Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Tuman hokimining birinchi o’rinbosari B.Sultanovning Xalq deputatlari tuman Kengashining oltinchi chaqiriq ikkinchi sessiyasidagi AXBOROTI
2020-02-25 19:39:30 317
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PQ-4231-sonli qaroriga muvofiq Toshloq tumanidagi tijorat bank filiallari tomonidan ajratilgan kredit mablag’lari bo’yicha tuman hokimining birinchi o’rinbosari B.Sultanovning Xalq deputatlari tuman Kengashining oltinchi chaqiriq ikkinchi sessiyasidagi AXBOROTI
Mamalakatimizda aholining bandligi va daromadlarining barqaror o’sishini ta’minlashga doir vazifalarni hal etishda tobora muhim rol tutayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, rag’batlantirish va qo’llab-quvvatlashga yanada ustivor ahamiyat berilmoqda.
Bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tashabbuslari bilan ishlab chiqilgan “2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustivor yo’nalishi bo’yicha harakatlar strategiyasi”ning uchinchi yo’nalishida “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish” ustivor yo’nalishlardan biri etib belgilangan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 7 martdagi 4231-sonli qarorning qabul qilinishidan ko’zlangan asosiy maqsad, hududlarda oilalarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, ularning barqaror va qo’shimcha daromad manbaiga ega bo’lishiga, milliy hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirilishiga, yosh tadbirkorlikning istiqbolli g’oyalari va loyihalari ro’yobga chiqishiga hamda aholining bandligini ta’minlashga zamin yaratish, shu bilan birga, aholini mehnat orqali daromad topishiga bo’lgan qiziqishini oshirish, ayniqsa muhtoj oilalarning hunarmandchilik, kasanachilik va boshqa tadbirkorlik faoliyatini, shuningdek, hududlarda foydalanilmayotgan binolarda ishlab chiqarish va xizmatlar ko’rsatishni, aholi tomorqalari va bo’sh ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bilan bog’liq loyihalarni imtiyozli shartlarda moliyalashtirishni tizimli ravishda davom etirishdir hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlanishiga har tomonlama ko’maklashish va mazkur yo’nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etishni ta’minlashdir.
Hurmatli deputatlar, sessiya qatnashchilari!
Barchamizga ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 mart kungi PQ-4231-sonli qarorini hududlarda ijrosini ta’minlash maqsadida, shu mazmunda Farg’ona viloyati hokimining 2019 yil 13 mart kuni 95-sonli hamda Toshloq tumani hokimining 2019 yil 20 mart kuni 1492-sonli qarorlari qabul qilingan.
Mazkur qarorlarga muvofiq, 2019 yil davomida tumandagi tijorat bank filiallari tomonidan 928 nafar fuqarolarga jami 14 313,0 mln.so’m miqdorida imtiyozli kredit mablag’lari ajratildi.
Ushbu ajratilgan imtiyozli kredit mablag’larini yo’nalishlar kesimida tahlil qilinganda umumiy ajratilgan kredit mablag’lariga nisbatan,
Ishlab chiqarish dastgohlari uchun - 1906,6 mln so’m, (13,3 foiz);
Issiqxona qurish uchun - 2 242,6 mln so’m, (15,7 foiz);
Qoramol uchun - 1 846,0 mln so’m, (12,9 foiz);
Qo’ychilik uchun - 7 988,7 mln so’m, (55,8 foiz);
Asalarichilik uchun - 135,5 mln so’m, (0,9 foiz);
Parrandachilik uchun - 193,6 mln so’m, (1,4 foiz);
Mazkur raqamlarga e’tibor beradigan bo’lsak, umumiy ajratilgan mablag’ning 68,7 foizi, ya’ni 9 834,7 mln. so’m mablag’ qoramol va qo’ychilik yo’nalishlariga to’g’ri kelmoqda, shundan tuman Agrobanki tomonidan - 6 117,0 mln so’m, (42,7 foizi), tuman Xalq banki tomonidan - 3 717,5 mln so’m, (26,0 foizi) hissalariga to’g’ri kelmoqda.
Mazkur imtiyozli kredit mablag’lari, eng avvalo aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali bandligini ta’minlash, ularning barqaror va qo’shimcha daromad manbaiga ega bo’lish, yoshlarning biznes g’oyalarini amalga oshirishga har tomonlama ko’maklashish, ayniqsa muhtoj oilalarning hunarmandchilik, kasanachilik va boshqa tadbirkorlik faoliyatlarini yanada rivojlanishiga hamda xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan.
Vaholanki, dastlabki ma’lumotlarga ko’ra 2019 yilning 1 yanvar holatiga tumanda ishsizlar soni - 8062 ta tashkil etgan bo’lsa, 2020 yilning 1 yanvar kuniga ushbu ko’rsatkich - 8422 tani tashkil etmoqda, bundan ko’rinib turibdiki 360 taga oshgan.
