Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Aytsam tilim, aytmasam... yohud 31-o’rta ta’lim maktabining buguni haqida
2020-03-04 18:51:38 302
Avvalroq Xonaqa mahallasida fuqaro murojaati bo’yicha olib borilgan o’rganish haqida xabar bergan edik. Hozir yana bu masalaga qaytish istagimiz yo’q. Eslaganimiz boisi, murojaatda “Xususan, 31-umumta’lim maktabida sport zali yo’q. Jismoniy tarbiya mashg’ulotlari qish oylarida sinfxonalarda bir amallab o’tkazilib kelinadi”, deyilgan. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida ushbu ta’lim dargohiga tashrif buyurdik.
Tashrifimiz unchalik uzoq vaqt davom etadi deb o’ylamagandik. Sport zaliga kirdik. Moslashtirigan bino. Issiqlik ta’minoti yo’q. Darhaqiqat qish oylarida kichik sinf o’quvchilari o’z xonalarida sport mashg’ulotlarini o’tishgani, yuqori sinf o’quvchilari esa sport zalidan foydalanganliklari, havo harorati iliq bo’lgan kunlari esa tashqi sport maydonlaridan foydalanganliklari aniqlandi. Tabiyki, maktabning tashqi sport maydonlari bilan ham tanishdik.
Bu esa bizning tashrifimizning cho’zilishiga sabab bo’ldi. Chunki, ta’lim muassasasining orqa tarafida joylashgan sport maydonchalari ham umuman talabga javob bermaydi. Barchasi tartibsizlik, beparvolik, va albatta loqaydlik hukmron ekanligidan dalolat berdi.
Maktab chiqindixonasi ham e’tiborimizni tortdi. Nahot kelajak vorislari kamol topayotgan dargohda bunday chiqindi uyumlari bo’lsa, pashsha va boshqa hashoratlarga ham “Vatan” tayyorlangan bo’lsa... Hayratlanarli emasmi?
“Yurish”imiz davom etdi. Maktabning himoya devorlari ham ko’rimsiz, achinarli ahvolda. Maktabning yana bir chekka qismida esa birgina plita havfli holatda turibdi(aytishlaricha, uzoq yillardan buyon hech kimga havf solmagan emish), xatto yoniga borgani biz ham o’ylanib qoldik. Ketayotib yo’lak yonidagi bir xandaq(o’ra) nigohimizni tortdi. Chuqurligi ikki yarim metr, yuzasi to’rt kvadrat bo’lgan maxsus joy(kimyo labaratoriyasi xonasining chiqindilari chiqadigan, to’kiladigan joy ekan)ning ust qismi yog’och, beton va boshqa jismlar bilan qo’lbola qilib berkitilgan. Aytgancha, bu yerga hech bir o’quvchining tushib ketmasligiga ham kafolat beruvchi ta’lim dargohidan topilmadi.
Filmlarda, ijtimoiy tarmoqlarda ko’rgan tartibsiz, tashlandiq joylar ko’z oldimda gavdalandi. Aytishingiz mumkin, anchagina oshirib yubordingiz deb. Lekin bularni yozyapman-u, ko’rganlarim ko’z oldimdan kino tasmasidek bir-bir o’tmoqda. Mayli kutamiz, tuman xalq ta’limi bo’limi bizning ko’rganlarimizga xolisona baho berishini. Tuman hokimligining Axborot xizmati tomonidan olingan suratlar bizni “himoya” qilib qolar?!
Tekshirish oson, bajarish qiyin, deyishadi. Biz tekshirmadik, ko’rganlarimizga xolisona baho berdik xolos. Ayniqsa, ta’lim muassasalarining har bir qarichi uchun xo’jalik ishlari xodimlari biriktirilgan, ularga maoshlar tayinlangan. Chunki yoshlarimiz pokiza, obod bo’lgan joylarda tahsil olishi nazarda tutilgan. Mazkur maktabning ana shuday xodimlari bugun qaysi ish bilan band, bunisi bizga qorong’u. Biz ko’rgan, bilgan maktablarda ahvol unday emas. Jamoaning har bir a’zosi belgilangan vazifaga chin ko’ngildan yondoshadi. Rahbarning yonida kamarbasta bo’lib, yukning yarmini ko’tarayotganlar qancha. Birdamlik, hamjihatlik bo’lgan jamoada, salohiyatli rahbar bo’lgan dargohda hech qachon yuqoridagi kabi holatlar bo’lmaydi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati.