Shrift o'lchami Rang Rasm

www.toshloq.uz


<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 22 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi


SUD - ADOLAT QO’RG’ONI

 2020-02-18 19:12:18    276

PDF yuklash
Chop etish


Mamlakatimizda sud-huquq sohasini yuksaltirish, uni chin ma’noda inson huquq va erkinliklarini himoya qiladigan sohaga aylantirish borasida juda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Sud-huquq sohasining muhim bo’g’ini hisoblangan sud tizimida olib borilayotgan islohotlar o’z samarasini berayotganligini Prezidentimiz joriy yilning 24 yanvar kunida Oliy Majlisga yo’llagan murojaatlarida alohida ta’kidlab o’tdilar.

Jumladan, 2016 yilga qadar sud tomonidan umuman oqlov hukmi chiqarilmagan bir vaziyatda, 2017-2019 yillarda juda ham ko’plab oqlov hukmlari chiqarilganligi, shaxsga qo’yilgan asossiz ayblovlar olib tashlanayotganligi, sud zalining o’zidan juda ham ko’plab shaxslar ozod qilinganliginini Prezidentimiz o’z murojaatlarida ta’kidlab o’tdilar va endi galdagi asosiy vazifa sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, har bir sud binosiga kelgan shaxs mamlakatimizda adolat qaror topayotganligiga ishonch hosil qilishini ta’minlashdan iboratligini belgiladilar.

Jinoyat ishlari bo’yicha Toshloq tuman sudining 2019 yil davomida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati tuman hududida qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilikning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, kelgusida fuqarolarning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarga rioya qilish ruhida tarbiyalashga qaratildi.

Jumladan, 2019 yil davomida tuman sudi tomonidan 120  nafar shaxsga nisbatan 100  ta jinoyat ishlari ko’rilib, mazmunan hal qilindi.

Bu ko’rsatkich 2018 yilning shu davriga nisbatan shaxslar bo’yicha  25 foizga, ishlar bo’yicha esa 18,7 foizga kamayishiga erishildi.

Jinoyat oqibatida yetkazilgan 1.035.010.449 so’m moddiy zararni qoplagan 12 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazolar tayinlangan, 92 nafar shaxs jazoni o’tashdan muddatidan avval shartli ozod qilingan, 21 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo’yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgan yoki qayta malakalangan.

Shuningdek, 2019 yil davomida mahalla fuqarolar yig’inlari kafilligi asosida 4 ta jinoyat ishi 7 nafar shaxslarga nisbatan ko’rilgan bo’lib, ushbu shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazolar tayinlangan, 1 nafar shaxs mahalla fuqarolar yig’ini kafolat xati asosida sud zalida qamoqdan ozod qilingan, 1 ta jinoyat ishi  1 nafar shaxsga nisbatan xotin-qizlar qo’mitasi kafilligi asosida ko’rib chiqilib, ushbu 1 nafar ayolga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazo tayinlangan va sud zalida qamoqdan ozod qilingan.

Xususan, fuqaro Z.Saloxutdinova N.Hoshimov bilan o’rtalarida bo’lib o’tgan shaxsiy munosabatlar N.Hoshimov oila a’zolari uchun sir saqlanganidan foydalanib, 2019 yil yanvar oyi boshlarida N.Hoshimov uchun sir saqlanishi lozim bo’lgan ma’lumotlarni uning oila a’zolari va boshqalarga oshkor qilish bilan qo’rqitib, N.Hoshimovdan oshkor qilmaslik evaziga 500 AQSH dollari pularni berishni talab qilgan. Ushbu pullardan 100.000 so’mini 2019 yil yanvar oyi boshlarida N.Hoshimovdan olib, qolgan pullarni 2019 yil 16 yanvar kuni N.Hoshimovdan olayotganida huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan ushlangan.

Z.Saloxutdinovaga nisbatan sudning 2019 yil 30 apreldagi hukmi bilan xotin-qizlar qo’mitasi kafilligi asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazo tayinlanib, u sud zalining o’zidan qamoqdan ozod qilingan. 

Sud tomonidan ko’rilgan jinoyat ishlarini soha va hududlar bo’yicha tahlil qilganimizda “Toshloq Paxta tozalash zavodi” OAJ, Toshloq tumanlararo gaz ta’minoti uchastkasi, tuman Madaniyat bo’limi, tuman “Ermulkkadastr” davlat unitar korxonasi mansabdor, moddiy javobgar shaxslari hamda ishchi-xodimlari tomonidan o’zlashtirish yoki rastrata yo’li bilan talon-toroj qilish (JKning 167-moddasi), firibgarlik (JKning 168-moddasi), pora berish (JKning 211-moddasi), hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish (JKning 228-moddasi) bilan bog’liq jinoyatlar, Toshloq tumani Furqat, Qanjirg’a, Zarkent, Yakkovut mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi fuqarolar tomonidan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o’tkazish maqsadini ko’zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar (JKning 276-moddasi) bilan bog’liq jinoyatlar, Ko’lariq mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi fuqarolar tomonidan o’g’irlik (JKning 169-moddasi) bilan bog’liq jinoyatlar, Quyi Yakkatut, So’kchilik, Yuqoriqishloq, Arabmozor, Qumariq, Xo’jaariq, Yakkovut, Qipchoqariq, O’zbekiston mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi fuqarolar tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish (JKning 266-moddasi) bilan bog’liq jinoyatlar sodir etilganligini kuzatish mumkin.

Sud tomonidan yuqoridagi jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar o’rganilib chiqilganida, yuqorida qayd etilgan mahalla fuqarolar yig’ini raislari, mahalla faollari, profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla hududida istiqomat qiluvchi fuqarolar o’rtasida jinoyatlarni sodir etilishi yuzasidan muntazam ravishda tushintirish hamda tarbiyaviy ishlar olib borilmaganligi, mahalladagi fuqarolar o’rtasida jinoyatchilikni oldini olish borasida yetarli chora-tadbirlar ko’rmaganliklari ayon bo’ldi.

Sud ushbu salbiy holatlarni bartaraf etish bo’yicha jami 79 ta, shu jumladan mahalla fuqarolar yig’inlariga 38 ta, tashkilot va korxonalarga 41 ta xususiy ajrimlar chiqarish yo’li bilan munosabat bildirgan.

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, Prezidentimizning Parlamentga yo’llagan murojaatnomasidagi sud tizimi oldiga qo’yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun sud tizimida faoliyat olib borayotgan sudyalar va sud xodimlaridan, avvalo, faoliyatlarida qonun ustuvorligiga qat’iy rioya qilgan holda, korrupsiyaning har qanday ko’rinishlariga, sud faoliyatiga asossiz aralashuvlariga murosasiz bo’lgan holda ish olib borishlari talab qilinadi.

Davlatimiz rahbari yana ta’kidlaganlaridek, tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik kundalik faoliyatimiz mezoni bo’lishi kerak. Shunda adolat qo’rg’oni mustahkam bo’ladi.

Jinoyat ishlari bo’yicha Toshloq tuman sudi kelgusida ham qonun ustivorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgan faoliyatini muntazam olib boradi.


A.Habibullayev,

jinoyat ishlari bo’yicha Toshloq tuman sudi raisi.