Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“SUD VA YOSHLAR” UCHRASHUVI
2020-02-24 18:50:20 296
Mamlakatimizda aholi keng qatlami, xususan, yoshlar bilan ochiq ruhdagi muloqotlar tashkil etilayotgani navqiron avlodning siyosiy va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan, jamiyat taraqqiyotiga o’z hissasini qo’shishga qodir, jismoniy va ma’naviy yetuk avlodni kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Zero, har birimiz farzandlarimizni sog’lom va har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashni, ularning baxt-saodati, yorug’ kelajagini ko’rishni niyat qilamiz.
Ayni vaqtda mamlakatimizda sodir etilayotgan jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning ma’lum bir qismi yoshlar va o’smirlar tomonidan amalga oshirilayotgani ham achchiq haqiqat. “Kasalni davolagandan ko’ra, uning oldini olgan ma’qul”, deyilganidek, ijtimoiy taraqqiyotimizga g’ov bo’ladigan illatlarning fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlar o’rtasida sodir etilishining oldini olish – bugungi kunning dolzarb masalasidir.
Yuqoridagilarni oldini olish choralarini ko’rish yuzasidan Tog’liq mahalla fuqarolar yig’ini hududidagi 10-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabi binosida jinoyat ishlari bo’yicha tuman sudining raisi A.Xabibullayevning yoshlar bilan uchrashuvi samarali tadbirlardan biri bo’ldi. Tadbirda yig’ilgan yoshlarga sud raisi tomonidan yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurash, sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Shundan so’ng yoshlarning sud tizimi va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, sud-huquq tizimidagi islohotlardan boxabar etish, ularni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida tuman IIB tomonidan jinoyat sodir etganligi uchun jazo o’tayotgan mahkumlarning jazolarini muddatidan oldin ozod qilish masalasi bo’yicha taqdimnomalarini ko’rib chiqishga o’tildi.
Yoshlarning ishtirokida jinoyat sodir etib jazo o’tayotgan mahkumlarga oid ish materiallari sayyor sud majlisida ko’rib chiqildi. Ushbu sud protsessini kuzatgan yoshlarning huquqiy bilimlari, amaliy ko’nikmalari yanada shakllantirildi. Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan o’zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Shundan so’ng mahkumlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari ko’rsatilib, ularni oldini olish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
H.Omonov,
jinoyat ishlari bo’yicha Toshloq tumani sudining sudya yordamchisi.
Sh.Shermatov,
jinoyat ishlari bo’yicha Farg’ona viloyat sudi katta mutaxassisi.