Bundan tashqari hududlarning o’ziga xos hususiyatini hisobga olib, «bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili asosida har bir mahallani aniq bir yo’nalishga ixtisoslashtirish, imtiyozli kreditlarni mavjud sharoit va oilalarning xohish-istaklari inobatga olingan holda kredit mablag’lari ajratilishiga e’tibor qaratilmaganligi;
-Aholi va muhtoj oilalarni foydali mehnatga jalb etgan holda eksportbop, bozor talabiga to’liq javob beradigan qishloq xo’jaligi va sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish jarayonini qamrab olgan klasterlar tashkil etilmaganligi;
-“Obod qishloq” dasuriga kiritilgan Nayman, Xotinqumi va Do’stlik mahalla fuqarolari yig’inlarida tashkil etilgan xizmat ko’rsatish va servis sohalariga imtiyozli kredit mablag’lari ajratilmaganligi;
- 2019 yil davomida ko’p ish o’rinlari yaratiladigan va aniq maqsadli loyihalardan faqat 1 ta trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bo’yicha “Sarvinoz Mashhura Shod Dil” MCHJga, bu ham bo’lsa “Uzsanoatqurilishbank” Farg’ona fililali tomonidan 400,0 mln. so’m miqdorida imtiyozli kredit mablag’i ajratilgan, buning natijasida 85 nafar ishsiz fuqarolar ish bilan ta’minlangan;
Bundan ko’rinib turibdiki, tumanimizdagi ATB “Agrobank” va DT “Xalq bank” filiallari boshqaruvchilari va kredit bo’limi boshliqlari tomonidan hududlarda uyma-uy yurib aholiga imtiyozli kredit mablag’larini berilishidan ko’zlangan maqsad va avzalliklarini tushuntira olmaganliklari, shuningdek tumanda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxona rahbarlari bilan yo’nalishlar kesimida suhbatlar o’tkazilmaganligi yoki o’z mijozlari bilan tushuntirish ishlarini yetarli darajada amalga oshrilmaganligi natijasida maqsadli va ko’p ish o’rinlari yaratishga ixtisoslashgan loyihalar ishlab chiqilmagan.
Tijorat banklari tomonidan qoramol va qo’ychilik yo’nalishida 9834,7 mln so’m kredit mablag’lari ajratilishiga qaramasdan, ajratilagan kreditlar hisobidan chorvachilik yo’nalishida yangitdan fermer xo’jaligi tashkil etilmagan, mavjudlarida esa sut va go’shtni qayta ishlab chiqarish bo’yicha maqsadli loyihalar amalga oshirilmagan.
2019 yil davomida tijorat bank filiallari tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit mablag’laridan maqsadli va yangi ish o’rinlari yaratilishi ko’zda tutgan holda chorvachilik yo’nalishlarida ajratilgan jami 9 834,7 mln so’mi(68,7 foiz) joyiga borib monitoring o’tkazilganda, ajratilgan imtiyozli kredit mablag’lar fuqarolar tomonidan maqsadsiz boshqa yo’nalishlarga ishlatilganligi yoki olingan chorva hayvonlar olib kelinib, uzog’i bilan bir hafta saqlab, so’ng sotib yuborilgani va sotilgandagi naqd pullar boshqa maqsadlarda sarflangani ma’lum bo’ldi. Jumladan:
ATB “Agrobank” tuman filiali tomonidan Guzarboshi mahalla fuqarolari yig’inida yashovchi fuqaro Abdullayeva Mashxuraoy Alijonovna, Quyi Yakkatut mahalla fuqarolari yig’inida yashovchi fuqaro Ahmedova Mashxura Xolmatovna, Axshak mahalla fuqarolari yig’inida yashovchi fuqaro Qodirov Umidjon Abdullajon o’g’li, Sadda mahalla fuqarolari yig’inida yashovchi fuqaro Fozilov Doniyor Yulchiboyevichlarga chorvachilik yo’nalishida imtiyozli kredit mablag’lari ajratilgan, lekin ushbu fuqarolar tomonidan olingan chorva hayvonlari sotib yuborilgan, ushbu holat yuzasidan belgilangan muddatlarda qayta tiklash choralari ko’rildi.
DT “Xalq banki” tuman filiali tomonidan Zarkent mahalla fuqarolari yig’inida yashovchi fuqaro Egamberdiyev Shuhrat Tursunovich, Jarqishloq mahalla fuqarolari yig’inida yashovchi fuqarolar Sotvoldiyev Davronjon Rahmonaliyevich, Azimova Shoxida Erkinjonovna, Varzak mahalla fuqarolari yig’inida yashovchi fuqaro Matkarimova Layloxon Egamberdiyevnalarga chorvachilik yo’nalishida imtiyozli kredit mablag’lari ajratilgan, lekin fuqarolar tomonidan olingan chorva hayvonlari sotib yuborilgan, ushbu holat yuzasidan belgilangan muddatlarda qayta tiklash choralari ko’rildi.
Farg’ona viloyati hokimligi va matasaddi boshqarmalar tomonidan viloyat dasturlari doirasida avval ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarilishi hisobidan 2020 yilda kreditlash uchun shakllantiriladigan resurs mablag’larining maqsadli parametrlari 2019 yil 22 dekabrda tasdiqlangan.
