Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
TOSHLOQ TUMANI GʻALLAKORLARI REJANI ORTIGʻI BILAN BAJARDI
2023-06-26 16:04:33 204
Tumanimiz g‘allakorlari el-yurt oldidagi chuqur mas’uliyatni his etgan holda har yilgidek bu yil ham astoydil va uyushqoqlik bilan ishlab don sotish shartnoma rejasini viloyatda yetakchilardan bo‘lib uddalashga muvaffaq bo‘ldilar. Bug‘doy parvarishlangan 5070 gektar yerning har gektari hisobiga o‘rtacha 80 syentnerdanga yetkazib sara don yig‘ishtirib olinib 13561 tonna g‘alla sotildi.
Tumanimiz g‘allakorlari avvalo g‘allaning o‘z vaqtida, me’yorida, sifatli qilib tayyorlangan maydonlarga ekilishini ta’minlay oldilar. Peshma-pesh sug‘orilgan maydonlarda urug‘ bir tekis unib chiqib to‘liq gektarlar yaratildi. Ekish barobarida mineral va mahalliy o‘g‘itlar solishga e’tibor berilganligi ko‘chatlarning bir tekis rivojlanish imkoniyatini berdi.
Gʻallachilik sohasidagi barcha agrotexnik tadbirlar izchil olib borildi. Ayniqsa kuzgi qishki, bahorgi mavsumda ham ekinlarni payhongarchiliklardan saqlash, oziqlantirish, sug‘orish, paykallar boshlariga sharbat chuqurlari hozirlab ekinlarga mahalliy o‘g‘it oqizish singari ishlarda sur’at va sifat birligi ta’minlandi.
Mana bugun ana shu mehnat va zahmatlarning samarasi ko‘rindi. Shartnoma rejasi muvaffaqiyat bilan uddalandi. O‘rim-yig‘imning o‘z vaqtida, uyushqoqlik bilan o‘tkazilishi uchun izchil tadbirlar tuzilib amalga oshirilganligi yutuqlarimiz garovi bo‘ldi. Mavsumda joylarda tashkillangan 15 ta o‘rim-yig‘im otryadlarining faoliyati me’yorlashtirib borildi. Tumandagi MMTP hamda qator fermer xo‘jaliklariga qarashli kombaynlar ham bir joyga jamlanib ta’mirlov ishlari markazlashgan holda olib borilganligi o‘z samarasini berdi.
Tumanning katta g‘alla xirmoniga arzigulik ulush qo‘shgan fermerlarimiz to‘g‘risida bugun faxr va iftixor bilan gapirish mumkin. Ayniqsa 100-300 tonnalik g‘alla xirmoni uyib toshloqliklarning dehqonchilikdagi shuhratini yanada yoyish harakatida bo‘layotgan “Ziroatchi”, “Turg‘un Diyorbek saxovati”, “O‘lmas Tohir”, “Vahobjon ota”, “Ahmad Abdulloh ota”, “Otabek Bilolbek ko‘rki”, “Diyorbek Turdaliyev fayzi”, “Yakkatut nuri”, “Turdiali Qodirov”, “Omad”, “Azimjon dala ziynati”, “Zarkent ziynati”, “Umidli tong fayzi” singari fermer xo‘jaliklari sha’niga qancha maqtov gaplar aytsak oz.
Ayni kundagi hisob-kitoblar shuni ko‘rsatyaptiki fermerlarimiz joriy yilda bug‘doy hosildorligi bo‘yicha misli ko‘rilmagan natijalarni qo‘lga kiritdilar. Tumanda shartnoma rejasi ortig‘i bilan bajarilgan hozirgi kunda fermerlarimiz dalalarida xali 2055 gektar o‘rilmagan bug‘doy maydonlari mavjud. Bu g‘allaning nafaqat fermerlarimiz, balki ularning ishlovchilari xonadonlariga ham qut-baraka kiritishi tabiiy albatta.