib borilayotganligini ta’kidlab o’tdi.
Albatta, bugun barcha sohalarda bilimli, siyosiy va ijtimoiy faol, xalq manfaatini o’z shaxsiy manfaatidan ustun qo’yadigan, halol va jonkuyar, yosh rahbarlarga e’tiyoj tobora ortib bormoqda. Tumanimizda ham dunyoqarashi keng, kreativ fikrlaydigan, muammoli vaziyatlarda to’g’ri qarorlar qabul qila oladigan yoshlar mas’uliyatli vazifalarga tayinlanmoqda.
Tumanimizda yoshlarning biznes loyihalarini qo’llab-quvvatlash uchun “Yoshlar – kelajagimiz”, “Har bir oila –tadbirkor”, “Xotin qizlarni va oilani qo’llab-quvvatlash” davlat dasturlari doirasida ham ko’plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yigit-qizlarning biznes tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini yo’lga qo’yishlari uchun keyingi ikki yilda barcha manbalar hisobidan qariyb mingga yaqin yoshlarga 50 milliard so’mga yaqin kreditlar ajratildi.
Birgina “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida 20 milliard so’m kreditlar ilk bor tadbirkorlik bilan shug’ullanayotgan yoshlarning 147 ta loyihasini amalga oshirish uchun yo’naltirildi.
Tadbirkorlik faoliyatlarini yo’lga qo’yishlari uchun tumanimiz yoshlariga davlat dasturi asosida 2019 yilning o’zida 14 milliard so’m mablag’ ajratilgan bo’lib shu kunga qadar barcha yosh tadbirkorlarimizga kreditlar to’liq ajratib berildi. Buning natijasida yoshlar tadbirkorligi asosida 465 ta yangi ish o’rinlari yaratildi. Yoshlarimizga yanada qulaylik yaratish maqsadida 11 ta mehnat guzari qurib foydalanishga topshirildi va 70 dan ortiq yoshlarimiz doimiy ish o’rniga ega bo’ldilar.
Uchrashuvda tuman hokimi joriy yil 30 iyun – Yoshlar kuniga sovg’a sifatida tumanimiz markazida O’zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi va yoshlar uchun, ularning talab hamda istaklarini inobatga olib “Yoshlar markazi” qurilishi rejalashtirilib, mazkur ishlar uchun 1 milliard 500 million so’m mablag’ ajratilganlikini ta’kidlab o’tdi.
Tadbir davomida turli sport va san’at bellashuvlarida tumanimiz shahnini munosib himoya qilgan hamda muloqot davomida faol ishtirok etgan yoshlarimizga tuman hokimligi va O’zbekiston yoshlar ittifoqi tuman Kengashining esdalik sovg’alari topshirildi. Shuningdek tuman hokimi tashabbusi bilan sport oyligi o’tkazilishi, g’olib va sovrindorlar munosib taqdirlanishi ilgari surildi.
Yuz ko’zlarida baxtiyorlik, jo’shqinlik, ertangi kunga bo’lgan ishonch, yuksak orzular barq urib turgan tumanimiz yoshlari kelajakda oilasi, ota-onasi, hur Vatanimizni sevib ardoqlaydigan, u bilan faxrlanadigan, hamda uning ravnaqiga o’zining munosib hissasini qo’sha oladigan barkamol insonlar bo’lib yetishishlariga albatta ishonamiz. Chunki kelajagi buyuk bo’lgan shu aziz Vatanimizning suyangan tog’i, ertangi kuni albatta yoshlarimizdir.
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring, chunki bugungi uchrashuv ko’plab iste’dod va iqtidor sohiblarini biz uchun kashf etdi. Ular haqida ham batafsil ma’lumotlar berib borishni rejalashtirib oldik.
Toshloq tumani hokimligi Axborot xizmati.