Mazkur tasdiqlangan maqsadli parametrlarga asosan, Toshloq tumanida dasturlar doirasida avval ajratilgan imtiyozli kreditlarning qaytarilishi hisobidan 2020 yilda kreditlash uchun shakllantiriladigan resurs mablag’larining maqsadli parametrlari ishlab chiqildi va mutasaddi bo’limlar tomonidan tasdiqlandi. Jumladan:
Toshloq tumani tijorat banklari uchun jami 18 570,0 mln. so’m miqdorida 6 ta yo’nalishlar kesimida imtiyozli kredit mablag’lari ajratilishi belgilangan.
-“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida - 9 637,0 mln. so’m;
-“Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish” dasturi doirasida - 631,0 mln. so’m;
-“Yoshlar-Kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida – 5 559,0 mln. so’m;
-“Fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish” dasturi doirasida - 358,0 mln. so’m;
-“Xotin-qizlarni va oilani qo’llab-quvvatlash” dasturi doirasida - 1 068,0 mln. so’m;
-“Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish” dasturi doirasida - 1 317,0 mln. so’mni tashkil etadi.
O’zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan qabul qilingan qarorlarining talablarida belgilangan vazifalarni yo’nalishlar kesimida o’z muddatida va samarali ijrosini ta’minlash hamda o’tgan yil davomida yo’l qo’yilgan xato va kamchiliklarni joriy yilda takrorlamaslik choralarini ko’rish yuzasidan quyidagi vazifalarni amalga oshirish maqsadga muvofiq bo’ladi:
1.Tumanda aholining bandligi va daromadlarining barqaror o’sishini ta’minlashga doir chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish;
2.Tijorat bank filiallariga biriktirilgan sektorlarda mavjud ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish va savdo-vositachilik faoliyatlarini amalga oshirib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan individual tartibda ishlashni yo’lga qo’yishi orqali, mavjud ish o’rinlarini saqlab qolgan holda, yangi ko’p ish o’rinlari yaratishga ixtisoslashgan va maqsadli loyihalarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
3.Tijorat bank filiallariga biriktirilgan sektorlarda oilalarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish choralarini ko’rish orqali, milliy hunarmandchilik, xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash va yosh tadbirkorlarning istiqbolli loyihalarini amalga oshirilishi yuzasidan maqsadli loyihalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
4.Tuman dasturlari doirasida avval ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarilishi hisobidan joriy yilda kreditlash uchun shakllantiriladigan resurs mablag’laridan maqsadli va oqilona foydalanish choralarini ko’rish;
5. Tijorat bank filiallarining boshqaruvchilari tomonidan har chorak yakuni bilan yo’nalishlar kesimida ajratilgan imtiyozli kredit mablag’lari va ulardan maqsadli foydalanish holatlari, ishlab chiqilgan loyihalarning ijrosi va yaratilgan yangi ish o’rinlari hamda yuridik maqomga ega bo’lgan oilaviy korxonalar sonini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar bo’yicha Xalq deputatlari tuman kengashiga hisobot berib borish;
6. Tijorat bank filiallarining boshqaruvchilari tomonidan tumanda ishbilarmonlik muhitini yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va qo’llab-quvvatlash borasida, shuningdek, hududlardagi muhtoj oilalarni tadbirkorlikka jalb etish orqali turmush darajasini yaxshilash borasida o’z takliflarini Xalq deputatlari tuman kengashiga taqdim etib borish choralarini ko’rish hamda birgalikda mazkur masalalarni hal etish yuzasidan qo’shma “Yo’l xaritalari”ni ishlab chiqish va ijroga qaratish choralarini ko’rish;
7. Tuman ATB “Agroabnk” filiali uchun ajratilgan - 11 499,0 mln. so’m kredit mablag’larining sektorlar kesimida quyidagi tartibda taqsimlanadi:
1-sektorga, tuman hokimi hududida joylashgan 11 ta mahalla fuqarolari yig’inlari uchun - 4 463,0 mln. so’m;
3-sektorga, tuman Ichki ishlar bo’limi boshlig’i hududida joylashgan 17 ta mahalla fuqarolari yig’inlari uchun – 7 036,0 mln. so’m;
Tuman AT “Xalq banki” uchun ajratilgan 7 071,0 mln so’m kredit mablag’larining sektorlar kesimida quyidagi tartibda taqsimlanadi:
2-sektorga, tuman tuman prokurori hududida joylashgan 13 ta mahalla fuqarolari yig’inlari uchun – 3 268,8 mln. so’m;
4-sektorga, tuman Davlat soliq inspektsiyasi boshlig’i hududida joylashgan 17 ta mahalla fuqarolari yig’inlari uchun – 3 803,2 mln. so’mlar taqsimot qilinsa nazorat tartibida ushbu mablag’lardan maqsadli va samarali foydalaniladi.
8.Tijorat bank filiallari tomonidan ajratiladigan kreditlarning asosiy qismini ishlab chiqarish va hududlarni ixtisoslashuvidan kelib chiqgan holda issiqxonalar tashkil etish yo’nalishlariga ajratilishini taklif qilaman.
E’tiboringiz uchun rahmat!