Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
MUNOSIB HISSA QO’SHYAPMIZMI?
2020-04-20 18:24:18 265
Koronavirus pandemiyasi butun dunyo hamjamiyatini larzaga solishda davom etmoqda. Bugungi kunda barcha davlat va hukumat rahbarlarining kun tartibidagi asosiy vazifa pandemiyaga qarshi samarali kurashni tashkil etish orqali virusning tarqalishini oldini olish, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, narx-navoni barqaror ushlab turish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar va iqtisodiyotning qon-tomiri bo’lgan tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlash bo’lyapti.
Bu baloga qarshi kurashish faqatgina Prezident va hukumatning vazifasi, kasallik meni va mening oilamni chetlab o’tadi, deb fikrlaydiganlar qattiq yanglishadilar. Yagona va eng to’g’ri yo’l hukumat, har bir fuqaro, tadbirkorlik sub’ektlari va jamoatchilikning bir tanu bir jon bo’lib, birlashib, ushbu kasallikga qarshi mardonavor kurashishidir. Qat’iy intizom, ma’suliyat, sabr-toqat, jipslik va fidoyilik bilan xitoyliklar ushbu baloni yengish mumkin ekanligini amalda isbotlab berdilar. Singapur, Janubiy Koreya va Yaponiya xalqining ham metin irodasi, gigienaga asoslangan kundalik turmush tarzi, hukumat tomonidan qabul qilingan qaror va talablarga hurmat va itoatkorlik mazkur davlatlarda pandemiyani jilovlash imkonini berdi.
Afsuski, odamlarning tibbiy choralarga mas’uliyatsizligi va hukumat tomonidan pandemiyaga qarshi kurashish ishlarini to’g’ri tashkil etilmaganligi oqibatida dunyoning mana-man degan, eng rivojlangan davlatlardagi ayanchli holatlarga ham guvoh bo’lmoqdamiz.
Epidimologik vaziyatni jilovlash va aholi salomatligini himoya qilish bo’yicha mamlakatimizda barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi bir oyda pandemiyaning iqtisodiyotimizga salbiy ta’sirini yumshatish va barcha aholi qatlamlarini muhofaza qilishga qaratilgan Prezident farmonlaridan 3 tasi qabul qilindi. Xo’sh, biz fuqarolar, Prezidentimizning, hukumatning jon kuydirib qilayotgan sayi-harakatlarini qo’llab-quvvatlab, munosib hissa qo’sha olyapmizmi?
Ming afsuski, olib borilayotgan tushuntirish va ogohlantirish ishlariga qaramay, ba’zi bir fuqarolar virusning qanchalik xavfli ekanligini tushunib yetmayaptilar, koronavirusga qarshi kurashish komissiyasi qaror va talablariga mas’uliyatsizlik bilan qaramoqdalar. Karantin qoidalarini buzish, saqlanayotgan hududddan qochib ketish, ayrim oilalarda ommaviy tadbir o’tkazilishini hali ham davom etishini qanday izohlash mumkin?
Ba’zi hollarda odamlarning, jamiyat a’zolarining ham bir-birlariga bo’lgan munosobatlari kishini o’ylantirib qo’ymoqda. Bunday murakkab vaziyatda bir-birlariga tasalli berish o’rninga, ko’ngillarini ranjitishmoqda. Afsuski, fuqarolarimiz karantin so’zini mohiyatini to’liq tushunib yetishmayapti. Karantinda saqlanayotgan fuqarolar va ularning oila a’zolarini mahalla-kuyda obro’lariga putur yetkazish, nojo’ya gaplar tarqatish holatlari ham uchrab turibdi. Vaholanki, bugungi kunda kasallik tarqalishini oldini olish uchun 100 mingdan ortiq fuqaro karantinga olingan. Fuqarolarimiz karantinga olinish bu inson kasallangan degan ma’noni anglatmasligini, faqatgina ehtiyot choralarini ko’rish maqsadida muayyan muddatga izolyatsiya qilish holati ekanligini yaxshi tushunib yetishlari kerak.
SHu o’rinda karantinda saqlanayotgan ba’zi bir noshukur fuqarolar davlatimiz tomonidan ular uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilganiga qaramasdan, “nohaq karantinga olinganman” degan vaj bilan o’z hayotini xavf ostiga qo’yib, fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlariga qo’pol munosabatda bo’layotganlari ham uchrab qolmoqda.
Yuqoridagi kabi salbiy holatlarni oldini olish maqsadida kasalligi aniqlanmasdan turib, noto’g’ri ma’lumot tarqatib, insonlarning obro’ va sha’niga putur yetkazuvchi g’alamis insonlar, bugungi kunning haqiqiy qahramonlari hisoblanmish shifokorlarni haqorat qiluvchi noshukur fuqarolarga insof tilaymiz. Bunday holatlar sodir bo’lishini oldini olish maqsadida bunday fuqarolarga nisbatan jazo choralarini qo’llash ham maqsadga muvoffiq bo’ladi deb hisoblayman.
Muqaddas dinimizda barcha yaxshilik va yomonliklar Alloh ta’loning irodasi bilan amalga oshishi aytib o’tilgan. Albatta, bugungi qiyin va sinovli kunlar ortda qoladi. Shunday murakkab vaziyatda qilgan yaxshi amallarimiz, mehrimiz va saxovatimiz tarixda qoladi.
Nodirbek TILAVOLDIEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo’mitasi raisining o’rinbosari