Shrift o'lchami Rang Rasm

www.toshloq.uz


<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 40 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi


ISM – INSON KO’RKIDIR

×

 2020-02-11 18:50:51    3416

PDF yuklash
Chop etish


daryolar teskari oqmaydi yoxud millat ma'naviyatiga bog’liq tushuncha

Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, inson qulog’iga eng yoqimli eshitiluvchi so’z uning ismi ekan. Binobarin, ism – inson ko’rkidir. Ba’zilar esa ismni hayot bilan bog’liq deb o’ylashadi. Inson kelajagiga ta’sir etib uning hayotidagi muhim voqea-hodisalar sababchisi deguvchilar ham bor, albatta. Siz-chi, siz nima deb o’ylaysiz?!

Qadimdan yangi tug’ilgan go’dakka ism qo’yish an’ana va rasm-rusum bo’lib kelgan. Bu esa ota-ona uchun farz sanalgan. Xalqimizning qadimiy urf-odatlariga ko’ra, oilada ilk farzand tug’ilganda uning ismini ota tomonidan bobosi yo buvisi tanlaydi. Biroq nadomatlarkim, yosh bo’la turib ota-onalik baxtiga muyassar bo’lgan yoshlarimiz hech ikkilanmasdan boshqa millatga xos bo’lgan ismlarni qo’yayotganliklari kishini o’yga toldiradi.

Farzandiga kinofilm qahramonlari, estrada yulduzlari, taniqli qo’shiqchilar ismlarini qo’yish ham urf bo’lgan. Masalan, Ziyoda, Rayhon, Shabbona, Sevinch, Ozodbek, Asilbek, Ulug’bek kabi ismlari… Albatta, buning biror bir yomon tomoni yo’q. Lekin, qizig’i, bolasining ismini “Jumong”, “Sosiona”, “Sharlotta”, “Ishani” qo’yaman deb turib oladiganlar ham uchrab turadi.

-Bir necha yil avval, FHDYO bo’limiga farzandiga tug’ilish guvohnomasi olish uchun kelgan M. ismli shaxs o’g’liga “Jumong” ismini qo’yishini aytib barchamizni hayratlantirdi. Bu yigitga ismlar adabiyotini berib milliyligimizga xos bo’lgan nomlarni aytib bergan yordamimiz zoye ketdi. Uydagilarning noroziligiga sabab bo’lgan ism tufayli, o’sha fuqaro ertasi kuni guvohnomani olib kelib, ota-onasi qo’ygan ismga almashtirib ketdi,-deydi biz bilan suhbatda tuman FHDYO bo’limi mudirasi D.Qo’ziyeva. -Ayrim fuqarolar esa ism tanlashda yordam berishimizni so’rab qolishadi. Ularga ismlar yozilgan adabiyotlardan beramiz. Har holda bunday masalada yoshlarimiz oiladagi ko’pni ko’rgan kattalarimiz bilan maslahatlashib ish tutsalar, foydadan holi bo’lmaydi, albatta.

Ba’zi ota-onalar ism qo’yish haqida farzandlari dunyoga kelishidan oldinroq o’ylab qo’yadilar. Biror ajdod xotirasi uchun, fazilatli tanish-bilishlaridan biriga havas qilib, bolam ham shu insondek bo’lsin, ularning ismlarini qo’yadilar. Hadislarda ham ota-ona oldidagi farzlardan biri farzandga yaxshi ism qo’yish ekanligi ta’kidlanadi.

1935 yildan – 1990 yillargacha bo’lgan tug’ilganlikni qayd etish dalolatnoma yozuvlarida o’zbek ismlarini transkriptsiya, ya’ni ruscha talaffuzda yozilganligi ko’zga tashlanadi. Deylik, Jo’rabek – Djurabek, G’ani – Gani, Ibrohim – Ibragim tarzida yozilgani kabi. Bu holat keyingi avlodlar familiyalarini qayd etishda o’z salbiy ta’sirini o’zgartirib qolmasdan, ismlarning milliy shakl xususiyatlariga ham ta’sir qiladi. Bundan tashqari, ism-familiyalarning bu tarzda buzib yozilishi jiddiy muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Har bir insonga ism qo’yish - uni sharaflashdir, deyiladi muqaddas kitoblarda. Shunday ekan, farzandlarimizga shunday ismlar qo’yaylikki, bugun yangroq eshitilgan ism vaqtlar o’tib eskirmasin yoki bola ulg’ayganda uning ismiga tog’a, xola yohud buvi, bobo so’zlari qo’shib aytilganda qiyinchilik tug’dirmasin.

Axir, bizning bugungi orzularimiz, yaxshi niyatlarimiz farzandlarimiz kelajagiga hamoxang bo’lmog’i darkor. Kunlar o’tib o’g’il-qizlarimiz o’z ismlari bilan faxrlanib yursinlar.

Furqatjon QODIROV.